Uxan

Uxan — Xitoyning Sharqiy qismidagi shahar, Xanshuy daryosining Yantszi daryosiga quyilish yerida. Xubey provintsiyasining ma’muriy markazi. Aholisi 7,3 million kishi (1998, shahar atrofi bilan). Transport yo’llarining muhim chorrahasi. Daryo porti (dengiz kemalari ham kira oladi). Mamlakatning yirik sanoat markazi. Sanoatining yetakchi tarmog’i — qora metallurgiya. Stanoksozlik, energetika, transport, radioelektronika va boshqa sanoat korxonalari faoliyat ko’rsatadi. Xitoy FanlarAkademiyasi filiali, universitet, ilmiy tadqiqot institutlari bor. Shahar 1953 yilda Xankou, Xanyan va Uchan shaharlarining birlashuvidan vujudga kelgan. Hozirgi Uxan o’rnidagi qishloqlar miloddan avvalgi 1-ming yillikdan mavjud bo’lgan. Me’moriy yodgorliklardan 7 yarusli Baota pagodasi (13-asr) saqlangan. Daryolar chetiga Uxanni suv toshqinidan himoya qilish maqsadida dambalar qurilgan.