ARAFOT

ARAFOT — Makkadan 20 kilometr narida joylashgan, uzunligi 11 — 12 kilometr va kengligi 6,5 kilometr bo’lgan vodiy. Shimol tomondan tog’ tepaligi bilan o’ralgan, bu tepalik ham Arafot deyiladi. Qurbon oyi (Zilhijja oyi) ning 9-kuni, ya’ni arafa kuni hojilar shu tepalikka chiqib, to Quyosh botgunga qadar ibodat bilan mashg’ul bo’ladilar. Islom manbalaridagi rivoyatga ko’ra, Ibrohim (as)ga Jabroil shu tepalikni ko’rsatib: “shu joy — Arafotdir, bilib oling, haj arkonlari shu yerda kamoliga yetadi, shu yerda gunohlaringizni e’tirof etasiz”, deganlar. Boshqa bir rivoyatda Odam ato bilan Momo Havvo jannatdan chiqarib yuborilganlaridan keyin birbirlari bilan shu yerda uchrashganlar, deyiladi. Arafot tepaligida bir baland joy borki, u yerni “Jabali rahma”, ya’ni “Rahmat tog’i” deyiladi. Muhammad (sav) vafotlaridan 81 kun oldin, hijratning 10-yili Madinadan hajga kelib, arafa kuni shu tepalikka chiqqanlar va oq tuyalarini cho’ktirib, uning ustida turib “Vidolashuv va’z”larini aytganlar. Shu sababli bu joy uzoqdan ko’rinib turishligi uchun ustun shaklida ko’tarilib, oqqa bo’yab qo’yilgan.