Vazn

Vazn (Arabcha — o’lchov, tarozi, og’irlik)— she’rda tovush tuzilishini uyushtirish usuli. Sillabik she’r tuzilishicha bo’g’in va turoq soni, tonik she’r tuzilishi stopalar o’lchovi va soni bilan aniqlanadi. She’riy ritm, ohangdorlik hamda musiqiylikning hosil bo’lishi Vazn va uning xususiyatlariga bog’liq. Vazn she’r bandi bilan aloqador bo’lgan ritm unsuri hisoblanadi. O’zbek she’riyatida ko’p qo’llaniladigan barmoq tizimida misralardagi bo’g’inlarning bir miqdorda va mutanosib holda, turoqlarning bir tekis, ham muayyan tartibda takrorlanib kelishiga asoslanadi. Bunda Vaznlar tuzilishi va musiqiylikni tashkil etishdagi xususiyatlariga ko’ra, sodda, qo’shma va erkin Vaznlarga bo’linadi. Sodda Vaznda she’r misralarining umumiy bo’g’in soni teng bo’ladi. Qo’shma Vaznda she’rlar bandidagi misralarning biri ikkinchisidan biror bo’g’in ortiq yo kam, biror turoq oz yoki ko’p bo’ladi. Qo’shma Vaznda yozilgan she’rlarda 1-va 2 – misralardagi turoq tartibi 3 – va 4 – misralarda takrorlanadi, shu tarzda ritm vujudga keladi. Erkin Vazn vazndan vaznga o’tib turadi. Barmoq tizimida uch bo’g’inlidan, ya’ni uchlikdan o’n yettilikkacha Vaznlar turkumi uchraydi. Aruz Vaznida musiqiylik, ritm misralardagi cho’ziq va qisqa bo’g’inlarning, ruknlarning bir tekisda takrorlanishi orqali hosil bo’ladi. Ummat To’ychiyev.