Lalmikor yerlar, bahorikor yerlar

Lalmikor yerlar, bahorikor yerlar — adir zonasidagi sug’orilmay dehqonchilik qilinadigan yerlar. Lalmi dehqonchilik o’rtacha yillik yog’ingarchilik 200 mm dan yuqori bo’lgan hududlarda tarqalgan. Tuproqda tabiiy namlikni to’plash va uni saqlash, o’g’itlash, begona o’tlarga qarshi kurash, tuproq eroziyasi oldini olish kabi tadbirlar qo’llaniladi. Lalmikor dehqonchilik sug’orish uchun noqulay bo’lgan yerlardan foydalanish imkonini berganligi uchun ham katta iqtisodiy ahamiyatga ega. U, asosan, Afg’oniston, Eron, Turkiya, O’rta Osiyo, Janubiy Qozog’iston va Zakavkazening tog’oldi va vohalari atroflarida tarqalgan. Sug’orish imkonining yaratilishi bilan Lalmikor yerlar sug’oriladigan dehqonchilik maydonlarini kengaytirishda katta rezerv hisoblanadi. Toshkent, Samarqand, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida suv chiqarilgach, Lalmikor yerlarning katta maydonlari sug’orma dehqonchilik r-nlariga aylantirildi. O’zbekistonda lalmi ekin maydoni 734 ming gektar, shu jumladan, uning asosiy qismi (ming gektar) Jizzax (220,9), Qashqadaryo (252,0), Samarqand (175,5) viloyatlarida joylashgan. Bu yerlarning 99,8 ming gektar maydoni yog’ingarchilik bilan yetarli, 553,7 ming gektar maydoni yarim va 89,5 ming gektar maydoni kam ta’minlangan (2003). Sobirjon Azimboyev.