Baletning qanaqa turlari mavjud?
An’anaviy yoki mumtoz balet qat’iy qoidalarga va an’analarga amal qiladi. Qo’llar, oyoqlar va barmoqlar uchun andozaviy pozitsiyalar, shuningdek aktyorlarning ohista va xiromon harakatlanishini shartlab qo’yadigan maxsus harakatlar mavjud. Mumtoz baletda musiqa faqat orkestr tomonidan ijro etiladi, ssenariy va ulug’vor liboslar batafsil o’ylab olinadi. Ko’pincha baletda qandaydir voqea hikoya qilinadi, lekin raqsga tushayotganlarning o’zlari biron og’iz ham gapirmaydilar. Ular voqeani mimika (maxsus imo — ishoralar) yordamida, shuningdek o’z jism — tanalari harakatining nazokati bilan “ko’rsatadilar”. Bu esa balet dramaturgiyasi deb ataladigan narsadir. Raqs harakatlarini o’ylab topuvchi, namoyon bo’luvchi sahna qiyofasini yaratuvchi odam xoreograf deb ataladi. Baletning teatr tamoshasi turi sifatida oyoqqa turishi XVIII—XIX asrlar bo’sag’asida ro’y berdi. O’sha davrning ba’zi bir balet tomoshalari san’at tarixidan o’rin olgan. Ularni hanuzga qadar dunyoning ko’plab sahnalarida qayta jonlantiradilar. Masalan, “Jizel” — fransuz kompozitori Adanning musiqasiga balet shulardan biri bo’lib, unda sevgi hijronidan tugab borayotgan yosh qishloqi qizning ta’sirchan va ayni chog’da fojeali tarixi hikoya qilinadi. U ilk marta 1841 yilda sahnashtirilgan edi. Biroq ushbu baletning ikkinchi umri XX asrda, ajoyib balerinalar — A. Pavlova, G. Ulanova, M. Pliseskayalar sahnada porlagan paytlarda boshlanadi. XX asr boshlari san’atida simfonik baletning sahna timsolining teng huquqli tarkib toptiruvchilari raqs va musiqa bo’lgan alohida janri shakllana boshladi. Bunday sahna asarlariga P. Chaykovskiyning “Uyqudagi go’zal” va “Oqqush ko’li”, I. Stravinskiyning “Muqaddas bahor”, “Petrushka”, “Humo”, S. Prokofevning “Zolushka” baletlarini kiritish mumkin. O’zining tashqi ko’rinishi bilan mumtoz baletdan sezilarli farq qiluvchi zamonaviy deb ataladigan balet boshqacharoq tavsifdadir. Eng avvalo, u yanada erkinroq, hammmasidan ko’ra raqs harakatlariga ko’proq o’xshab ketadigan zamonaviy harakatlarni taqozo etadi. Zamonaviy baletdagi qadam bosishlar oldindan belgilanmaydi, ularning improvizatsiya qilinishiga yo’l qo’yiladi. Ba’zan qandaydir tarixni namoyish etish o’rniga raqqoslar kuyga, qandaydir mavzuga muvofiq yoki hatto shaxsiy kayfiyatlariga bo’ysungan holda shunchaki harakatlanadilar. Zamonaviy baletda sahna samaralari ham ancha katta ahamiyat kasb etadi.