Asotiriya nima?

Odamzot uni qurshab turgan dunyo nima uchun aslida qanday bo’lsa, shunday ekanligi xususida har doim o’ylanib kelgan. Inson u yoki bu hodisalar nima sababdan sodir bo’lishining talqinini topishga urinib ko’rgan. Endilikda biz koinotda sodir bo’layotgan hodisalarga ilmiy tushuntirish berishimiz mumkin. Ammo qadimda inson bunday “tushuntirish”ni to’qib chiqarishi lozim edi. Bir tasavvur qiling-a, u qanchadan-qancha tushunarli bo’lmagan hodisalarni tushuntira olmasdi! Nega Quyosh aynan shunday davriylik bilan chiqadi va botadi? Nima uchun yil fasllari mavjud? Yulduzlar nima o’zi va nega ular harakatlanadi? Uning hayotida ham tushunarsiz voqealar sodir bo’lib turar edi. Nima uchun kutilmagan hodisalar sodir bo’ladi? Nega inson kasal bo’ladi? Odamlar qanday paydo bo’lgan va o’lgandan keyin ularning ahvoli handay bo’ladi? Olam va uni tarkib toptiruvchilar qay tariqa yaratilgan? Qadimgi odamlar buningdek savollarni o’z-o’ziga berishgan va ularga javob topishga urinib ko’rishgan. Dunyoning turli go’shalaridagi har xil qavmlarning o’z tushuntirishlari mavjud bo’lgan. Ular qandaydir bir tarzda voqealarni tushuntirib berishgan. Bunday tushuntirishlar darj etilmish rang-barang bo’yoqlarda gavdalantirilgan hikoyalar asotirlar-miflar deb ataladi. Mifologiya-asotiriya jahon xalqlari miflarini o’rganadi. Odamzot o’z asotirlari yordami bilan qadimda o’z dunyosini “insoniylashtirish”ga, “shaxslashtirish”ga urinib ko’rgan. Ya’ni u o’zining tevaragida barcha buyumlarni xuddi o’zi singari fikrlovchi mavjudotlar sanagan, ayrimlarini esa katta kuchga ega deb taxmin qilgan. Barcha buyumlar, hayvonlar, o’simliklar, yulduzlar, daryolar, Quyosh va oy sehrli kuchga sohib ilohlar sanalgan. Ayrim ilohlar ezgu, boshqalari — og’riq, ochlik va ajal keltiruvchi yovuz ilohlar hisoblangan. Inson bunday buyumlarni ilohlar sifatida idrok etgani va ularni fikrlovchi mavjudotlar hisoblagani tufayli odamzot ularga iltimoslar bilan murojaat qilish mumkin, degan taxminga borgan. Agar Quyoshning aqlshuuri bo’lsa demak, undan o’z yog’dularini ekinlari uchun giyohlar sari yo’naltirishni iltimos qilish mumkin. Odamzot yomg’ir ilohiga duolari mustajob bo’lmog’i umidida yomg’ir yog’ishi bilan bog’liq iltimos bilan murojaat qilgan. Bularning barisi turli xildagi marosimlar yoki tantanalar paydo bo’lishiga olib keldi. Ilohga muayyan tartibda murojaat qilish kerak, aks holda Ilohning qahri kelishi ham mumkin edi. Bunday tantanalar va marosimlardan maqsad inson va iloh o’rtasidagi yaxshi munosabatlarni saqlab qolish bo’lgan. Inson shu tarzda voqealarni boshqarish va ularni nazorat qilish mumkin, demak, o’zining hayoti yanada saodatliroq bo’ladi, deb taxmin qilgan.