Ispaniya
Ispaniya (Espana), Ispaniya Qirolligi (Reino de Espana) — Yevropaning Janubi g’arbida, Pireney yarim orolida joylashgan davlat. O’rta dengizdagi Balear (shu jumladan Pitius), Atlantika okeanidagi Kanar orollari, Afrikaning shimoli qirg’og’idagi Seuta va Melilya shaharlari va unga yondosh Veles-de-la-Gomera, Alusemas, Chafarinas orollari ham Ispaniyaga qaraydi. Maydoni 504,75 ming km2. Aholisi 40,037 million kishi (2001). Ma’muriy jihatdan o’z hukumati va parlamentiga ega bo’lgan 17 Muxtor regionga, ular, o’z navbatida, 50 viloyat (provincia)ra bo’linadi. Poytaxti — Madrid shahri. Davlat tuzumi. Ispaniya — parlamentli monarxiya. Amaldagi Konstitutsiyasi 1978 yil 6 dekabrdagi milliy referendumda ma’qullangan, o’sha yili 29 dekabrdan kuchga kirgan; 1992 yilda unga tuzatishlar kiritilgan. Davlat boshlig’i — qirol (1975 yil 22 noyabrdan Xuan Karlos 1), uning huquqi Konstitutsiya bo’yicha cheklangan. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Bosh korteslar (parlament) amalga oshiradi. Korteslar ikki palata — deputatlar Kongressi va Senatdan iborat. Ijrochi hokimiyatni hukumat amalga oshiradi. Hukumat raisini qirol siyosiy partiyalar va parlamentning ikkala palatasi raislari bilan maslahatlashib tayinlaydi. Tabiati. Ispaniya subtropik mintaqada. Qirg’oq chizig’ining uzunligi orollar bilan birga 5 ming kilometrdan ko’proq. Ispaniya hududining aksar qismi plato, o’rtacha balandlikdagi tizmalar, yassitog’liklar va pasttekisliklardan iborat. Platolarning balandligi shimoli-g’arbda 800— 1000 metr, Janubi Sharqda 500-600 metr. Ular o’rtasida Janubi-g’arbdan shimoli sharqqa yo’nalgan Markaziy Kordilera tog’ tizmalari bor. Ispaniyaning shimoli-g’arbida Galisiya massivi va Leon tog’lari, Biskay qo’ltig’i sohilida Kantabriya tog’lari bor. Ular Sharqda Pireney tog’lariga ulanib ketadi. Janub va Janubi sharqida Andalusiya tog’lari, Janubi- g’arbida Andalusiya pasttekisligi bor. Serra-Nevada tizmasidagi Mulasen tog’i (3478 metr) Ispaniyadagi eng baland tog’dir. Ispaniyada uran, mis, simob, qo’rg’oshin, temir, volfram, qalay, oltin, kumush, margimush, marganes konlari bor. Toshko’mir, kaliy tuzi, kaolin, apatit ham qazib olinadi. Iqlimi shimoli va shimoli-g’arbida mo’tadil okean iqlimi, qish yumshoq, yoz iliq. Yillik o’rtacha yog’in 1000-2000 mm. Sohilda yanvarning o’rtacha temperaturasi 7— 9°, iyulniki 18-20°. Mamlakatning qolgan qismida O’rta dengizga xos subtropik iqlim, yoz quruq, issiq, qish yumshoq, seryogin. Yanvarning o’rtacha temperaturasi Meseta platosida 4-5°, Janubda 12-13°, iyulniki 23-29°. Ispaniyaning markazi, sharqi va Janubi sharqida yog’in kam (300-500 mm). Daryolari, asosan, yomg’irdan to’yinadi, yozda juda sayozlanib qoladi. Faqat shimoli va shimoli g’arbidagi daryolar yil bo’yi sersuv. Yirik daryolari: Taxo, Ebro, gvadalkvivir, Duero, Gvadiana va boshqalar. Ulardan energiya olishda va sug’orishda foydalaniladi. Ispaniyaning shim. va shimoli-g’arbidagi tog’-o’rmon qo’ng’ir tuproqlarda qora qayin, dub, kashtan o’rmonlari, tog yon bag’irlaridagi tog’podzol tuproqlarida qarag’ay o’rmonlari bor. Pireney tog’larida 2000 metrdan balandda o’tloq mintaqalari joylashgan. Ispaniyaning qolgan qismida doim yashil dublar, qarag’ay, sarv, kashtan, zarang, lipa va boshqalar o’sadi. Ispaniyaning eng chekka Janubda palmazorlar uchraydi. Hayvonlardan tulki, suvsar, qo’ng’ir ayiq, bo’rsiq, tog echkisi, Serna, viverra, quyon, tipratikan bor. Gibraltar atrofida makaka maymun (Yevropada faqat shu erda) uchraydi. Qushlarning 400 ga yaqin turi bor. Sudralib yuruvchilar ko’p. Tunes, sardina, treska baliqlari va dengiz jonivorlari ovlanadi. Noyob hayvonlar va tabiiy landshaftni saqlash maqsadida bir necha milliy bog’ va qo’riqxonalar tashkil etilgan. Milliy bog’lari: Ayguestortes-i-Lago-San- Maurisio, Kovadonza, Ordesa va boshqalar. Aholisining 3/4 qismi ispanlar, qolganlari — katalonlar, galisiylar, Basklar va boshqalar. Rasmiy til — ispan tili. Ko’pchilik dindorlar — katoliklar. Aholining 78,4% shaharlarda yashaydi. Yirik shaharlari: Madrid, Barselona, Valensiya, Sevilya, Saragosa, Bilbao, Malaga. Tarixi. Ispaniya hududida odam quyi Paleolit davridan yashaydi. Leridadan Kadisgacha bo’lgan hududlarda mezolitga oid qoyatosh suratlari ko’p topilgan. Miloddan avvalgi 7-asrdan Ispaniyaning Janub va Sharqiy sohil bo’ylari finikiyaliklar va yunonlar tomonidan o’zlashtira boshlangan. Miloddan avvalgi 700-500 yillarda O’rta dengiz sohilida iberlar madaniyati paydo bo’ldi. Miloddan avvalgi 5-3-asrlarda Pireney yarim oroli orqali kelgan kelpiarnit iberlar bilan qo’shilib ketishi natijasida kelipiberlar shakllangan. Miloddan avvalgi 3-asr oxirlarida Ispaniya hududining ko’p qismi Karfagen qo’l ostiga o’tdi. Miloddan avvalgi 2-asr boshiga kelib rimliklar karfagenliklarni siqib chiqardi. Miloddan avvalgi 197 yilda Rim Ispaniya hududini 2 viloyat (yaqin Ispaniya va olis Ispaniya)ga bo’lib yubordi. Milodiy 409 yil Ispaniyaga alanlar, svev va vandallar, 418 yildan vestgotlar kirib kela boshladi. 711-718 yillarda Pireney yarim orolining deyarli hammasini arablar bosib olib, 756 yil mustaqil davlat — Kordova amirligini, 929 yilda esa Kordova xalifaligini tuzdi. Kordovada sug’oriladigan dehqonchilik paydo bo’ldi, hunarmandchilik, savdo-sotiq, fan va madaniyat yuksaldi. 1031 yil xalifalik bir necha amirlikka bo’lindi. 8-asrdan boshlab mavrlar qo’l ostida bo’lgan yerlarni ispanlar qaytarib ola boshladilar (Rekonkista davri). Rekonkista davrida Kastiliya va Aragon qirolliklari vujudga keldi (11-asr). 12-asrda dvoryanlar, ruhoniylar, shaharliklar va yuqori tabaqa dehqonlardan iborat korteslar paydo bo’ldi. Ular qirol hokimiyatini cheklab turdilar. 1479 yil Aragon bilan Kastiliya o’rtasida tuzilgan sulola Ittifoqi (Aragonlik Ferdinand bilan kastiliyalik Izabellaning 1469 yilgi nikohi) natijasida Ispaniya yagona davlatga aylandi. 1480 yil absolyutizm quroli hisoblangan inkvizitsiya joriy qilinib, Mavr va yahudiylar (asosan, dehqonlar, hunarmandlar, savdogarlar) mamlakatdan quvildi. 1504 yil Ispaniyaga Neapol qirolligi (Janubiy Italiya) va Sitsiliya qo’shib olindi. Ispaniya 1494— 1559 yillarda Italiyaga qarshi urushlarda shimol va O’rta Italiyaning qator yerlarini bosib oldi. Karl I ning taxtga o’tirishi (1516) bilan Ispaniyada Gabsburglar sulolasi hukm sura boshladi. Shu yili Ispaniyaga Niderlandiya qo’shib olindi. 16-asrning 1-yarmida Ispaniya Markaziy va Janubiy Amerikaning ko’p qismini, Filipp II davrida Filippin orollari (1563-73) ni bosib oldi va Portugaliya (1581)ni o’ziga qo’shdi. Ispaniya qiroli Karl I Gabsburg “Muqaddas Rim imperiyasi”ning qiroli bo’lgach, Karl V nomini oldi. Bu paytda Ispaniya Yevropaning siyosiy reaktsiya markaziga aylandi. Ispaniyaga qaram bo’lgan Niderlandiyada 1566 yil inqilobi boshlandi. 1581 yil Birlashgan viloyatlar Respublikasining tashkil qilinishi bilan shimoliy Niderlandiya Ispaniyadan ajralib chiqdi. Ispaniya 16— 17-asrlarda Angliya bilan urushib, dengizdagi mavqeidan mahrum bo’ldi (“yengilmas armada” — ispan flotining 1588 yildagi halokati bunga yo’l ochdi). O’ttiz yillik urush (1618-48), Frantsiya hamda Angliya bilan bo’lgan urushlar natijasida tuzilgan Vestfaliya (1648), Pireney (1659), Axen (1668) va Nimvegen (1678) sulhlariga binoan, Ispaniya Yevropada gegemonlik qilish huquqidan mahrum bo’ldi. Gabsburglarning so’nggi vakili Karl II vafoti (1700) va ispan taxtining Burbonlarga o’tishi munosabati bilan ispan merosi uchun Yevropada urush (1701 — 14) boshlandi. Natijada Ispaniya Italiya, Janubiy Niderlandiya va Gibraltardagi yerlaridan ajraldi. Karl III davri (1759-88)da ma’rifatli absolyutizm ruhidagi islohot o’tkazildi. 1808 yil Frantsiya Ispaniyani bosib olishga kirishdi. Ispan xalqining bosqinchilarga qarshi milliy harakati birinchi ispan inqilobi bilan qo’shilib ketdi (1808-14). Ispaniyada boshlangan milliy ozodlik urushlari Amerikadagi ispan mustamlakalarida ozodlik harakatining (1810-26) avj olishiga turtki bo’ldi. Natijada bir qancha mustamlakalar mustaqillikka erishdi. Napoleon I yengilgach, Burbonlar taxtni qayta egallab, absolyutizmni tikladi. 1820 yil qo’zg’olon ko’tarilib, u inqilobga aylandi. Inqilob 1823 yil Muqaddas ittifoq tomonidan bostirildi. 1834-43 yillarda ishchilar qarakati avj oldi va utopik sotsializm g’oyalari tarqala boshladi. 1868 yil boshlangan inqilob natijasida respublika o’rnatildi (1873). Respublika tarafdorlari o’rtasida hamjihatlik yo’qligi oqibatida demokratik kuchlar mag’lubiyatga uchrab, Burbonlar sulolasi qayta tiklandi (1874). Ispaniya-Amerika urushi (1898)da Ispaniya mag’lubiyatga uchrab, Kuba, Puertoriko, Guam va Filippindan mahrum bo’ldi, ispan monarxiyasi zaiflashdi. Respublika tarafdorlari faollashdi va ishchilar harakati avj oldi. l-jahon urushi yillarida Ispaniya betaraf turdi. 1921 yil ispan qo’shinlari Marokashda mag’lubiyatga uchragach, monarxiya inqirozi yanada kuchaydi. Cho’chib qolgan reaktsiya 1923 yil sentabrda harbiy to’ntarish qilib, general M. Primo de Rivera harbiy hokimiyatini o’rnatdi. 1931 yil 14 sentabrda boshlangan inqilob natijasida respublika e’lon qilindi. 1936-39 yillardagi milliy-inqilobiy urushda demokratik kuchlar mag’lubiyatga uchrab, respublika agdarilgach, general F. Frankoning fashist diktaturasi (1939-75) o’rnatildi. Respublika davri qonunlari bekor qilindi, fashistlarning Ispaniya falangasi deb atalgan partiyasidan tashkari barcha siyosiy partiyalar tarkatib yuborildi, inqilobchilar qatag’onga uchradi, sinfiy kasaba uyushmalari tugatildi. Yarim millionga yaqin ispanlar chet elga qochdi. 2-jahon urushida Ispaniya betaraflik e’lon qilgan bo’lsa ham, Germaniya va Italiyaga yordam berdi, frontga “zangori diviziyasi”ni yubordi. 1959 yilda Franko diktaturasiga qarshi tinch yo’l bilan kurashish uchun Milliy antifashist fronti tuzila boshladi. Fashizmga qarshi kuchlar birlashdi. 1962 yilda Myunxen (GFR)da ispanlar umumdemokratik konferentsiyasi o’tkazildi, 26 viloyatda umumiy ish tashlashlar bo’ldi, “vertikal sindikatlar”ga qaramaqarshi ishchi komissiyalari (kasaba uyushmalari) tuzildi. 1962-63 yillardagi ijtimoiy tanglik diktaturami juz’iy “erkinliklar berish” siyo’satiga o’tishga majbur qildi, ammo u muxolifat kuchlarini bartaraf etolmadi. 1971 yil muxolifat kuchlari birgalikda harakat qilish haqida bitim imzoladilar. 1975 yilda F. Franko vafotidan so’ng qirol Xuan Karlos I davlat boshlig’i bo’ldi. 1976 yildan ko’pchilik siyosiy partiya va kasaba uyushmalri oshkora faoliyat ko’rsata boshladi. 1977 yil Ispaniyada 1936 yildan keyingi birinchi parlament saylovi bo’ldi. Unda 100 ta partiya va 18 ta koalitsiya qatnashdi. Ispaniya 1956 yilda shimoliy Marokash, 1968 yilda Ekvatorial Gvineya, 1976 yilda G’arbiy Sahroi Kabir kabi mustamlakalaridan mahrum bo’ldi. 1982, 1986, 1989 va 1993 yillardagi parlament saylovlarida sotsialistik ishchi partiyasi g’alaba qozondi. 1996 va 2000 yilgi saylovda esa Xalq partiyasi nisbiy ko’pchilik ovoz olib, hukumatni tuzish huquqini qo’lga kiritdi. Ispaniya — 1955 yildan BMT a’zosi. Milliy bayrami — 12 oktabr — Ispan Millati Kuni (1492). O’zbekiston Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini 1992 yil 17 martda o’rnatgan. Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. Ispaniyada 500 dan ko’proq siyosiy partiya va jamoat tashkiloti ro’yxatga olingan. Asosiy partiyalari: Xalq partiyasi (1989 yil yanvargacha Xalq uyushmasi), 1976 yilda tuzilgan; Ispaniya sotsialistik ishchi partiyasi, 1879 yilda tuzilgan; Ispaniya kommunistik partiyasi, 1920 yilda tuzilgan; basklarning millatparvar partiyasi, 1993 yilda tuzilgan; Kataloniya demokratik konvergentsiyasi, 1974 yilda asos solingan; Valensiya Ittifoqi. Kasaba uyushma birlashmalari: Mehnatkashlar umumiy Ittifoqi, 1888 yilda tuzilgan; ishchilar kasaba uyushma birlashmasi, 1960 yilda asos solingan; Ishchi komissiyalari, 1956 yilda tuzilgan. Xo’jaligi. Ispaniya industrial-agrar mamlakat. Sanoat ishlab chiqarish hajmi jihatidan G’arbiy Yevropada 5-o’rinda, rivojlangan mamlakatlar o’rtasida 8-o’rinda turadi. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 23%, qishloq xo’jalik ulushi 3,5%, xizmat ko’rsatish sohasining ulushi esa 60 % dan ortadi. Ba’zi subtropik va bog’dorchilik mahsulotlarini yetishtirish va eksport qilishda dunyoda oldingi o’rinlarda turadi. Sanoatida og’ir sanoat yetakchi o’rinda turadi. Mashinasozlik, avtomobil va kemasozlik, stanoksozlik, elektrotexnika, kimyo sanoati g’oyat rivojlangan. Sanoatning eng qadimgi tarmog’i — to’qimachilik ham ravnaq topgan. Elektron sanoati tez sur’atlar bilan taraqqiy etmoqda. Ammo konchilik va metallurgiya tarmoqlaridagi ishlab chiqarish qisqarib bormoqda. 100 turdagi foydali qazilmalardan 16 tasi qayta ishlanadi. Pirit, simob, temir, qo’rg’oshin-rux, uran rudalari va toshko’mir qazib olinadi. Qazib olinadigan neft Ispaniya ehtiyojining 10% ni qondiradi. Asosiy kemasozlik korxonalari Bilbao, Kartaxena, Barselonada, avtozavodlar Madrid, Barselona, Valyadolid, Vigo shahrida, qora metallurgiya korxonalari Biskayya, Santander, Asturiya, Valensiya viloyatlarida, rangli metallurgiya Kordova, Xaen, Mursiya, Ovedo, Santander, Gipuskoa, Biskayya viloyatlarida, chetdan keltirilgan neftni qayta ishlovchi korxonalar Lakorunya, Santa- Krus-de-Tenerife, Eskombreras va boshqa port shaharlarida, vinochilik sanoati Kataloniya, Aragon, Andalusiya va yangi Kastiliya viloyatlarida joylashgan. Yiliga 155,7 milliard kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Elektr energiya, asosan, GES larda hosil qilinadi. 3 ta AES mavjud. Yoqilg’i taqchilligi muqobil energiya manbalarini izlashni taqozo qiladi. Quyosh va geotermal stansiyalardan keng miqyosda foydalaniladi. Asosiy sanoat markazlari — Barselona, Madrid, Bilbao, Ovedo. Qishloq xo’jaligi. Asosiy tarmoq dehqonchilik, qishloq xo’jalik mahsuloti qiymatining yarmiga yaqini uning ulushiga to’g’ri keladi. Mamlakat maydonining 71% da dehqonchilik qilinadi. Ispaniyada vino (dunyoda 3-o’rin) tayyorlanadi, tsitrus mevalar (apelsin hosili bo’yicha Yevropada 1-o’rin, yiliga 3 million tonna), bug’doy (ekin maydonining 20%), sholi (dunyoda eng yuqori hosildorlik: gektardan 60-70 tsentner), bodom, tamaki, paxta, qand lavlagi, sabzavot (ekin maydonining 69%), kungaboqar yetishtiriladi. Oliy nav zaytun yog’i ishlab chiqarishda dunyoda l-o’rinda turadi (yiliga 400 ming tonnadan ziyod). Chorvachilik yaxshi rivojlangan: qoramol, cho’chqa, echki, qo’y boqiladi. Baliq va dengiz jonivorlari ovlash hamda qayta ishlashda dunyodagi o’nlikka kiradi. Ispaniyada temir yo’llarning umumiy uzunligi — 14378 kilometr, avtomobil yo’llari uzunligi — 324 ming kilometr. Asosiy dengiz portlari: Kartaxena, Barselona, Bilbao, Santa-Krus- de-Tenerife. Madrid va Barselona shaharlaridagi aeroportlar mamlakatdagi eng yirik aeroportlardir. Ispaniya chetga mashinasozlik (kema va avtomobillar), qishloq xo’jaligi va oziq-ovqat sanoati mahsulotlari (tsitrus mevalar, meva-sabzavot konservalari, vino, zaytun yog’i) chiqaradi. Savdo-sotiqdagi asosiy mijozlari: Yevropa Ittifoqi mamlakatlari (import — 56%, eksport — 66%), AQSh (import — 8% va eksport 9,2%), yaqin Sharq mamlakatlari (8,6% va 8,1%), Lotin Amerikasi mamlakatlari (6,1% va 4,2%). Chet el sayyohligi — muqim daromad manbai. Har yili Ispaniyaga 52 million sayyoh kelib ketadi, bu soha 20 milliard dollargacha daromad beradi (AQSh dan keyin 2-o’rin). Sayyohlarga 6 million kishi xizmat qiladi. Pul birligi — peseta. Tibbiy xizmati. Davlat davolash muassasalari bilan bir qatorda xususiy shifoxonalar ham bor. Ko’pgina shifokorlar xususiy qabulxonalar ochishgan. Oliy o’quv yurtlarining 19 fakulteti shifokorlar tayyorlaydi. Mamlakatda, ayniqsa, uning dengiz sohillarida kurortlar ko’p. Ularning eng muhimlari San-Sebastyan, Valensiya, Barselonada. Maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. 6 yoshdan 14 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun 8 yillik majburiy ta’lim joriy etilgan. 4 yillik boshlang’ich, 7 yillik o’rta maktablar bor. Kuchaytirilgan toifadagi hunar-texnika va tijorat maktablari ishlaydi. Boshlanrich maktab o’qituvchilari 3 yillik pedagogika bilim yurtlarida, o’rta maktab o’qituvchilari universitetlarda tayyorlanadi. Mamlakatda 35 davlat universiteti, 4 katolik universitet, 3 ta politexnika instituti bor. Eng yiriklari: Salamanka (1218), Barselona (1430), Sevilya (1502), Madrid (1508) universitetlari, sirtqi ta’lim universiteti (1972), Bilbao universiteti (1968), Valensiyadagi Politexnika universiteti, San-Tyago-dekompostela shahridagi universitet. Mamlakatdagi ilmiy tadqiqot ishlarini 1939 yilda tuzilgan Ilmiy tadqiqotlar Oliy kengashi uyushtiradi va muvofiqlashtiradi. Akademiyalari: Madriddagi ispan Qirollik akademiyasi (1713), Huquqshunoslik va Qonunchilik rollik akademiyasi (1730), Qirollik milliy tibbiyot akademiyasi (1732), Barselonadagi fan va san’at Qirollik akademiyasi (1764), Madriddagi axloqiy va siyosiy fanlar kirollik akademiyasi (1857). Bir qator ilmiy tadqiqot institutlari mavjud. Ispaniyada 57 yirik kutubxona, jumladan, Madriddagi Milliy kutubxona (1712) va universitet kutubxonasi, Barselonadagi Kataloniya kutubxonasi bor. Ispaniyada 90 muzey bo’lib, yiriklari Madriddagi Prado muzeyi (1819), Milliy arxeologiya muzeyi (1867), Barselona, Kordova, Valensiya va Sevilyadagi badiiy muzeylardir. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Ispaniyada 120 ga yaqin gazeta va 900 jurnal nashr etiladi. Eng yiriklari: “Pays” (“mamlakat”, kundalik gazeta, 1976 yildan), “Vanguardia” (“ilg’or”, kundalik gazeta, 1981 yildan), “Diario-16” (“Gazeta-16”, kundalik gazeta, 1976 yildan), “Levante” (“Sharq”, kundalik gazeta, 1939 yildan), “Kambio-16” (haftalik jurnal, 1972 yildan), “Destino” (“taqdir”, haftalik jurnal, 1942 yildan). Ispaniya axborot agentligi — EFE 1939 yil 3 noyabrda tashkil etilgan. Ispaniyada radioeshittirish 1919 yildan, teleko’rsatuvlar 1956 yildan olib boriladi. Ispaniya radiosi va teleko’rsatuvi hukumat hamda siyosiy partiyalar vakillaridan iborat kengash tomonidan boshqariladi, radioeshittirish va teleko’rsatuvlarni nazorat qiladi. Ispaniya milliy radiosi va Ispaniya teleko’rsatuvi davlat Mahkamasi mavjud. Adabiyoti ispan, bask, katalon tillarida va portugal tilining galisiy shevasida. Ispan adabiyoti o’rta asrlarda xalq ijodi, yunon, Rim va Arab madaniyatlarining ta’sirida shakllangan. Xalq baxshilari (xuchlar)ning og’zaki ijodiyoti ispan adabiyotining debochasi bo’lgan. Uning dastlabki yirik namunasi — “Sid haqida Doston” (12-asr). Unda bosqinchilarga qarshi kurash qahramoni Rodrigo de bikar (9-asr) jasorati madh etilgan. Bu davrda lotin, ispan tillaridagi diniy adabiyot alohida o’rin oladi. 14-asr ispan adabiyotida “apoloniya haqida kitob” (12— 13-asrlar), “Aleksandr haqida kitob” (13-asr oxiri), “Risar sifar” (13-asr) romanlari ko’zga tashlanadi. X. Manuelning “graf Lukanor” (1328 — 35) kitobidagi insonparvarlik ohanglari ispan adabiyotida sezilarli voqea bo’ldi. X. Ruis o’rta asrlar adabiyotining so’nggi iste’dodli shoiri va Uyg’onish davrining darakchisidir. Uning “saodatli muhabbat madhi” kitobidagi realizm ruhi ispan adabiyoti keyingi taraqqiyotiga zo’r ta’sir qildi. Bu davr adabiyoti italyan va frantsuz Uygonish davri ta’sirida shakllandi, adabiyotning deyarli barcha asosiy janrlari rivojlandi. Lope de Vega xalqchil dramalari bilan shuxrat qozondi. S. M. de Servantesning “don Kixot” asari va umuman uning ijodi Ispaniya Uyg’onish davrining gultoji bo’ldi. 16-asrda boshlangan iqtisodiy, siyosiy inqiroz adabiyotga ham ta’sir etdi. Frantsuz klassisizmiga taqlidiy asarlar yaratildi. 18-asrda Yevropaning boshqa mamlakatlari kabi Ispaniyada ham ma’rifatparvarlik harakati avj oldi (B. Fleyxoo, G. M.de Xovelyanos va boshqalar). Napoleon istilosiga qarshi kurash inqilobiy romantizm oqimining rivoj topishiga, shoir X. de Espronseda ijodining shakllanishiga olib keldi. U she’r va dostonlarida burjua tuzumini har taraflama tanqid qildi. Reaktsion romantiklar (X. Sorrilya-i-Moral) monarxiya va feodal tuzumini ko’klarga ko’tarishga urindilar. Ispan tanqidiy realizmi 19-asr o’rtalarida shakllandi. Uning yirik vakili — B. Peres Galdos (1843-1920)ning tarixiy romanlar turkumi (“Milliy epizodlar”) Vatanparvarlik ruhi bilan sug’orilgan. Naturalizmning nazariyotchisi va yirik vakili E. Pardo Basan (1852-1921) birinchi bo’lib “Xalq qizi” romanida ishchilar hayotini tasvirladi. 20-asr Ispaniya tarixi va ispan madaniyati tarixidagi eng dramatik va sermahsul davrdir. Bu davrdagi so’z san’atining ravnaqi prozaik va dramaturglar Xose Echegaray-i-Eysagirre, Migel de unamuno, Ramon Mariya del Vals-Inklan, Pio Baroxii-Nesa, Xasinto Benavente- i-Martines, shoirlar Anto-NiO Machado, Xuan Ramon Ximenes, Federiko Garsia Lorka nomlari bilan bog’liq. 30-yillarda inqilobiy adabiyot yaratildi. S. M. Arkonada, X. Arderius va boshqa adiblar ishchilar manfaatini himoya qilib, reaktsiyani fosh etuvchi asarlar yaratdilar. Bu davrda shoirlar ko’proq romans janrida ijod etdilar. Mamlakatda fashist rejimi o’rnatilgach, ispan adabiyoti tushkunlikka uchradi, ko’p adiblar chet elga ketib qoldilar. Kamillo Xose Selaning romanlari o’sha davrning nisbatan yaxshi asarlaridir. Uning birinchi “pasku-al Duartening oilasi” (1942) romani 40-50-yillardagi ispan adabiyoti uchun xarakterli bo’lgan tremendizm (ISP. tremendo — dahshatli) oqimini boshlab berdi. Tremendist-yozuvchilar insonning dunyoda chinakam yolg’izligini, o’lim, zo’ravonlik inson hayotining muqarrar bir qismi ekanini nazarda tutdilar. Yirik zamonaviy ispan prozaigi Migel Delibes ham ijodining boshlang’ich davrida shu oqim ta’sirida bo’lgan. Keyingi yillarda D. Medio, A. Matute hayotni haqqoniy tasvirlash bilan birga inson ruhiyatining nozik jihatlarini ochib berdilar. V. Aleyksandre o’zining falsafiy lirikasida insonparvarlik g’oyalarini qaror toptirishga intiladi. Bask adabiyoti ning dastlabki namunasi B. Dechepare yozgan “Bask tilining ibtidosi” (1545) nomli diniy va ishqiy she’rlar to’plamidir. 17-asrda diniy (P. De ashular va boshqalar), 18-asrda ma’rifatchilik g’oyalari (M. de Larramendi va boshqalar) ilgari surildi. 19-asrning o’rtalaridan romantizm yetakchi oqimga aylandi. Ayni vaqtda realistik asarlar ham paydo bo’ldi (D. Agirrening “dengiz suvlari”, “Qirqquloq” romanlari). Hokimiyatga fashistlarning kelishi (1939) bask milliy madaniyati rivojiga jiddiy to’siq bo’ldi. N. de Ormaecheaning vatanparvarlik ruxidagi “Bask” dostoni, X. Echayde va X. A. Irasustaning realistik romanlari diqqatga sazovor. Katalon adabiyoti Kataloniya va Valensiyada, Balear orollarida katalon tilida va uning shevalarida 9— 13-asrlarda og’zaki xalq she’riyati shaklida, 12-asr oxiridan esa yozma diniy adabiyot tarzida rivojlandi. Jaume I, B. Desklot va R. Muntaner proza janrida ijod qildilar. Raymund Lulliyning “Blankern haqida kitob” asari katalon tilidagi birinchi roman edi. A. de Vilanov, F. Eshimenis kabi yozuvchilar didaktik asarlar yaratdilar. 15-asr boshidan katalon adabiyotida Uygonish davri g’oyalari aks etdi. A. Febrer, Sh. Fogassot, J. de Sant-Jorji Italiya poeziyasi ta’sirida asarlar yaratdilar. Shoir A. Mark (1397-1459) katalon adabiy tilining otasi hisoblanadi. 16-19-asrlardagi yozuvchilar orasida J. Roys, J. Gazul, A. Turmeda, A. Pineda, F. Garsia, A. Blaklar bor. 20-asrda shoirlardan S. Espriu, J. Sarsadenes, J. Serda, yozuvchilardan J. Es-Pinas, B. Porsel, E. Torreslar mashhur. Galisiy adabiyoti Pireney yarim orolining shimoli-g’arbida yashovchi milliy ozchilikning portugal tili galisiy lahjasidagi adabiyotidir. 8-11-asrlarda bu lahjada rang-barang xalq laparlari to’qilgan. 15-asr oxiridan 19-asr boshlarigacha galisiy adabiyotida og’zaki an’analar ustunlik qildi. F. Anon-i-pas, X. M. Pintos, aka-uka Antonio kabi shoirlar yozma adabiyotni rivojlantirdilar. 20-asrda V. Matines Risko, A. Rodriges Kastelao, X. Vidal kabi yozuvchi va shoirlar ijtimoiy muammolarni ko’tarib chiqdilar. 1939 yilda Franko diktaturasi o’rnatilgach, galisiy adabiyoti taqiqlandi. 1950 yildagina yana bu tilda kitoblar nashr etila boshladi. S. E. Ferreyro, U. Novoneyra, M. Mariya, K. Kasaresning vatanparvarlik ruhidagi she’r va romanlari bosilib chikdi. S. M. de Servantes, G. Lorka va boshqa yozuvchilarning asarlari o’zbek tiliga tarjima qilingan. Me’morligi — qadimgi Ispaniya hududida Paleolit va neolit davrlariga oid madaniyat yodgorliklari, rimliklar hukmronligi davriga mansub teatr binolari, ehrom, ko’priklar saqlangan. Arablar madaniyat yodgorliklaridan hashamatli masjidlar, saroylar qolgan (Kordovadagi masjid, 8-asr, Granadadagi Alhumro saroyi, 13-14-asrlar). Ispan qirolligi vujudga kelgach, Asturiyada San-Migel de Lino, Santa-Kristina de Lena va boshqa cherkovlar qurildi (9-asr). Janubda qal’a shaklidagi devorlar bunyod etildi. Avila shahrining devorlari (11-asr), Toledodagi “Quyosh darvozasi” (12-asr) shu davr me’morligining namunalaridan. Bu binolarda Arab me’moriy uslubining ta’siri ko’zga tashlanadi. 11-asrning 2-yarmidan me’morlik, asosan, roman uslubiyan (Santyago- de-K.ompostela sh.dagi sobor), keyinroq Uyg’onish ruhida (Saragosadagi La SEO sobori) rivojlandi. 13-asrdan shaharlar taraqqiy etishi munosabati bilan gotika uslubi ravnaq topdi (16-asr boshlarigacha). Burgos, Toledo, Leon shaharlarida eng yaxshi gotika soborlari qurildi. Ispaniya o’rta asr me’morligida mavritan me’morligi va “mudexar uslubi” o’ziga xosdir. “Mudexar” uslubida gotika va Arab uslublarining eng yaxshi tomonlari mujassamlantirilgan. Bu yerda sirlangan pishiq g’ishtdan qurilish va badiiy bezak ashyosi sifatida foydalanib, gilamsimon naqshlar yaratildi. Ganchkori o’yma naqshlar keng qo’llanildi. 16-asr 1-yarmi Ispaniya me’morligi italyan Uyg’onish davri me’morligi ta’siri ostida bo’ldi (Granadada Karl V saroyi, 1526 yil boshlangan, me’mor P. Machuka). Bu davrda Amerikani bosib olgan ispanlar yuborib turgan asil metallar bilan asilzodalarning saroyini bezatish urf bo’ldi. Hashamdor “plateresko uslubi” ispan Uyg’onish davrining milliy me’moriy uslubiga aylandi. Cherkovlar ichini badiiy hunarmandchilik buyumlari bilan bezashga zo’r berildi. Bino atroflari tilla suvi yugurtirilgan jimjimador panjaralar bilan o’raldi. Oddiy turar joylarni esa odmigina qilib qurish davom etdi. 17-18-asrlarda barokko uslubi rivojlandi (me’mor X. B. de Churrigera va boshqalar). 18-asrning 2-yarmida frantsuz va italyan san’ati ta’sirida klassisizm tarqaldi (me’morlardan V. Rodriges, X. de Vilyanueva). 19-asr me’morligida eklektika va modern uslubi ustun bo’ldi. 20-asrda esa funktsionalizm keng tarqaldi (Madriddagi universitet shaharchasi, Ippodrom va boshqalar). Tasviriy san’atga oid qadimgi yodgorliklar Ispaniyada anchagina saqlangan. Bular Altamira va boshqa g’orlarning devorlariga chizilgan hayvonlar tasvirlari (Paleolit davriga oid), mamlakat sharqidagi g’orlardan topilgan kulollik buyumlari va ov, urush manzaralari tasvirlari (neolit davriga oid), shuningdek, keltiberlarning haykallari, vestgotlarning zargarlik buyumlari va boshqalar 8— 9-asrlardan ispan tasviriy san’ati shakllandi. Qo’lyozmalar uchun miniatyuralar, naqshlangan yog’och haykalchalar va shu kabilar yaratildi. Roman va gotika uslublariga xos rasmlarda xalq ijodining ta’siri namoyon bo’ldi. 15-asr o’rtalarida rassomlik (P. Berrugete, A. Fernandes) va haykaltaroshlik (X. de Siloe, D. Forment) o’rta asr qoliplaridan chiqib, haqqoniy timsollar bilan boyidi. 16-asr oxiri — 17-asr boshlarida realistik tamoyillar kuchaydi. F. Ribalta, F. Errera, D. el-Greko kabi rassomlar, A. Kano, P. de Mena, X. Martines Montanes kabi haykaltaroshlar qirol saroyidan olisda yashab ijod qildilar va an’anani yanada rivojlantirdilar. 17-asrda Ribera, F. Surbaran, D. Velaskes kabi buyuk rassomlarning ijodi tufayli ispan milliy rassomligi o’zining yuqori cho’qqisiga ko’tarildi. F. Goyya asarlarida milliy realistik san’at, X. Madraso, X. Alvares ijodida ispan xalqining ozodlik uchun kurashi yorqin aks etdi. 19-asrda va 20-asr boshlarida realistik tamoyillar avj ola boshladi. 20-asr 1-yarmida formalistik oqimlar (kubizm, syurrealizm va boshqalar) tarqaldi (haykaltarosh P. Gorgalo, rassom S. Dali va boshqalar). Ispan xalqining 1936-39 yillardagi ozodlik kurashi ko’pgina rassom va haykaltaroshlarni fashizmga qarshi birlashtirdi. Bu kurashda P. Pikasso ham ishtirok etdi. Urush yillarida grafika va plakat tasviriy san’atda etakchi o’rinni egalladi. Zamonaviy ispan san’ atida manzara janri keng tarqalgan. B.Palensiya, X. Vakero, A. Delgado kabi rassomlar va ularning izdoshlari ona yurt tabiatining nafis va Real manzaralarini, uning mehnatkash kishilarining go’zal qiyofalarini yaratdilar. Tasviriy san’atda demokratik tamoyillar kuchayib borayotir. Musiqa uslublari ko’p va rang-barang. Xalq musiqasida asosiy 5 ta mahalliy uslub ajratiladi: bask, galisiy, katalon, kastil va Andalusiy. Ispan raqslari ohangdorligi, ta’sirchanligi, shaklining xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Bolero, xota, fandango, segidilya, kachucha kabi xalq raqslari mashhur. Cholg’u asboblari: gitara, skripka kabi torli, Tamburin, tun-tun va pandereta, kasteneta kabi urma sozlar, flyuviol fleytasi va boshqalar 6-7-asrlarda diniy madhiya (gimn) janri rivoj topdi. 8-asrdan boshlab Ispaniyada Arab musiqasi an’analariga asoslangan yangi uslub taraqqiy etdi (Ziryob maktabi, 9-asr). 12-asrda romans janri yuzaga keldi. 14-asrda trubadur (sayyor shoir, qo’shiqchi)lar musiqasi ravnaq topdi — kantiga, albada, pastural, retroensa janrlari maromiga yetkazildi. Musiqali teatrning dunyoviy shakllari vujudga keldi. 15-16-asrlarda milliy san’at ravnaq topdi. B. Ramos de Pare-xa, F. Salinas va boshqa musiqa nazariyasi va estetikasiga oid asarlar yaratdilar. 17-asrda Ispaniyaga xos opera janri — sarsuela, 18-asrda lirik musiqali komediya — tonadilya janri shakllanib, milliy ilg’or g’oyalar targ’ib qilindi. 19-asr 1-yarmida Madrid va Barselonada konservatoriya, opera teatrlari ochildi. 19-asr oxiridan F. Pedrel va uning izdoshlari I. Albenis, E. Granados, M. de Falya yangi milliy musiqa maktabiga asos soldi. Ularning ijodi ispan musiqasining cho’qqisi, 20-asr G’arbiy Yevropa klassik musiqasining namunasiga aylandi. 20-asrda ijrochilik san’ati yuksak pog’onaga ko’tarildi. Milliy ozodlik urushi yillarida S. Bakarise, E. K. Chapi, K. Palasioning ommaviy inqilobiy vatanparvarlik qo’shiqlari keng tarqaldi. Franko rejimi o’rnatilgach, ko’p musiqachilar chet ellarga ketishga majbur bo’ldi. Zamonaviy kompozitorlar — O. Espla Triay, E. va K. Alfterlar, G. Pitaluga, P. Sorosabal va boshqalar. Teatri qadim zamonlardan Ispaniya xalqi turmushining, urf-odati va karnavallarining tarkibiy qismi bo’lgan. O’rta asrlarda u boshqa mamlakatlardagi singari diniy va xalq teatri yo’nalishida rivojlandi. 14-15-asrlarda birinchi saroy teatrlari yuzaga keldi. 16-asrda professional va yarim professional truppalar tashkil topdi. Dramaturg va aktyor Lope de Rueda bu ishga boshchilik qildi. 16-asr 2-yarmidan Madrid, Sevilya, Valensiya, Barselona, Granada va boshqa yirik shaharlarda doimiy xalq teatrlari — korralilar ochildi. Ularda S. M. Servantes, Lope de Vega, Tirso de Molina va boshqa dramaturglarning asarlari sahnalashtirildi. 17-asrda A. de sisneros, N. de Los Rios, A. de Vilegas va boshqa rahbarligidagi truppalar shuxrat qozondi. 18-asrda frantsuz klassisizmi, estetikasini meros qilib olgan saroy teatrlarida musiqali spektakllar mashhur bo’ldi. 1708 yil “Kinos del Peral” nomli opera teatri tashkil bo’ldi. Sarsuela, saynet, tonadilya kabi kichik janrlarda klassik davr an’analari saqlanib qoldi. 19-asrda romantik dramaturgiya va realistik komediya rivojlandi. 1849 yil Madridda “Espanol” teatri ochildi, 1847 yil Barselonada “Liseo” opera teatri ish boshladi. 20-asr boshlarida tanqidiy realizm karor topdi. 1931 yildan so’ng teatrda ilg’or islohotlar o’tkazildi. G. Lorka va A. Kasoni Ispaniya teatrini demokratlashtirishga harakat qildi. Hokimiyat Franko qo’liga o’tgach, ilg’or islohrtlar bekor qilindi, sahnada ko’ngilochar spektakllar qo’yildi. 50-yillardan yirik shaharlarda yana klassik asarlar sahnalashtirila boshladi. Ispaniya teatrlarining keyingi yillardagi repertuaridan B. Brext, J. B. Pristli, A. Miller, G. Lorka va boshqa dramaturglarning o’tkir ijtimoiy-tanqidiy pyesalari o’rin oldi. Madridda 20 dan ortiq teatr bor. Aktyorlar Madrid va Barselona konservatoriyalarining sahna maqorati bo’limlarida hamda Madriddagi drama san’ati maktabida tayyorlanadi. Kinosi. Birinchi kinofilm 1896 yil namoyish etilgan. Keyinchalik “Qahvaxonadagi janjal” (1898), “doroteya” (1898), “tekin pivo” (1906) kabi filmlar ishlandi. 1905 yil Ispaniyada A. Kuesto suratga olgan birinchi badiiy film yuzaga keldi. 1906 yilda Barselonada birinchi kinofirma — “Ispano films” ga asos solindi. Birinchi ovozli film (“Tuproqdagi suv”) 1934 yil yaratildi. Ispaniyadagi milliy inqilobiy urushni aks ettiruvchi badiiy va hujjatli filmlar orasida “G’allasiz yer” kinosi ijtimoiy masalaga bag’ishlangan. Ispaniyada Franko rejimi davrida ko’ngil ochar filmlar ishlab chiqarila boshladi. 50-yillarda “xush kelibsiz, janob Marshal!”(1953), “velosipedchining o’limi” (1955), “Shoh ko’cha” (1956), “jallod” (1963), “ov” (1965), “qarg’alarni bok” (1975), “yanvarda yetti kun” (1979), “Milliy boylik” (1981) kabi ijtimoiy-tanqidiy ruxdagi filmlar yaratildi. L. Byunyuelning “Viridiana” (1961) kinofilmi butun dunyoga tanildi. X. L. Lopes Vaskes, F. Rey, A. Ferrandis, A. Molina, A. Landa, X. Mistral, F. Rabal va boshqalar. Ispaniya kinosining mashhur aktyorlari, M. Pikaso, L. Byunyuel, X. Kamino, M. Aragon kabilar yetakchi rejissyorlaridir. Ispaniyada Milliy kinematografiya instituti va Milliy filmoteka bor. San-Sebastyan, valyadolid va Barselonada xalqaro kinofestival o’tkazib turiladi. Yiliga 100 dan ortiq film ishlab chikariladi. O’zbekiston — Ispaniya munosabatlari. O’zbekiston — Ispaniya o’rtasida 15-asrdayoq aloqa o’rnatilgani, 1404 yilda Kastiliya qirolining elchisi Rui Gonsales de Klavixo Samarqandga kelgani va Amir Temur saltanati haqida esdaliklar yozgani tarixdan ma’lum. O’zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin Ispaniya bilan savdo-iqtisodiy va madaniy-ma’rifiy sohalarda hamkorlik yo’lga qo’yila boshladi. Ikki mamlakat rasmiy delegasiyalarining o’zaro tashriflari chog’ida hamkorlikning shartnomaviyhuquqiy negizini yaratuvchi bir qancha hujjatlar kelishib olindi. Ikkala mamlakatning savdo-iqtisodiy aloqalari O’zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlari doirasida rivojlanayotir. O’zaro tovar aylanmasi 2000 yilda 1999 yilga nisbatan 1,9 baravar oshdi. Jumladan, O’zbekiston Respublikasining Ispaniyaga eksporti 20,1 million, importi 5,8 million AQSh dollarini tashkil etdi. O’zbekiston Ispaniyaga paxta tolasi, gazlama, kalava ip eksport qilsa, undan elektrotexnika va mexanika asbob-uskunalari, dori-darmon, qora metallar, plastmassa, keramika mahsulotlari sotib oladi. Ispaniya kompaniya va firmalari bilan hamkorlik sohasida Buxoro viloyati suv ta’minoti tizimini takomillashtirishga kirishildi. 15 million yevro qiymatiga ega bo’lgan bu loyiha Ispaniya hukumatining imtiyozli va tijorat krediti hisobidan amalga oshiriladi. “O’zmevasabzavotuzumsanoatxolding” kompaniyasi bilan “Altieri Vinikola” firmasi O’zbekistonda vino ishlab chiqaradigan “Yanis” qo’shma korxonasini barpo etdi. “O’zfarmsanoat” kontserni bilan Ispaniyaning “Krupak” kompaniyasi bint va jarrohlik dokasi ishlab chikaradigan korxona barpo etish uchun 7,9 million yevro mikdorida pul sarfladi. O’zbekiston Respublikasida Ispaniya sarmoyasi ishtirokidagi 11 korxona tashkil etilgan. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi institutlari bilan Ispaniya Milliy tadqiqot kengashi o’rtasida quyosh energiyasini fotoelektr usulida o’zgartirish, yarim o’tkazgichli materialshunoslik sohalarida hamkorlik yo’lga qo’yilgan. O’zbekiston Respublikasi Jahon tillari universiteti Ispaniyaning Granada, Madrid, Alkala de enares va Malaga universitetlari bilan hamkorlik o’rnatgan. Toshkentdagi shu universitetda ispan tili va madaniyati markazi ochilgan. Granada va Buxoro universitetlarining hamkorlik qilishi haqida kelishib olingan.