“Nasoyim ul-muhabbat”
“Nasoyim ul-muhabbat” (“Sevgi shabadalari”) — Alisher Navoiy asari. 1495-96 yillarda Abdurahmon Jomiyning “Nafohat ul-uns” asari ta’sirida yozilgan. Jomiy asariga tanqidiy qaragan Navoiy “burung’i zamondag’i mashoyixdin barchasining zikrin qilmaydurlar va o’z muosirlarining ko’pini, o’zlarin ham bitmaydurlar” der ekan, asarda Jomiy, Lutfiy, Ashraf Muflisiy, Shayx San’on, Nosir Xisrav, Nasimiy va shular qatori Ahmad Yassaviy, Sulaymon Boqirg’oniy kabi “turk mashoyixlari” haqida ma’lumot beradi. Navoiy asarda ilova qilingan shaxslarning faqat sufiyona qarashlarinigina yoritmasdan, adabiyot va jamiyatdagi o’rnini belgilashga ham katta e’tibor bergan. “Nasoyim ul-muhabbat” Navoiyning didaktik qarashlari, tarjimonlik va tadqiqotchilik faoliyati hamda estetik qarashlarini o’rganish uchun muhimdir. “Nasoyim ul-muhabbat”ning ba’zi nusxalari O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti qo’lyozmalar fondida saqlanadi (inv. № 3415, 857 3420, 8514, 1825).