KO’RSODIQ

KO’RSODIQ — mahalliy o’rik navi. Daraxti baland, shox-shabbasi yoyilib o’sadi. Barglari yirik. Mevasi o’rtacha, 35-40 gramm, dumaloq. Po’sti yupqa, sertuk, eti to’q sariq, ta’mi xushxo’r, suvli, shirin. Mevasi tarkibida 14-16% qand, 0,6—1,09% kislota, 23,8 mg % vitamin S bor. Danagidan oson ajraladi. Danagi yirik, mag’zi shirin. Ko’chati o’tqazilgach, 7-8-yili hosilga kiradi, mevasi iyun oxiri — iyulning boshlarida pishadi. 30-40 yoshida tupidan 200-300 kilogramm hosil olinadi. Mevasi, asosan, quritiladi (32-33% turshak tushadi), kompot, murabbo pishiriladi. Kasalliklarga chidamli nav. Samarqand, Buxoro, Jizzax, Surxondaryo viloyatlarida, Farg’ona, Toshkent viloyatlarining tog’oldi hududlarida ekiladi.