Myuzik-xoll nima?

Myuzik-Xoll estrada san’atining G’arbiy Yevropada XIX asr boshlaridayoq paydo bo’lgan turlaridan biri sanaladi. O’sha kezlari turli mamlakatlarda tashrif buyuruvchilarning ko’z o’ngida mug’anniylar, maddohlar — qo’shiqchilar, raqqoslar, akrobatlar tomosha ko’rsatadigan kafelar paydo bo’ladi. Kafelar tez orada ommaviylashadi va yirik shaharda kafe — konsertlar. nomini olgan katta zalli yanada yirik uyushmalar paydo bo’ladi. Angliyada ular odatda mehmonxonalarda ochilgan va Myuzik-Xoll deb atalar edi, chunki ular asosiy imoratlarga maxsus qo’shimcha qurilgan binolarda joylashgandi. Londonning 1832 yilda ochilgan “Star Myuzik-Xoll”i ulardan eng eskisi sanaladi. Fransiyada tomoshaning bu turi ancha keyin rivojlana boshladi. Binobarin, dongdor “Foliberje” zali Parijda 1869 yilning boshida ochilgan, yigirma yildan keyin esa boshqa mashhur muassasa — “Mulen ruj” paydo bo’lgan edi. Parijliklar ularga “Varete-zal” (fransuzchadan tarjima qilinsa, “Varete” “Rang-barang” likni anglatadi) deb nom berishdi. Ularda yangi raqslar tanishtirilar, dolzarb mavzudagi she’rlardan parchalar ijro etilar, fokuslar va sirk o’yinlari namoyish etilardi. Bora-bora “Varete” tushunchasi nafaqat konkret muassasani, qolaversa ularda namoyish etiladigan tomoshalar janrlarini ham ifodalaydigan bo’ldi. Varete bilan bir vaqtda Parijda birmuncha boshqacha turdagi tomosha muassasasi paydo bo’ladi, u kabare degan nom oladi, “Kabare” Fransuzchadan tarjima qilganda — qovoqxona, demakdir. Shanuarning navqiron rassomlar, aktyorlar, yozuvchilar, kompozitorlar to’planadigan kabaresi ular orasida eng dongdori edi. Mijozlardan ko’pchiligi — Zolya, Debyussi, Modilyani, Pikasso, Ravel, Roden — keyinchalik butun dunyoga tanilishdi.