“Albom lirikasi” nima?
I. S. Sokolov — Mikitovning esdaliklarida biz shunday tavsifga duch kelamiz: “Babininodagi yangi temiryo’l stantsiyasidan baland ohorlangan yoqali, sariq yo’rmali furajka kiygan olifta telegrafchilar kelishadi-da mushtoq oyimqizlar bilan shirin suhbatlar qurishadi, albomga his-tuyg’u to’la she’rchalar yoza boshlaydilar”. Xo’sh, yozuvchi xotirlayotgan albom nima o’zi? Albom she’riyati sarchashmalarini o’rta asrlar fransuz she’riyatidan izlamoq kerakki, o’sha kezlarda she’rlar, asosan balladalar va rondolar yozib yurgan havaskor shoirlar ularni alohida to’plamlarga qovushtirar edilar. Eng mashhurlaridan biri “Yuz ballada kitobi” bo’lib, unda eng iste’dodlaridan biri — Jan de Senper Senemal boshida turgan professional bo’lmagan shoirlarning she’rlari jamlangandi. To’plamning asosiy mavzusi — ishq-muhabbat mavzusi. Ishq-muhabbat lirikasi juda ommalashgan edi, shuning uchun oshiqona qo’shiqlar to’plamlari dastlab butun Yevropa bo’ylab, tabiiyki, kitob chop etilishi boshlanishi bilan keng tarqala boshladi-da, XVIII asr oxirlari — XIX asr boshlarida ular fransuz madaniyatining kuchli ta’siri ko’zga tashlanib turadigan Rossiyaga ham yetib keladi. XIX asrning birinchi yarmidan e’tiboran Rossiyada, Peterburg va Moskvadagi ko’pdan-ko’p adabiy salonlarda o’ziga xos: qandaydir yozuv, jajji she’r, misra yoki kichik suvratni esdalikka qoldirish modasi vujudga keladi. Agar-da yodingizda bo’lsa, Gogolning “Revizor” komediyasida Marya Antonovna Xlestakovdan uning uchun albomda nimadir esdalikka qoldirishni iltimos qiladi. Arxivlar va kutubxonalarda yuzlab shunga o’xshash albomlar saqlanib qolgan. Ulardan ayrimlari o’sha zamonning ko’zga ko’ringan adabiyot va jamoat arboblari — Z. Volkonskaya, shoira Ye. Rostopchina, taniqli tarixchining umr yo’ldoshi S. Karamzinaga tegishli bo’lgan. Ularda hatto buyuk rus shoirlari va adiblarining noma’lum dastxatlarini ham uchratish mumkin. Pushkin “Yevgeniy Onegin” she’riy romanida aslzodalar albomiga qattiq kinoya qilishiga qaramay, shoir ularning rus madaniyati tarixidagi alohida rolini ko’rsatishga muvaffaq bo’lgan:
Po'rim nazmbozlar na'masi, — Oliymaqom, ajib albomlar, — Tolstoyning tasvir olami, Yo Baratinskiy qalami Jilo bergan matohlar! Qator Bo'ling Tangri qahriga duchor! In—quarto berib bir xonim Mendan dastxat aylasa talab Chulg'ar meni titrog'u g’azab. (Oybek tarjimasi).