Lxasa
Lxasa (tibetcha “xudolar makoni”) — Xitoyning Janubiy-g’arbiy qismidagi shahar. Tibet Muxtor rayonnining ma’muriy, iqtisodiy va madaniy markazi. Tibet tog’ligidagi Jichu daryosi (Brahmaputra irmog’i) vodiysida, dengiz sathidan 3650 metr balandlikda joylashgan. Avtomobil yo’llari orqali mamlakatning boshqa tumanlari bilan bog’langan. Aholisi 140 ming kishidan ziyod (1990-yillar o’rtalari). Lxasada oziq-ovqat, yog’ochsozlik, ko’n, metallsozlik, farmatsevtika, mayda mashinasozlik, kimyo korxonalari bor. Hunarmandchilikda gilam to’qiladi, diniy marosim buyumlari tayyorlanadi. Geofizika rasadxonasi, meteorologiya va qishloq xo’jalik tajriba stansiyasi bor. Mahalliy ko’mir asosida issiqlik elektr stansiyasi ishlab turibdi. Qadimda Lxasa o’rnida qo’rg’on bo’lgan. Keyinchalik uning atrofida shahar vujudga kelgan. 7-asrda dastlabki Tibet davlatining poytaxti bo’lgan. 15-17-asrlarda Lxasa Tibetning dunyoviy va buddizm (lamaizm) dinining markazi edi. Shaharning shimoli-g’arbidagi baland qoyali qismida 13 qavatli saroy — Potala saroy-monastiri (Dalay-lama qarorgohi) joylashgan. Uning asosiy qismi — “qizil saroy” oltin bilan bezatilgan. Lxasa yaqinida 3 ibodatxona bor.