Uy o’simliklari, xona o’simliklari
Uy o’simliklari, xona o’simliklari — uylarda va jamoat xonalarida o’stiriladigan o’simliklar. Tabiiy holda yer sharining tropik va subtropik mintaqalarida o’sadigan o’simliklar uy sharoitida o’stiriladi. Uy o’simliklari 2 guruhga; chiroyli gullaydigan o’simliklar va manzaralibargli (barglari har xil ko’rinishdagi) o’simliklarga bo’linadi. O’zbekistonda aloe, amarillis, begoniya, gulisumbul, kaktus, uy limoni, atirgul, uzambar gunafshasi, Xitoy atirguli, finik palmasi, fuksiya va boshqalar ko’proq o’stiriladi. Uy o’simliklari kompostli, sof tuproq, chimli tuproq aralashmasi to’ldirilgan yog’och, plastmassa, shisha, sopol tuvak va boshqa moslamalarda deraza tokchasida yoki deraza yonida o’stiriladi. Ularni sug’orib turitsh, yoz oylarida mineral o’g’itlar eritmasi bilan (10 l suvga superfosfat, amiakli selitra, kaliy o’g’iti 1, 2,5, 0,5 choy qoshiq nisbatida) oziqlantirish, barglarini yuvib turish zarur. Uy o’simliklari xonaning yuqori haroratiga (20-25°) chidamli. Ularning yaxshi o’sishi uchun havo namligi yuqori bo’lishi kerak. Uy o’simliklarining subtropik turlari (sambitgul va boshqalar) esa qishda harorat 10-12° da yaxshi o’sadi. Uy o’simliklarining ba’zi turlari (masalan, anjir, limon, mandarin, garmdori) mevasi uchun ham o’stiriladi. Yaponiyada qadimdan xonalarda qarag’ay, tilog’och, eman, olxo’ri, olcha kabi pakana daraxtlar o’stiriladi. Ularning o’sishini maxsus usullar bilan sekinlashtirish natijasida pakana o’simliklar hosil bo’lgan. Uy o’simliklari urug’idan yoki qalamchasidan, tuganaklari, piyozi, ildiz bachkasidan ko’paytiriladi. Asosiy zararkunandalari: oqqanotlar, yomg’ir chuvalchangi, qizil kanacha; oranjereya tripsi, shira, oqqurt. Kasalliklari: kul, xloroz va boshqalar. Halima Otaboyeva.