Lavraziya
Lavraziya [Lavrentiy (hozirgi Kanada) qalqoni va Osiyo nomidan]—mezozoy erasida (ayrim manbalar bo’yicha paleozoy erasida va mezozoy erasining boshida) shimoliy yarim shardagi materik va qit’alar — shimoliy Amerika, Yevropa va Osiyoni birlashtirgan ulkan kontinent. Gondvanadan Tetis bilan ajralgan. Lavraziya Yerning geologik tarixidagi eng yirik qit’alardan biri bo’lgan. Lavraziya tarkibidagi qit’a (platforma)lar kaledon va gersin davrlarida kuchli metamorfizmga uchragan bo’lib, murakkab tog’ jinslari (vulkan, granit, granitgneys va karbonat cho’kindilar)dan iborat bo’lgan. Paleozoy oxiriga kelib bu qit’a (platforma)lar yagona quruqlik-qit’ani tashkil etgan. Mezozoyning o’rtalarida, hozirgi Atlantika okeanining shim.da, tektonik harakatlar tufayli u joylarda yer yoriqlari paydo bo’lishi natijasida qit’a katta-kichik bo’laklarga bo’linib ketgan. Lavraziya dastavval Yerning ekvatorial mintakasida joylashganligi va o’zining parchalanishidan keyin mezozoy oxirida shimolga ko’chganligi taxmin qilinadi. Boshqa fikrlarga ko’ra, Lavraziya paleozoyning boshidayoq paydo bo’lgan va toshko’mir davrining oxirida bo’linib ketgan.