Ulug’tog’, Ulutov
Ulug’tog’, Ulutov — Jezqazg’an (Qozog’iston)dan 100 kilometr shimolda, Sarisu daryosi shimolda joylashgan tog’. 20-asrning 30-yillarida Jezqazg’andan 50 kilometr G’arbdagi Qarsaqpay koni yaqinida Qoramo’la tog’i yon bag’rida yozuvlik tosh topilgan (ermitaj muzeyida saqlanadi). 1391 yil Amir Temur To’xtamishga qarshi yurishi chog’ida Ulug’tog’ga yetib kelib, bir kun ichida uning tepasiga tug’ o’rnatib, qarorgoh qurdirgan va qo’shinga atrofdan tosh to’plab keltirishni va minorasimon inshoot qurishni buyurgan. Toshtaroshlar xarsang toshga 2 tilda — Arab va qadimgi uyg’ur tilida bitik yozganlar. Bitik 11 satrdan iborat bo’lib, 8 satri qadimgi uyg’ur va 3 satri (“Bismillohir rahmonir Rahim”) Arab harfidadir. Bitiktoshda 793 (1391) qo’y yili yoz faslining o’rtasida (Nizomiddin Shomiyning yozishicha, 28 aprel) Turon sultoni Temurbek 200 ming kishilik o’rdusi bilan To’xtamishxonga qarshi safarga chiqqanligi va nishon sifatida shu qo’rg’onni bunyod ettirgani yozilgan. Oradan 200 yil o’tgach, Abdullaxon II ham Soqibqirondan o’rnak olib, Amir Temur qurdirgan minora qarshisida, Ulug’tog’ safaridan yodgorlik sifatida masjid qurdirgan. Bu haqda Hofiz tanish Albuxoriy shunday yozadi: “o’sha kuni (1582 yil 3 may) namozi peshingacha to’xtab lashkarga buyurdiki, “ko’p tosh to’plasinlar”. Buyruqni bajarib to’plangan toshdan oliysha’n u makonda bir masjid bino qildilar. Shu bilan ro’zg’or sahifalarida u balandqadr shohdan bir yodgorlik qoldirdilar. Shunday ishni firdavsmakon, dinu dunyo qutbi Shahriyor Amir Temur Ko’ragon… ham qilgan edi”. Boyqo’ng’ir kosmodromi Ulug’tog’ga yaqin yerda bo’lgani tufayli 20-asrning 2-yarmida bu hududga kirish man etilgan. Manba: Sharafuddin Ali Yazdiy, Zafarnoma, T., 1997; Nizom iddin Shomiy, Zafarnoma, T., 1996; Hofiz tanish alBuxoriy, Abdullanoma, “Sharafnomayi shohiy”, 2-kitob, T., 2000. Ad.: Grekov B. D., Yakubovskiy A. Yu., Zolotaya orda i ee padenie, M., 1950; Materiali po istorii kazaxskix xanstv XV— XVIII vv., AlmaAta, 1969. Faxriddin Hasanov.