Ukiyoe

Ukiyoe (yaponcha, aynan — tez oqar dunyo obrazlari)— 17— 19- asrlarda yapon rangtasviri va grafikasida shakllangan badiiy maktab; shahar hayotining o’sishi bilan bog’liq holda yuzaga kelgan; san’atda demokratik an’analarni aks ettirgan. Rangtasvir ustalari va grafik rassomlar orasida “bidzinga” (“go’zallarni tasvirlash”) hamda bu janrga yaqin “yakusyae” (“aktyorlarni tasvirlash”) janri keng tarqaldi. Ularning qahramonlari qiyofalarining tashqi ko’rinishi shartli (tilla zamin, ranglarga boy) bezaklar bilan uyg’unlashtirilgan. Ukiyoeening erkin yo’nalishi grafikada, ayniqsa, yorqin ifodalangan. Ko’plab nusxa olish imkonini beradigan kesma ksilografiya usulida ishlanishi gravyuralarning keng tarqalishini ta’minlagan. Qo’lda ishlangan qizil yoki sariq rangli dastlabki Ukiyoe gravyuralariga keyinchalik 2-3 rangli (asosan, pushti va yashil) bosmada sog’lom, go’zal ayollar (Xisikava Morokobu, Okumura Masanobu) va qo’pol kuchli, kudratli aktyorlarni (Torii Kiyonobu, Torii Kiyomisu) aks ettirish xos bo’lgan. Ukiyoe gravyuralarining keyingi rivoji manzara janrining taraqqiyoti bilan bog’liq bo’ldi; Vatanning ulug’vor obrazlarini yaratgan Kasusika Xokusay, yapon provintsiyalari tabiatini atroflicha ishonarli sodda aks ettirgan Andro Xirosige va boshqlar ijodi bilan belgilanadi.