Ural-Mongoliya geosinklinal mintaqasi
Ural-Mongoliya geosinklinal mintaqasi — Uraldan Markaziy Osiyo orqali tinch okean sohillarigacha cho’zilib, quruqlikdagi joylarni egallagan, yer po’stining tektonik harakatdagi mintaqasi. Bu mintaqa g’arbda Sharqiy Yevropa, shimoliy sharqda Sibir, Janubda Xitoy-Koreya platformalari bilan chegaralangan. Janubi g’arbda esa, O’rta dengiz geosinklinal mintaqasi, sharqda Tinch okean geosinklinal mintaqasi bilan birlashadi. Ural-Mongoliya geosinklinal mintaqasi o’rnida tog’larning vujudga kelishi tektogenezning bir necha epoxalari (Baykal, Salair, Kaledon, Gertsin) mobaynida sodir bo’lgan. Mezozoy davriga kelib Ural-Mongoliya geosinklinal mintaqasi yosh platformaga aylangan. Mintaqa rivojlanishining barcha bosqichlari uchun intensiv magmatizm xosdir. Devon va kechki paleozoyning orogen davriga granitlar yirik massivining chuqurlashishi va yirik vulkanlarning yer ustiga otilib chiqishi to’g’ri keladi. Ural-Mongoliya geosinklinal mintaqasida temir, mis, oltin, qo’rg’oshin, rux, qalay, volfram rudalari konlari hamda platina, xrom konlari va toshko’mir uyumlari mavjud.