Usta shirin Murodov

Usta shirin Murodov (1879, Buxoro — 1957.12.2, Toshkent) — me’mor, ganch o’ymakori; O’zbekiston Fanlar Akademiyasining faxriy a’zosi (1943), O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1943). Hunarni otasi usta Murod va bobosi usta Nosirdan o’rgangan, yoshligidan amakisi usta hayot qo’lida qolgan va undan ta’lim olgan. Mustaqil usta sifatida Buxoro amirining Karmanadagi saroyi (Sitorai Mohi Xosa yozlik saroyining Oq zali)ni bezashda katnashib, tanilgan. Usta shirin ijodida ganch o’ymakorligi an’analarini mahorat bilan qo’llagan, ularni yangi mazmun va shakllar bilan boyitgan, ilk bor ish faoliyati (ganch o’ymakorligi) da naqsh zaminida ko’zgudan foydalandi, ya’ni ko’zgu ustiga ganchkori naqshlar ishlab, jozibadorlikka, ajoyib naqsh jilvasiga erishdi. Usta shirin ko’plab klublar, ma’muriy binolarni nafis ganchkorlik naqshlari bilan bezadi: Butunittifoq qishloq xo’jalik ko’rgazmasidagi O’zbekiston, Turkmaniston pavilonlari (1938), Toshkent kuranti, Navoiy teatri (Buxoro zali), Muqimiy teatri, hozirgi Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi va boshqalar; me’moriy obidalarni ta’mirlashda qatnashgan: Ismoil Somoniy maqbarasining buzilgan qismi, Mir Arab madrasasi, Abdulazizxon madrasasi gumbazlarini, Mag’oki Attori masjidi peshtog’ining koshinkori naqshlarini tikladi va boshqalar. Usta shirin ko’plab shogirdlar yetishtirgan: Samarqand ta’mirchilar maktabi, Toshkent qurilish san’ati maktabi (1940— 42), Moskva badiiy san’at bilim yurti (1942-43), P. Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurti (1952— 57)da dars bergan. Respublika (jumladan, Toshkent, Buxoro va boshqalar) dagi maktab, ko’chalarga Usta shirin nomi qo’yilgan; Buxorodagi Sitorai Mohi Xosa hovlisida uning byusti o’rnatilgan. Vafotidan so’ng “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan (2001).