Lusaka

Lusaka — Zambiya poytaxti. Mamlakatning siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazi. Mamlakatning Markaziy qismida, 1280 metr balandlikda joylashgan. Aholisi 982 ming kishidan ziyod (1990-yillar o’rtalari). Iqlimi subekvatorial, o’rtacha temperatura yanvarda 20,6°, iyulda 15,5°; yiliga 850 mm chamasida yog’in yog’adi. Transport yo’llarining muhim tuguni, temir yo’l stantsiyasi. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Yirik qishloq xo’jalik rayonining savdo-taqsimot markazi. Yengil, oziq-ovqat, poligrafiya, tsement, metallsozlik sanoati korxonalari, universitet, etnografiya instituti, Afrika tadqiqotlar instituti, kutubxona, teatr, Livingston muzeyi, botanika bog’i bor. Lusaka 1905 yilda Livingston — Broken-Xill temir yo’ldagi stantsiya yonida vujudga kelgan. Shahar erkin reja asosida qurilgan. Lusaka 1935 yildan shimoliy Rodeziya Britaniya protektorati ma’muriy markazi. 1964 yildan mustaqil Zambiya poytaxti.