Para

Para — Braziliyaning shimoliy qismidagi shtat. Maydoni 1253 ming km2. Aholisi 6,1 million kishi (2000), asosan, metislar (mahalliy nomi — Kaboklu). Ma’muriy markazi — Belen shahri, boshqa yirik shaxri — Santaren. Shtat Sharqiy Amazoniyada joylashgan, shimoliy va Janubdan Gviana tizmalari va Braziliya yassitog’ligi o’rab turadi. Iqlimi ekvatorial, nam va issiq iqlim. O’rtacha oylik temperatura 26-28°. Yillik yog’in 1500-2500 mm. Asosiy daryolari: Amazonka va uning irmoqlari. Nam ekvatorial o’rmonlar, shimolda Savannalar bor. Para — mamlakatning yirik, biroq aholisi siyrak shtatlaridan. Iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlari — o’rmonchilik va qishloq xo’jaligi. O’rmondan Brazil yong’og’i, kauchuk yig’iladi, yog’och tayyorlanadi. Amazonka havzasida dehqonchilik rivojlangan. Asosiy qishloq xo’jalik ekinlari: jut, sholi, maniok, shakarqamish, kakao, banan, ananas, paxta, tamaki. Chorvachilikda qoramol boqiladi. Sohillarda baliq ovlanadi. Sanoati o’rmon va qishloq xo’jalik xom ashyolarini qayta ishlashga ixtisoslashgan. Kon sanoati rivojlangan. Temir va marganes rudalari, oltin, olmos, tog’xrustali, boksit konlari topilgan.