AMIRIY

AMIRIY, Yusuf Amiriy (15-asr, Hirot) — shoir. Boysunqur Mirzo himoyasida yashagan. Turkiy va forsiyda ijod qilgan. Alisher Navoiy “turk erdi va turkcha she’ri yaxshi voqe bo’libtur” (“Majolis un-nafois”) deb yozsa, Davlatshoh Samarqandiy “Shohrux davrida katta Shuhrat qozondi” (“Tazkirat ush-shuaro”) deb ta’riflaydi. Amiriyning turkiydagi bir devoni hamda “Dahnoma”, “chog’ir va Bang munozarasi” asarlari yetib kelgan. Forsiydagi asarlaridan 2 baytgina ma’lum: biri “Majolis un-nafois”, ikkinchisi Yaqiniyning “O’q va yoy munozarasi”da saqlangan. Devoniga kirgan she’rlarida shoir hayot haqida chuqur falsafiy fikr yuritadi, ishq-muhabbatni ulug’laydi (“Ey ko’za…», “Telbaman”, “Ey ko’ngul” va boshqalar). “Chog’ir va Bang munozarasi” bilan munozara janri imkoniyatlarini boyitdi. Ubayd Zakoniy ta’sirida yozilgan bu asarda amaldorlarning salbiy axloqiy-ma’naviy qiyofalari, xislatlari hajv qilinadi, adovat, johillik, o’zaro qirg’in urushlar qoralanadi. Amiriy “Dahnoma” (1429) asari bilan noma janrini rivojlantirdi. Bu devon nusxasi Turkiyada, “Dahnoma”, “Chog’ir va Bang…” nusxalari Britaniya muzeyida, fotonusxalari O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik va qo’lyozmalar intlarida saqlanadi. Ad:. O’zbek adabiyoti, 4 jildli, 1-jild, T., 1959; Rustamov E., Uzbekskaya poeziya v pervoy Pol. 15 v., M., 1963; O’zbek adabiyoti tarixi, 5 jildli, 1-jild, T., 1977; Abdulvohidova M., O’zbek adabiyotida munozara, T., 1984.