Sohibqiron davlatining ichki hayoti, harbiy islohot

Temur zamonasining buyuk imperiyasini barpo qilgan bo’lsa-da, ammo u umrining oxirigacha o’zini bu davlatning “qonuniy” xoni deb e’lon qila olmadi. Chunki u nasl-nasabi jihatidan chingiziylar sulolasiga mansub emas edi. Shuning uchun ham Amir Qozog’on tomonidan belgilangan an’anaga ko’ra, Temur avval o’z huzurida Movarounnahning Chingizxon avlodidan bo’lgan o’ttizinchi xoni Suyurg’atmishni (1370-1388 yillar) , uning vafotidan keyin esa Suyurg’atmishning o’g’li Sulton Mahmudxonni (1388-1402 yillar) rasmiy xon qilib ko’tarib, hatto umrining oxirigacha ularning nomidan yorliqlar chiqartiradi, pullar zarb ettiradi. Ammo har ikki xon nomigagina “xon” bo’lib, davlatning siyosiy hayotiga va Temur bergan farmoyishlarga mutlaqo aralashmasdilar. Shunga qaramasdan, Temur mamlakatda o’zining bevosita hukmronligiga qonuniy tus berish va uni mustahkamlab olish maqsadida o’zining oldingi raqibi Amir Husaynning tul xotini Saroy Mulkxonimga uylanadi. Saroy Mulkxonim Movarounnahrning Chig’atoy xonadonigan chiqqan so’nggi xoni Chingiziylar avlodi Qozonxonning qizi edi. 1370 yilda Saroy Mulkxonim bilan bo’lgan nikoh tufayli Temur o’zining amirlik darajasiga “ko’ragon”, ya’ni “xonning kuyovi” unvonini qo’shib oladi va rasmiy hujjatlarda “Amir Temur ko’ragoniy” nomi bilan yuritilishiga musharraf bo’ladi.

Temur bosib olingan viloyatlarni o’g’illari, nabiralari va nufuzli amirlariga suyurg’ol tarzida in’om qilib ular orqali boshqardi. Movarounnahrdan tashqari o’z tasarrufidagi barcha viloyat va mamlakatlarni Temur to’rt ulusga bo’ldi. To’ng’ich o’g’li Muhammad Jahongirga Balx viloyati bilan 12 ming navkarlik qo’shin, ikkinchi o’g’li Umarshayxga Fors viloyati va 10 ming askar, uchinchi o’g’li Mironshohga Ozarbayjon, Iroq va Armaniston bilan 9 ming kishilik qo’shin, kenja o’g’li Shohruhga Xuroson, Jurjon, Mozondaron, Seyiston (Sakiston) bilan 7 ming askar berildi. Garchi uluslar markaziy hukumatga itoat etsalar-da, ammo ular ma’lum mustaqillikka ega edilar. Ulus hukmdorlarining alohida davlat devonxonasi bo’lib, ularning markaziy hukumatga tobeligi xirojning bir qismini Samarqandga yuborib turish va oliy hukmdor harbiy yurishlarida o’z qo’shini bilan qatnashish yoki talab qilingan askarni yuborib turishdan iborat edi. Suyurg’ol Temur davlati tashkil etilishi arafasida joriy etilib, u “iqto’” kabi ma’lum tuman yoki viloyatlarni hukumat yorlig’i bilan G’arbdagi “feod” yoki “len” tarzida oliy hukmdor avlodlari va alohida xizmat ko’rsatgan, yuqori tabaqaga mansub zodagonalarga in’om tariqasida berishni anglatadi. Ba’zan suyurg’ol yerlari markaziy hukumatning farmoni bilan avloddan avlodga meros bo’lib ham o’tgan. Masalan, Muhammad Jahongir vafotidan so’ng unga tegishli Balx viloyatiga Kobul, G’azna va Qandahorni qo’shib, marmumning o’g’li Pirmuhammadga beriladi. Shuningdek, Temur Umarshayxning o’g’li Rustamga Isfaxonni, Mironshohning o’g’li Abubakrga Bag’dodni suyurg’ol qiladi. Shu tarzda saltanatning Movarounnahrdan tashqari qismi bir qancha bo’laklarga bo’linib ketadi. Viloyat hokimlari – shahzoda va amirlar o’z tasarrufidagi uluslarda kishvagirlik – iloji boricha mustaqil hukmronlik qilishga intilar edi. Markaziy hukumat esa vaziyat jiddiylashgan paytlardagina viloyat hokimlarni tiyish uchun ularning ichki ishlariga aralashardi. Shubhasiz, suyurg’ol tartibining kuchayishi oqibatda ayrim viloyatlarning ma’lum darajada mavqeini oshishiga olib kelgan va ichki nizolarni keltirib chiqargan. Te,ur hayotlik chog’idayoq mamlakatning chekka o’lkalaridagina emas, hatto uning markaziy viloyatlarida ham nizolar va urushlar bo’lib turgan. Lekin, cheklanmagan huquq va imtiyozlarga ega bo’lgan, kuchli qo’shinga tayangan buyuk hukmdor ayrim viloyatlarning sarkash feodal doiralari tomonidan ko’tarilgan isyonlarni va xalq harakatlarini doimo osongina bostira olardi.