Ulug’bek madrasasi

Ulug’bek madrasasi – Samarqanddagi me’moriy yodgorlik (1417— 22). Registon ansamblining g’arbida joylashgan. 2 qavatli, to’g’ri to’rtburchak tarxli (56×81 metr). Bosh tarxi maydonga qaragan, mahobatli peshtoq mujassamotida keng toqili ravoq (balandligi 16,5 metr), uning 2 yonida guldastalar (balandligi 32 metr) bor. Ravoq tepasidagi yulduzli osmon aks etgan qanos bezaklari o’ziga xosdir. Guldasta tepasi muqarnas, sharafalar bilan yakunlangan. Peshtoq ravog’i cheti morpech shaklida, tokchasidagi namoyonlar o’ziga xos uslubda pardozlangan. Peshtog’i, guldastasi va tashqi devorlarida girih naqshining turli betakror namunalari aks etgan. Ganchkori panjaralar orqali xonaga yorug’lik tushib turadi. Moviy va ko’k koshin hamda sopol gishtlar vositasida Samarqanddagi Ulug’bek madrasas geometrik naqshlar bilan bezatilgan devor satqi yozuvlar bilan o’zaro uyg’unlashib, ko’zga yaqqol tashlanib turadi. Peshtoq orqali chorsi hovli (30×30 metr)ga o’tiladi. Hovli atrofi 2 qavatli hujralar (48 ta) bilan o’ralgan, har bir qujra qaznoq, yotoqxona, umumiy xonadan iborat. Madrasaning shimol va Janub tarzlari o’rtasida tashqi tomondan alohida peshtoqlar bor. Madrasaning 4 tomonini darsxona va ayvon egallagan. Masjid (22×8 metr) Janubiy Sharqiy tomonga cho’zilgan. Tashqi to’rt burchagida 4 ta baland minora bor. Xonaqoh va ba’zi hujralar ichkarisi naqshin bezaklar bilan pardozlangan. Bezaklari orasida kufiy va suls yozuvlari uchraydi. Vayron bo’lgan 2-qavati, qiyshaygan guldastasi, devorlaridagi ko’chib ketgan bezaklar qayta tiklangan (1936), V. Shuxov va M. Mauerlar loyihasi asosida shimoliy Sharqiy minorasi ta’mirlangan (1932). E. Gendel qiyshaygan minorani o’z qoliga keltirgan (1965). Ta’mirlashda A. Umarov, Sh. G’afurov, K,. Jalilov, I. Shermuhamedov, A. Quliev kabi ustalar qatnashgan. Ulug’bek madrasasi me’moriy shakli, tuzilishi jihatidan O’rta Osiyo me’morligida shu turdagi binolar orasida eng mukammal yuksak san’at namunasi hisoblanadi.