Uzlat

Uzlat (Arabcha — chekinish; kishilardan chetlashish; uzlat etish — yolg’izlikni ixtiyor qilish) — xoli joy; tanholik; hech nimaga bog’lanmaslik; dunyoning xilmaxil g’avgolaridan forig’lik. Muhammad (sav)ning Hiro tog’ida o’tkazgan Uzlatdagi hayoti sufiylar uchun ibrat va namuna bo’lgan. Tasavvufda Uzlat deyilganda Shayx, pir, murshid rahnamoligida va uning ko’rsatmalariga binoan, muridning maxsus bir go’shada berkinib, ibodat va zikr orqali Alloh bilan zohiran aloqa bog’lashi tushuniladi. Kamida 40 kun davom qiladigan bu jarayonga “chilla o’tirish” deyilgan. Tasavvufda hayotni batamom xilvatda o’tkazish shartligi zinhor targ’ib etilmagan. Tasavvufga ko’ra, Uzlat hayotdan qochish, kundalik turmushdan ajralib yashash, odamlardan bezish emas, balki ma’lum muddat ruhiy kamolotga erishib, yana faoliyatni davom ettirishdir.