Kitob haqida qiziqarli faktlar

— Imom al-Buxoriy 600000 hadis to‘plab, shundan 100000 sahih, 200000 zaif hadisni yodlagan. Bu hadislarni to‘plashda 90000 dan oshiq kishining huzurida bo‘lib chiqqan.

— Ayollar erkaklarga qaraganda ko‘p (68 %) kitob sotib oladilar.

— Dunyoda sotiladigan kitoblarning yarmidan ko‘pini 45 yoshdan oshgan kishilar sotib oladilar.

— Italiyalik Rio Kozelli eng zerikarli kitoblarni to‘playdi. Uning kollektsiyasi 10000 jilddan iborat. Bir omadsiz italyan shoiri kitobi Kozelli kollektsiyasidan o‘rin olganini bilgandan so‘ng, o‘zini o‘zi o‘ldirishiga bir bahya qolgan.

— Qamoqda yozish rejasi tuzilgan kitoblar orasida Servantesning «Don Kixot», Jon Banyanning «Avliyoning sayohati», Oskar Uayldning «Qamoqdagi istig‘for», Nikolo Makiavellining «Hukmdor» asarlari mavjud.

— Bitta roman yozish uchun 500 soat ketadi.

— Jamoa bilan kitobni ovoz chiqarib o‘qish bo‘yicha eng uzoq davom etgan marafon 224 soat kechgan.

— Fanda kitob o‘g‘rilarini bibliokleptoman deyiladi. Dunyodagi eng mashhur kitob o‘g‘risining ismi — Stiven Blumerg. U 270 kutubxonadan 23000 nodir kitoblarni o‘g‘irlagan. Uning «kollektsiya»si narxi 20 million dollardan oshadi.

— Dunyodagi eng katta lug‘at «Nemis lug‘ati» («Deutsches Wortetbuch») bo‘lib, u 1854 yili Yakob va Vilgelm Grimm tomonidan boshlangan. Bu ishga keyinchalik turli olimlar hissa qo‘yshib, 1971 yili yakunlangan. 33 jildli ushbu lug‘at 34519 betdan iborat.

— Barcha zamon va xalqlarning eng mashhur yozuvchisi Agata Kristidir. Uning detektiv hikoyalari 50 dan ortiq tilda hammon chop etilmoqda. Kristining nashr etilgan kitoblari nusxasi 2 milliarddan oshadi.

— Dunyodagi eng og‘ir kitob Britaniya muzeyida saqlanuvchi XVII asrga oid geografik atlasdir. Uning bo‘yi 1,9 metr, og‘irligi 320 kilogrammdir.

— Google dunyoda chop etilgan barcha badiiy, publitsistik, ilmiy asarlar sonini hisoblab chiqqan. Ularning soni 130 milliondan oshadi.

— Napoleon daqiqasiga 2000 ta so‘zni o‘qiy olgan.

— Dunyodagi eng mashhur kitob qahramoni — Napoleondir. U haqda 10000 dan ortiq turli janrdagi kitoblar yozilgan.

— 95 % insonlar daqiqasiga 210 so‘z yoki 2 daqiqada 1,5 sahifa kitob o‘qiydilar.

— Balzak yarim soatda 200 bet kitob o‘qigan.

— Ma’lumki, qadimda kitob juda qimmat bo‘lgan. 18-asrgacha ba’zi kutubxonalarda kitoblar o‘g‘irlanmasligi uchun zanjirga bog‘lab qo‘yilgan.

— Kitobni sekin o‘qilganda 100 foiz matn tushunilmaydi, faqatgina 60 foiz anglanadi, aksincha, tez o‘qilganda matnning 80 foizi tushuniladi.

— Aksariyat o‘quvchilar kitobning 18-betidayoq unga qiziqishni yo‘qotadilar.

— Dunyodagi eng katta gonorar Rim imperatori Mark Avreliy tomonidan shoir Oppianga to‘langan. Uning baliq tutish va ov haqidagi dostonining har bir satri uchun 1 oltin tanga hadya qilingan. Uning ikki dostoni 20 000 baytdan iborat.

— Adabiyotchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Shekspir asarlaridan «sevgi» so‘zi 2259 marta, «nafrat» so‘zi esa 229 marta takrorlangan.

— Bolani o‘qishga o‘rgatish uchun eng qulay payt — 4-6 yoshlik paytidir. Bolani 7 yoshdan o‘qishga o‘rgatish biroz qiyin kechadi.

— Bastiliya mahbuslari faqatgina odamlar bo‘lmagan. Bir marta Didro va D`Alamberning «Frantsuz entsiklopediyasi»ni din va jamiyat axloqiga zarar keltirgani uchun «qamab qo‘yganlar».

— Dunyodagi eng qimmat badiiy asar Leonardo da Vinchi tomonidan ko‘chirilgan «Leychester kodeksi» kitobidir. Uni «Maykrosoft» asoschisi Bill Geyts 1994 yili Nyu-Yorkdagi «Sotbis» auktsionidan 30,8 million dollarga sotib olgan.

— Dunyodagi eng katta kitob holida chop etilgan majmua Irlandiya universiteti tomonidan 1968-1972 yillarda chiqarilgan 1112 jildli «Britaniya parlamenti hujjatlari»dir. To‘liq majmua 3,3 tonnani tashkil etadi. Uni to‘liq o‘qib chiqish uchun 6 yil ketadi.

— Dunyodagi eng qadimiy kitob Priss papirusidir. U eramizdan avvalgi 3350 yili yozilgan. Ushbu qo‘lyozma uni 1839 yili Fivadan topgan Emil Priss sharafiga shunday nomlangan. Qo‘lyozma muallifi — fir’avnning vaziri Pta-Gotep. U yoshlarning tarbiyasizligi, dangasa va axloqsizligidan noligan.

— Hozirgi paytda dunyodagi eng katta kitob — «Bu — Muhammad (s.a.v.)» deb nomlangan bo‘lib, og‘irligi 1,5 tonnadir. Kitob 429 sahifadan iborat. Uni 9 oy davomida 50 kishi tayyorlagan. 2,7 million dollar sarflangan. Kitob Dubaydagi savdo markazida saqlanadi.

— Mashhur golland vrachi German Burxavening «Tibbiyot san’atining yagona va teran sirlari» nomli kitobi muallif o‘limidan so‘ng 1738 yili 10000 dollar oltinga auktsionda sotilgan. Bejirim bezalgan va g‘iloflangan kitob ochilganida uning barcha sahifalari bo‘sh edi. Faqatgina ilk sahifasida shunday yozilgan edi: «Boshingni sovuqda qoldirsang ham oyog‘ingni issiq tut. Shundagina sen eng zo‘r vrachlarni ham kambag‘al qilasan».