Uzoqdan ko’rish, gipermetropiya
Uzoqdan ko’rish, gipermetropiya — ko’z nur sindirish (refraktsiya) me’yorining buzilishi. Odatda, ko’zning nur sindirish xususiyati 3 xil bo’ladi. Birinchisida ko’zga tushgan nurlar to’r pardada sinib, ko’z narsalarni yaxshi, normal ko’radi. Ikkinchisida nurlar fokusi kalta bo’lib, ular to’r pardaga bormay, ko’zning ichida sinib, o’z fokusida yig’iladi. Bunda ko’zning ko’rish xususiyati faqat yaqinga yetadi, bu yaqindan ko’rish deyiladi. Uchinchisida esa ko’zga tashqi muhitdan tushgan nurlar to’r pardadan “ko’zning orqasi”, ya’ni “manfiy masofa”ga o’tib ketadi. Bunda ko’z uzoqdan ham, yaqindan ham yaxshi ko’rmaydi, chunki nurlar fokusi uzokda yotadi; ko’z to’r pardasiga faqat ayrimayrim nurlar tushadiyu, lekin u tashqi muhitdagi buyumlar shaklini to’liq aks ettira olmaydi. Ko’zning nur sindirish xususiyati dioptriya bilan hisoblanib, yosh odamlarda Uzoqdan ko’rish refraktsiyasi ikki yoki ko’pi bilan uch darajagacha bo’lsa, uni akkomodatsiya qoplay oladi va odam 40-50% gacha ko’rishi mumkin. Lekin bunday odamlarning ko’zi tez charchaydi, qizaradi, ko’zi va qovog’ida og’riq seziladi, boshi ogriydi. 40 yoshdan oshgan odamlarda esa, akkomodativ apparat yoshlarnikiday yumshoq va harakatchan bo’lmagani uchun akkomodatsiya kuchi kamayadi. Ular harflarni yaqindan o’qiy olmaydilar. Uzoqdan ko’rish bolalarda g’ilaylikka olib keladi. Uzoqdan ko’ruvchi kishilarga qavariq ko’zli ko’zoynak taqish tavsiya etiladi.