Ujgorod
Ujgorod — Ukrainaning Zakarpate viloyatidagi shahar, viloyat markazi. Sharqiy Karpat tog’larining etagida, Uj daryosining har ikkala sohilida. Temir yo’l stantsiyasi. Shosse yo’llari chorrahasi. Aeroport bor. Aholisi 117,3 ming kishi (2001). Arxeologik tekshirishlarga qaraganda Ujgorod 8-9-asrlarda barpo qilingan va o’sha davrdan Kiyev Rusi, 11- asr oxiridan Vengriya qirolligi tarkibida. 18-asr boshlarida Avstriya (1867 yildan Avstriya-Vengriya) qo’l ostida. 11-asrdan 1918 yilgacha Ungvar deb atalgan. 1938 yil noyabrdan Vengriya tarkibida. 1944 yildan Zakarpate Ukrainasi tarkibida USSR ga kirgan, 1946 yildan Zakarpate viloyati markazi. Asosiy sanoat tarmoqlari: yog’ochsozlik va mebel (faneramebel kombinati), mashinasozlik va priborsozlik (“Ujgorodpribor”, gaz apparaturasi), yengil sanoat (poyabzal, tikuvchilik fabrikalari), uy-ro’zg’or kimyosi, furnitura zavodlari, oziq-ovqat (go’sht, non kombinatlari; margarin zavodi) sanoati. Qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Shahar atrofida tokzorlar bor. Universitet, 2 teatr, badiiy, xalq me’morligi va turmushi, o’lkashunoslik muzeylari, filarmoniya mavjud. Me’moriy yodgorliklardan: qasr (11-asr), kostyol (1762-67), episkop saroyi (hozirgi Universitet kutubxonasi, 17-asr) saqlangan.