Lugansk viloyati
Lugansk viloyati (1970-90 yillarda Voroshilovgrad viloyati) — Ukrainadagi viloyat. 1938 yil 3 iyunda tuzilgan. Maydoni 26,7 ming km2. 18 rayon, 34 shahar, 104 shaharcha bor. Markazi Lugansk shahri. Aholisi 2743 ming kishi (1997). Asosan, ukrainlar, shuningdek, rus, Belorus, yahudiy, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Lugansk viloyati yer yuzasi o’rqirli tekislik. Janubda Donesk qirlari (200-300 metr) joylashgan. Foydali qazilmalari: toshko’mir, ohaktosh, qum, gil. Iqlimi mo’tadil — kontinental. Iyulning o’rtacha temperaturasi 21,8°-23 gradus, yanvarniki -6°, -8°. Yiliga 400-500 mm yog’in yog’adi. Vegetatsiya davri 196-208 kun. Daryolarning ko’pchiligi Severskiy Dones havzasiga mansub. Tuprog’i, asosan, qora tuproq, shuningdek, chimli podzol tuproqlar ham uchraydi. Viloyat yerlarining ko’p qismi haydalgan. 7% maydoni o’rmonzor (qarag’ay, dub, shumtol, zarang). Lugansk viloyati Ukrainaning muhim og’ir sanoat rayoni. Sanoatida ko’mir, metallsozlik, mashinasozlik va kimyo sanoati tarmoqlari yetakchi o’rinda. Toshko’mir qazib olish muhim o’rin egallaydi. Yirik TES va GRESlar qurilgan. Mahalliy koks va Krivoy Rog rudasida ishlaydigan qora metallurgiyaning salmog’i katta. Quvur va g’o’la prokati zavodlari bor. Tegoyuvozsozlik, mashinasozlik, elektromexanika zavodlari ishlab turibdi. Kimyo va koks-kimyo, yengil, oziq-ovqat, sanoatlari ham rivojlangan. Ammiak, kaprolaktam va mineral o’g’itlar, anilin bo’yoqlari, kimyoviy kislotalar va boshqa neorganik mahsulotlar ishlab chiqariladi. Doneskda soda zavodi, Staxanovda qurum zavodlari bor. Qishloq xo’jalik ko’p tarmoqli va mexanizatsiyalashgan. Asosiy ekini g’alla, texnika ekinlari ham ekiladi. Keng maydonda yaylov va pichanzorlar, tok-zor va mevazorlar, bog’lar bor. Chorvachiliqda sut-go’sht chorvachiligi asosiy o’rinda. Qoramol, cho’chqa, qo’y va echki boqiladi. 5 oliy o’quv yurti, 3 muzey, 3 teatr, filarmoniya, telemarkaz, aeroport mavjud.