Latifa

Latifa (Arabcha — mutoyiba, hazil) — xalq hajviyoti janrlaridan, tanqidiy mazmundagi qisqa yumoristik hikoya. Qadimdan O’rta Osiyo xalqlari orasida keng tarqalgan. Latifalar qahramoni jonli va ta’sirchan so’zlaydigan, hazil-mutoyibaga boy, haqiqat va adolatni himoya qiluvchi hozirjavob shaxs. Latifa syujetini qochiriq, kesatik, piching to’la hajviy epizod va holatlar tashkil etadi. Sarguzasht xarakteridagi syujet sodda va lo’nda ifoda etiladi. Latifaning ilk namunalari Yusuf xos Hojibning “Qutadg’u bilig”, Sa’diyning “Guliston” asarlarida uchraydi. Latifa janri 11-asrdan so’ng keng shakllandi va rivoj topdi. Rabg’uziyning “Qissai Rabg’uziy”, Alisher Navoiyning “Xamsa” va boshqa asarlarda xalq orasida ma’lum va mashhur bo’lgan Latifalardan foydalanilgan. Latifa qahramoni o’zbeklarda Afandi, tojiklarda Mushfiqiy, Turkmanlarda Mirali nomi bilan yuritiladi. O’zbek xalq latifalarini dastlab sharif Rizo to’plab, nashr ettirgan (1941). Ad:. O’zbek xalq latifalari, T., 1971.