Usmon ibn Affon

Usmon ibn Affon (taxminan 575— 656) — dastlabki turt xalifadan uchinchisi (hukmronlik yillari 644-656). Umaviylar kabilasiga mansub. Makkalik boy savdogar. Muhammad (sav)ning dastlabki izdoshlaridan biri. Musulmonlar guruhi bilan Habashistonga ko’chgan, 623 yilda Madinaga kelgan. Usmon avval Payg’ambar (as)ning qizi Ruqiyaga uylangan (taxminan 610), u vafot etgach, Rasululloh ikkinchi qizi Ummu Kulsumni ham u.ga nikohlab bergan (623), shuning uchun “zun-nurayn” — ikki nur egasi, degan nom olgan. Usmon yangi xalifani saylashi lozim bo’lgan sho’ro tomonidan xalifa qilib tayinlangan. Usmon hukmronligi davrida Sosoniylar davlatini fath etish tugallandi, musulmonlarning Tunis va Kavkazorti o’lkalaridagi mavqei mustahkamlandi. Usmonning buyrug’i bilan Qur’oni Karim matni to’planib, bir butun (mushaf) kitob shakliga keltirildi va turli o’lkalarga tarqatildi, masjidi Nabaviy kengaytirilib, qayta ta’mirlandi. Rumo arig’i qazildi. Umrining oxirgi yillarida birinchi bor xalifaga muxolifat yuzaga keldi, qo’shin va viloyatlardagi zodagonlar o’rtasida Usmon siyosatiga qarshi norozilik kuchaydi. Usmon Madinada, Qur’on o’qib turgan chog’ida dushmanlari tomonidan o’ldirilgan.