Lag’mon
Lag’mon (xitoycha “la Myan” — cho’zilgan xamir) — pishitilgan xamir chilvir qilib cho’zilib tayyorlanadigan taom. Xamir qorilgach (0,5 kilogramm unga 1 stakan suv, 1 choy qoshiq tuz hisobida), 1 soatcha tindirish uchun o’rab qo’yiladi. Xamir mushtlab pishitiladi, shu xamirdan qo’lda (yoki maxsus mashinada) Lag’mon xamiri cho’ziladi (yoki yoyilib ugra kesiladi). Lag’mon chilviri bir-biriga yopishib ketmasligi uchun yuziga dog’lab sovitilgan o’simlik moyi surtiladi. Xamirni qaynab turgan tuzli suvga solib, suv yuziga qalqib chiqquncha pishiriladi. Pishgan xamir sovuq suvda chayiladi. Lag’monga qayla tayyorlash uchun go’sht, bulg’or qalampiri va piyoz, sabzi, turp, karam, pomidor, sarimsoq, kartoshka kabi masalliklar to’g’raladi, oshko’klar, jusay mayda qirqiladi. Dog’langan yog’da go’sht, piyoz va sarimsoq, bulg’or qalampiri, pomidor qovuriladi, turp, kartoshka va oshko’klarni solib suv quyiladi. Dasturxonga tortishda likop yoki kosalarda xamiri yuziga qayla solib suziladi. Bir choy qoshiq lozijon solinadi. Lag’monning kesma Lag’mon, cho’zma Lag’mon, qovurma Lag’mon, shiman, shivit oshi va boshqa turlari bor.