ANEVRIZMA

ANEVRIZMA (Yunoncha aneurysma — kengayish) — tomir devorining cho’zilishi va bo’rtib chiqishi natijasida qon tomir yoki yurak bo’shlig’ining chegaralangan kengayishi. Miokard infarkti, ateroskleroz, zaxm va boshqa kasalliklar, shuningdek shikastlanish (travmatik Anevrizma) sabab bo’ladi. Haqiqiy va soxta Anevrizma kuzatiladi. Haqiqiy Anevrizma arteriya devorining shikastlanmay kengayishidan, soxta Anevrizma esa tomir shikastlanganda devori yorilib, atrofdagi to’qimalarga qon quyilishidan vujudga keladi. Tomir devorining tug’ma nuqsonlari ham Anevrizmaga olib kelishi mumkin. Arterial, venoz va arteriovenoz (arteriya va vena tomirlari teshigining bir-biriga tutashib qolishi) Anevrizma farq qilinadi. Duksimon va qopchiqsimon shakldagi Anevrizma ko’p uchraydi. Belgilari Anevrizmaning o’rni, hajmi va boshqa omillarga bog’liq. Ko’pincha kasallik belgilari yaqqol ko’rinmaydi (simptomsiz kechadi). Anevrizma zararlangan tomir oziqlantiradigan to’qimalarning qon bilan ta’minlanishi buzilishiga sabab bo’ladi, u kattalashib ketganda yaqin joylashgan a’zo va to’qimalarni ezib qo’yishi mumkin. Anevrizma yurakka yaqin joylashgan bo’lsa, yurak faoliyati buziladi. Ba’zan Anevrizmaning yorilishi va qon ketishi kuzatiladi. Anevrizma odatda jarroqlik usuli bilan davolanadi.