ARAVA
ARAVA, aroba — yuk va odam tashishga mo’ljallangan, ulov qo’shib ishlatiladigan qad. transport turi. Arava shoti (aravashoti), tegarchik (g’ildirak) va o’q kabi asosiy qismlardan tuzilgan. Shoti 4,5 metrcha uzunlikdagi ikkita otyog’och (otliq), 8 ta pogona, ikki so’loq va ayg’izdan iborat. Otyog’ochlar Mirzaterakdan ishlanadi. Shoti (oralig’i 70 — 80 santimetr) uchlarida ot bo’yinchasini mahkamlashga xizmat qiladigan bittadan teshiklari bo’ladi. Tegarchik (g’ildirak) gupchak, to’g’in, kegay, bellik, aravatemir, aravamix va yostiq kabi qismlardan iborat. Aravatemir, aravamixlar temirdan, boshqa qismlar qayrag’ochning chayir turi (bujun)dan yasaladi. O’q — yo’g’onligi 40 santimetr, 2,5 metr uzunlikdagi silliqlangan yog’och bo’lib, ikki uchi tegarchik gupchagiga kiritiladi va ustiga aravashoti mindiriladi. Yurganda shoti jilib ketmasligi uchun uning ostiga so’loq o’rnatiladi. Aravalar ikki, uch va to’rt g’ildirakli bo’ladi. Qo’shiladigan ulovga ko’ra, ot Arava, tuya Arava, ho’kiz Arava, eshak Arava kabi xillari farkdanadi. Ba’zi Sharq mamlakatlari (birma, Vetnam, Hindiston) da odam (riksha) tortadigan ikki g’ildirakli Aravalar ham bor. Shakli va tuzilishiga ko’ra, ochiq Arava, soyabonli Arava, ag’darma Arava, katta g’ildirakli Qo’qon Arava, kichik g’ildirakli ko’tak Arava va boshqa xillari bor. Xorazm Aravalari shaklan boshqacharoq bo’lgani uchun Xorazmcha Arava deyiladi. Aravaning ilk namunalari miloddan avvalgi 3-ming yillik oxiriga to’g’ri keladi. Yevrosiyo va shimoliy Afrika hududlaridan Arava tasvirlari ko’plab topilgan. Jangovar Arava lar qadimgi Sharq davlatlari — Bobil, Xitoy, Hindiston va boshqa mamlakat qo’shinlarida bo’lgan. Qadimgi hind qahramonlik eposi “Mahabharata” (miloddan avvalgi 10 — 8-asrlar) da bayon qilinishicha, Shimol va Janubiy Hindiston xalqlari ishtirok etgan buyuk jangda jangovar Aravalarda jang qilingan. Aleksandr (Iskandar Zulqarnayn) ham o’z yurishlarida Aravadan keng foydalangan. Misrliklar ikki g’ildirakli bir kishilik Aravalarda urushishgan. O’zbekiston hududidan sopoldan ishlangan to’rt g’ildirakli (Oltintepa qadimgi shahar xarobasi, miloddan avvalgi 4-ming yillik — 2-ming yilliklar), quyma oltindan mo’jaz ishlangan ikki g’ildirakli (Amudaryo xazshasi, miloddan avvalgi 4 — 2-asrlar) Aravalar topilgan, Afrosiyob devoriy rasmlarida jangovar Arava tasvirlangan, “Boburnoma”da yozilishicha, urushlarda Aravadan mudofaa vositasi (Chep) sifatida foydalanilgan. Dunyo xalqlarining kundalik hayotida Aravaning ahamiyati beqiyos katta bo’lgan. Avtomobil va boshqa transport vositalari yaratilgunga qadar Arava asosiy transport vositasi hisoblangan. Hozir ham xalq xo’jaligida, ayniqsa, qishloq joylarda Aravadan foydalaniladi.