Tasavvuf ta’limoti va Markaziy Osiyo sufiylik tariqatlari
Ergasheva Umida Oripovna
Jizzax davlat pedagogika universiteti
Tasavvuf SHarq ma’naviyati tarixida muhim o‘rin egallab kelgan tadrijiy taraqqiyotga ega bir ta’limot bo‘lib, islom olamida VIII asrning o‘rtalarida paydo bo‘lgan. Dastlab u zohidlik harakati ko‘rinishida kurtak yoyadi. Biroq zohidlar uzlat va taqvoni pesha etgan bo‘lishlariga qaramay, ishq va irfon (ilohiy ma’rifat)dan bexabar kishilar edilar. Zohidlarning niyati ibodat bilan oxirat mag‘firatini qozonish, Qur’oni Karimda va’da qilingan jannatning huzur-xalovatiga etishish edi. So‘fiylar (“So‘fiy” so‘zi arabcha “suf” so‘zidan hosil bo‘lgan, undan tasavvuf so‘zi kelib chiqadi, ya’ni sufiy – jun matodan kiyim kiygan odam demak) nazarida esa jannat umidida toat-ibodat qilish ham tama’ning bir ko‘rinishidir. Holbuki, so‘fiy uchun na dunyodan va na oxiratdan tama’ bo‘lmasligi kerak. YAgona istak bu – Xudoning diydoridir, xolos.
Xudo g‘azabidan qo‘rqibgina amri ma’rufni bajarish sadoqat belgisi emas, balki riyodir, deydi so‘filar, ular ilohiy ishq-muhabbatni, Allohning zoti va sifatlarini tanish va bilish, ko‘ngilni nafsu hirs g‘uboridan poklab, botiniy musaffo bir holatda Iloh vasliga etishish va bundan lazzatlanish g‘oyasini keng targ‘ib qildilar. Inson ruhi ilohiydir va, demak, asosiy maqsad – ilohiy olamga borib qo‘shilmoqdir, dedilar.
Shu tariqa,VIII asr oxiri – IXasr boshlarida dunyodan ko‘ngil uzgan, ammo zohidlarga o‘xshamaydigan, «bir nazar bilan tuproqni kimyo etadigan» (Hofiz SHeroziy) zehnu zakovat, aqlu farosatda tengsiz, ammo o‘zga mutafakkirlar, faylasuflardan ajralib turadigan, shariat ilmini suv qilib ichgan, toatu ibodatda mustahkam, lekin oddiy dindorlardan farqlanadigan ajoyib xislatli odamlar toifasi paydo bo‘lgan ediki, ularni ruh kishilari yoki ahlulloh, avliyo, ahli hol, ahli botin, arbobi tariqat, darvesh, qalandar, faqir degan nomlar bilan tilga olardilar.
Shunga ko‘ra, olimlar tasavvuf tarixini dastlab ikki davrga ajratadilar: birinchi – zohidlik davri, ikkinchisi – oriflik va oshiqlik davri. So‘fiylarning o‘zini ham orif so‘fiylar, zohid so‘fiylar, rind so‘fiylar, faqir so‘fiylar, faylasuf so‘fiylarga ajratish mumkin. Oriflik davri deb ataganimiz ikkinchi davr ham bir necha bosqichlarga ega. Chunonchi, IX-X asrlar – xonaqohlarning paydo bo‘lishi, tariqat rusumlarining shakllanish davri. XI-XII asrlar – tasavvuf maktablari, silsilalarning tarkib topish davri. Bunda Misr, Bag‘dod, Basra, Buxoro, Nishopur, Termiz, Balx shaharlari tasavvuf va tariqat markazlari sifatida muhim rol o‘ynagan. Natijada Misr, Xuroson, Movarounnahr, Iroq va Turkiston maktablari shuhrat topgan.
XIII asr oxiri – XIV asr boshlari tasavvuf tarixida alohida bir mahsuldor davridir. Bu davrga kelib, tasavvuf ham nazariy-ilmiy nuqtai nazardan, ham amaliy harakatchilik nuqtai nazaridan o‘zining yuksak cho‘qqisiga ko‘tarildi. Tasavvuf adabiyotining gullashi ham shu davrga to‘g‘ri keladi. Ayniqsa, Najmiddin Kubro (1145-1221), YAh’yo Suhravardiy (1155-1191), Muhyiddin Ibn Arabiy (1165-1240), singari mutafakkir shayxlar, Ahmad YAssaviy (vaf. 1166), Farididdin Attor (vaf. 1220), Jaloliddin Rumiy (1207-1273) kabi ulug‘ so‘fiy shoirlar tasavvuf ilmining doirasini kengaytirdilar, uni falsafa va hikmat bilan boyitdilar. Agar IX-XI asrlarda tavhid asoslarini chuqurlashtirishga katta e’tibor berilib, tasavvufning fano va baqo kabi tushunchalari, Haqqa vosil bo‘lish mayli shiddat bilan targ‘ib qilingan bo‘lsa, XIII asr o‘rtalaridan boshlab, tafakkuriy-aqliy yo‘nalish etakchilik qila boshladi. Bu falsafiy oqim tasavvuf tarixida «vahdatul vujud» nomi bilan shuhrat topdi. So‘fiylar endi koinot tuzilishi, odamlarning hususiyatlari, olam va odam munosabatlari, komil inson anglamlari bilan bosh qotiradigan bo‘ldilar. Natijada Ibn Arabiy va Jaloliddin Rumiy kabi zotlarning asarlarida butun bir falsafiy-irfoniy tizim o‘z ifodasini topdi, ular ilohiy kashfu karomat, ruhiy-psixologik holatlar, botiniy latifliklar bilan birga real insoniy hayot haqida ham ko‘p ajoyib fikrlarni bayon etdilar. SHunday qilib, tasavvuf SHarq fikriy taraqqiyotidagi ko‘p asrlik tajribalarni o‘z ichiga qamrab olib, uni rivojlantirdi, din va falsafa, hikmat va vahdat, kalom va hadis ilmlaridan oziqlanib, ilohiy ilmlar bilan dunyoviy ilmlarni o‘zaro bog‘lashga harakat qildi. Natijada tasavvuf SHarq kishisining tafakkur tarzi va axloq normasini belgilaydigan hodisa – fenomenga aylanib qoldi.
Shu zaylda, tasavvuf tarixi islom tarixi bilan birga rivojlanib, islom madaniyati va ma’rifatiga o‘lkan hissa bo‘lib qo‘shildi. Agar dastlabki paytlarda Kufa, Basra va Bag‘dod shaharlarida sanoqli darajada zohid sufiylar yashagan bo‘lsa, bora-bora musulmon olamida shayxu mashoyixlar, so‘fiy darveshlar, qalandarlarning soni ko‘paydi, yuqorida aytganimizday, bu o‘ziga xos bir harakatga aylandi. Birgina Abdurahmon Jomiyning «Nafahotul uns minal hazarotul quds» nomli kitobida 664 ta shayxu so‘fiyning nomi zikr etiladi. Bu XV asrgacha yashab o‘tgan atoqli so‘fiylar tazkirasi, vaholanki, ulardan ko‘plarining nomi Jomiy kitobida zikr etilmagan. Navoiy ularning bir qismini «Nasoyimul muhabbat» asariga kiritgan. Shulardan yuzdan ortiqrog‘i Turonzaminda etishib chiqqan buzurgvorlar hisoblanadi. XV asrdan keyin ham yana qancha azizu avliyo yashab o‘tganligi ma’lum.
Shu tarixiy jarayonda tasavvufning nazariy asoslari ishlab chiqildi, so‘fiylarning amaliy, ruhiy-psixologik mashqlari, o‘z-o‘zini tarbiyalash va chiniqtirish tadbir-usullari shakllandi. Tariqat, ma’rifat, haqiqat degan tushunchalar yuzaga kelib tasavvufning ushbu uch qismiga oid qarashlar majmui tuzildi – tasavvuf alohida ilm sifatida qaror topdi. So‘fiylar dastlabki paytlar tasavvufni nuqul siru asror, tushuntirib bo‘lmaydigan holatlar («iboraga kelmaydigan ishoratlar») deb hisoblagan bo‘lsalar, bora-bora bu holatlar haqida fikr-mulohazalar bayon qilina boshlandi, so‘fiyni tarbiyalash vazifasi, pir-muridlik qoidalari, odobini yaratish zarurati tug‘ildi.
Tasavvufning ilk davrida maqomot va tariqat asoslarini ishlab chiqish, so‘fiylik yo‘riqlarini belgilash va ilohiy haqiqatlarni el orasiga yoyishda Abuali al Horis Muhosibiy (781-857), Zunnun Misriy (796-861), Abuyazid Bistomiy (vafoti 875), Junayd Bag‘dodiy (vafoti 910), Hakim Termiziy (vafoti IX asr oxiri) va Mansur Halloj (858-922)larning xizmati katta bo‘lgan. Keyinchalik Abusaid Abulxayr (967-1049), Abdulloh Ansoriy (1006-1089), Ahmad YAssaviy (vafoti 1166), YAhyo Suhravardiy (1155-1191), Ibn Arabiy (1165-1240), Najmiddin Kubro (1145-1221), Bahouddin Naqshband (1318-1389) kabi shayxul mashoyixlar tasavvuf ilmini yangi fikrlar, qarashlar bilan boyitdilar, yangi oqim, silsilalarini vujudga keltirdilar. Tasavvuf haqida bir qancha risola va kitoblar yozildi, tasavvuf g‘oyalarini qizg‘in targ‘ib etuvchi ulkan she’riyat vujudga keldi. Tasavvufga oid nazariy kitob va qo‘llanmalardan Abunasr Sarroj (vafoti 988 yil)ning «Kitob al – luma’», Abubakr al – Kalabodiy (vafoti 990 yil)ning «Kitob at – taarruf», Abu Tolib Makkiy (vafoti 998 yil)ning «Qut al – qulub», Abdurahmon Sulamiy (vafoti 1021 yil)ning «Risolat al – malomatiya», Qushariy (vafoti 1072 yil)ning «Risola fit tasavvuf», Al – Hujviriy (vafoti 1076)ning «Kashf al – mahjub», Abdulloh Ansoriyning «Manozil as – soirin», Farididdin Attor (1119-1222)ning «Tazkirat al – avliyo» nomli asarlarini ko‘rsatish mumkin. Bulardan tashqari, Rumiy, Hofiz SHeroziy, Mahmud SHabistariy asarlariga yozilgan sharhlar ham so‘fiyona ishora va tamsillarni anglashda muhim rol o‘ynagan.
Tasavvufga oid ilmiy kitoblar va dasturlarda tariqat atamalari, maqomot manzillarini tushuntirishga ko‘p e’tibor beriladi. «Tariqat» so‘zining ma’nosi yo‘l demak. YA’ni ilohiy ma’rifatni egallashga bel bog‘lagan kishining ruhiy-axloqiy kamolot yo‘li. Tariqatni tasavvufning amaliy qismi deb ta’riflaydilar. Darhaqiqat ham shunday, chunki pir-muridlik qoidalari, odobiga rioya etish, solik (ya’ni tariqatga qadam qo‘ygan yo‘lovchi) bajarishi kerak bo‘lgan barcha yo‘riqlar, irodat va ishorat usullari shu tariqat ichiga kiradi. Tariqat va uning maqomotlari, ma’lumotlarga qaraganda, birinchi marta Zunnun Misriy tomonidan bayon etilgan ekan. Abdulloh Ansoriy yozadikim, Zunnun Misriyni faqat «karomat bilan sitoyish» qilish kifoya emas, chunki uning «ilgida maqom va hol suxra erdi», ya’ni maqom va hol ilmi Zunnun qo‘lida o‘yinchoqday gap edi (A.Navoiy «Nasoyimul muhabbat»). Navoiy yozadi: «Ul kishikim ishoratni ibodatg‘a kelturdi va bu tariqdin so‘z aytdi ul erdi».
Demak, Zunnun birinchilardan bo‘lib, so‘fiyona holatlar, karomatlarni so‘z bilan ifodalagan. Zunnunning o‘zi hikoya qilib deydiki, uch safar qildim va uch ilm keltirdim: avvalgi safarda bir ilm keltirdim, xos ham, avom ham qabul qildilar, ikkinchi safarda yana bir ilm keltirdim, xos qabul qildi, ammo avom qabul qilmadi, uchinchi safarda yana bir ilm hosil qildim, na xos qabul qildi va na avom. (Tasavvuf ahli xos deganda ilmi holdan xabardor so‘fiylarni, avom deganda esa, tasavvufga oshno bo‘lmagan kishilarni nazarda tutganlar.) Zunnun aytgan birinchi ilm shariat ilmidir, chunki shariat xosga ham avomga ham birday tegishli. Ikkinchi ilm – tariqat yoxud muomalat va muhabbat ilmi, uchinchisi esa – haqiqat, ya’ni Iloh haqidagi ilmdir.
Agar Zunnun tasavvufdan birinchi bo‘lib «so‘z aytgan» bo‘lsa, Junayd Bag‘dodiy «bu ilmga tartib berib, bast qilib (jamlab), kutub bitidi» («Nasoyimul muhabbat»). So‘ngra Junaydning kichik zamondoshi SHayx Abubakr SHibliy bu ilmni minbar ustiga olib chiqib, elga oshkor qildi. Birinchi bo‘lib muridlarga rahnamolik qilgan ham yuqorida nomlari tilga olingan shayxlar bo‘lgan.
Muridning asosiy xislati niyozmandlik, ya’ni talabgor bo‘lish, murshidi komilning etagini tutib, aytganlariga so‘zsiz rioya qilishdir. Pirsiz solik manzilga etolmaydi. CHunki odam o‘zini nazorat qilishi qiyin, toki birov rahnamolik qilib, yo‘l ko‘rsatmasa, mushkuli oson bo‘lmaydi. (Buni Alisher Navoiy «Lisonut tayr» dostonida Hudhud va talabgor qushlar misolida yaxshi ko‘rsatib bergan). Hatto eng yaxshi niyatlar ham agar rahnamo bo‘lmasa, samara bermay, qalbdagi zavqu shavq noto‘g‘ri yo‘lda sarf bo‘lishi, muhabbat isyonga aylanishi hech gap emas.
Shuni e’tiborga olib, tajribali pirga qo‘l berib, iroda-ixtiyorni unga topshirganlar. SHu ma’noda tariqatni irodat ham deydilar. YA’ni irodani shayx irodasiga muvofiqlashtirish, shayx irodasini o‘z irodasi deb bilish. Muridga rahbarlik qiluvchi pirning o‘zi ajzu iztirob yo‘li – tariqat maqomlarini eson-omon bosib o‘tgan, qalbi Iloh ma’rifatiga limolim orif inson bo‘lishi kerak. Pir har jihatdan muridga o‘rnak bo‘lmog‘i darkor: ham bilimning chuqurligi, ham tariqat usullarini yaxshi bilishi, ham ko‘ngilning pokligi, nafsini mahv etganligi va hokazolar bilan ajralib turishi, salobati, so‘zi va harakati bilan, suhbati va nazari bilan, tadbiri va himoyasi bilan muridga ta’sir o‘tkazmog‘i lozim.
Shuni ham aytish kerakki, soliklarning iste’dodi xilma-xil bo‘lganday, pirlarning murabbiylik qobiliyati ham turlicha bo‘lgan. Ba’zi shayxlar muridga tariqat odobini o‘rgatganlar, ya’ni uni xoksorlik, taslim va itoatga keltirish, manmanlik, hirsu havo kabi tuyg‘ulardan xalos etish bilan shug‘ullanganlar. Ba’zi shayxlar muridga ruhiy karomati, mo‘‘jizalari bilan ta’sir etganlar. YAna bir qism shayxlar shogirdlariga tasavvuf asoslarini o‘rgatish, nazariy bilimlar bilan qurollantirishga e’tibor qilganlar.
Masalan, hazrati Bahouddin Naqshbandning bir nechta pirlari bo‘lgan. Navoiyning yozishicha, Xoja Bahouddinga «qabul nazari» Boboyi Samosiydandir. Boboyi Samosiy yosh Bahouddinni Amir Sayid Kulolga topshiradi. Amir Sayid Kulol tariqat odobi ta’limini davom ettirgan. Biroq, hazrati Naqshband ancha ilgari vafot etgan Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniyni va Qusam shayxni ham o‘z pirlari qatoriga qo‘shadi. Nega? CHunki, Amir Sayid Kulol zohir yuzasidan pir bo‘lsalar, «haqiqat yuzasidan» ruhiy tarbiyatni hazrati Bahouddin Abduxoliq G‘ijduvoniydan olgan. Bunday g‘oyibona ruhiy-ma’naviy tarbiya olishni tasavvufda «uvaysiylik» deydilar. Sababi Uvays Qaraniy g‘oyiban Hazrati Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ruhlaridan madad olganlar, bu shunga ishora.
Faqat shuni ta’kidlash zarurki, murid tarbiyasidan asosiy maqsad axloqni poklash, nafsni o‘ldirish, odamdagi o‘ziga bino qo‘yish, takabbur, xudpisandlikni yo‘q qilish edi. Murid pir qo‘lida ruhiy-ma’naviy zinalardan ko‘tarilib boradi. Iloh sari muhabbati oshib, dunyo muhabbati ahamiyatsiz bo‘lib boravergan.
Shu bois tariqatda maqomot va hol tushunchalari muhim o‘rin tutadi. «Maqomot» – maqom(manzil, bekat) so‘zining ko‘pligi bo‘lib, solikning ruhiy-ma’naviy kamoloti bosqichlarini anglatadi. Abunasr Sarroj tariqatning quyidagi maqomlarini qayd etgan:
- Tavba, 2. Vara’, 3. Zuhd, 4. Faqr, 5. Sabr, 6. Xavf, 7. Rajo, 8. Tavakkul, 9. Rizo.
Tavba – qaytish demak, ya’ni kamolotga, oliy axloqiy sifatlarga qaytish. Tavbani bobul abvob – eshiklarning eshigi ham deydilar, chunki tariqatga qadam qo‘ygan odamning niyati va mohiyati avvalo shu tavbasida ayonlashadi. Tavbaning haqiqati shuki, solik Xudoga etishish yo‘liga g‘ov bo‘ladigan jamiki narsalardan qaytishga qasamyod etadi, butun intilishi, tavajjuhini Ollohga qaratadi, avvalgi hayot tarzidan butunlay voz kechadi. Tavba kufrdan, shariat man’ etgan nahyi va yomon ishlardan qaytish, zamima axloqdan hamida axloqqa qaytish, Haqning g‘ayri bo‘lgan narsalardan qaytish kabilarni o‘z ichiga oladi.
Vara’ so‘zining ma’nosi parhez, taqvo bo‘lib, bulg‘anishlardan, ma’naviy zarar keltiradigan shubhalardan saqlanish demakdir. SHibliyning ko‘rsatishicha, vara’ning uch ko‘rinishi bor: til vara’i, ya’ni tilni bema’ni gaplar uchun ishlatmaslik, g‘iybat-tuhmatga berilmaslik; ko‘z vara’i – shubhali narsalardan saqlanish, g‘aliz shakllarga boqmaslik; qalb vara’i, ya’ni past himmatni tark etish va noxush qiliqlarni qilmaslik.
Zuhd – vara’ning davomi hisoblanadi, bu ham parhez qilish demakdir. Ammo bunda taom va ichimlikdan saqlanish, halol va haromni ajratishga alohida ahamiyat beriladi. Zuhd so‘fiy uchun dunyo va oxirat tarki, dunyo moliga ega bo‘laman deb intilmaslikdir.
Faqr – ma’nosi qashshoqlik, benavolik. So‘fiylar nazdida ulug‘vor ilohiy mohiyat kasb etish bo‘lib, Xudoga bandalikni sidqidildan oliy darajada bajo keltirish, bandalikdan sharaf topish, niyozmandlik va talabgorlikda yo‘ldagi tuproq misol nomu nishonasiz bo‘lish, Iloh nazdida o‘zini zarra, balki zarradan ham kam deb hisoblash. Va shu martabada komillik rutbasini qozonish ham.
Sabr – toqat, chidam. So‘fiylar tilida qiyinchiliklardan shikoyat qilmaslik, ayniqsa, Xudodan boshqaga nola-iltijo qilmaslik. Sabr etuvchi (sobir) o‘zini balo girdobiga solib, balolardan qo‘rqmaydigan odamdir. Ruhiy-ma’naviy mushkilliklar yuz berganda, sabr qilgan solik kushoish topadi, yangi manzillarni kashf etadi. Sabr – iymonning yarmi deydilar, chunki so‘fiyning dushmani bo‘lgan nafs sabr orqali jilovlanadi.
Xavf – qalbning ishonchdan, iymon amnidan chiqishi, ikkilanish, tahlika. Vaqtinchalik shayton nayrangi ham ko‘ngilga xavf-qo‘rquv soladi. Solik azobdan emas, balki makrdan, nafs makridan qo‘rqadi. Vaholanki, shayton iymoni mustahkam odamdan qo‘rqishi kerak.
Rajo – umidvorlik. Qalbning kelajakda Mahbub vasliga etishidan umidvorligi, xavfdan qutulish umidi. Dilning sog‘inchi, intiqliklari ham shunga kiradi.
Tavakkul – barcha yaxshi-yomon hodisalar, ishlarni Xudodan deb bilish, kullan Parvardigorga suyanish. Tavakkul ilohiy fayzga e’timodli kishining iymonidir. Bu ma’rifat kamolidan keladigan oliymaqomdagi iymondir. Inson juda ko‘p narsalarni qila oladi, ammo bu harakatlarning bari Ulug‘ Alloh qudrati tufayli, Qudratining namoyon bo‘lishi ekanini anglash shart.
Rizo – qalbdan qabohat-kirlarning ketishi, qazoyu qadar hukmiga bo‘ysunish, nafs roziligidan chiqib, Haq roziligiga kirishdir. Qazo – amriga taslim bo‘lgan qalbning sururi. Rizo – bandaning o‘z rizosidan chiqib, Mahbub rizosiga kirishi, ilohiy qismatga zarra e’tiroz qilmasligidir. Solikda ushbu maqomda hech narsadan g‘azab, hayajon, gina-kudurat va xafalanish bo‘lmaydi.
Maqomat darajalarini bir-bir egallab, muvaffaqiyatga erishgan solik hol martabasiga etadi va tasavvur-taxayyulda ilohiy jamolni mushohada qila boshlaydi, qalbini zavqu shavq qamrab oladi. U shunday bir holatga ko‘tariladikim, butun a’zolari go‘yo Alloh deydigan, har nafasi Buyuk Allohning borligidan xabar beradigan bo‘ladi.
Holda orqaga qaytish yo‘q, o‘zgarish faqat oldinga qarab sodir bo‘ladi. Holga kirgan solikning tili emas, dili so‘zlay boshlaydi, u kechinmalari, holatini harakat – ishoralar, fe’l-atvor orqali izhor etadi. Hol ruhiyat bilan bog‘liq bo‘lgani uchun u tasavvufda maxsus ilm – ilmi hol orqali o‘rganilgan. Tasavvuf ahli orasida «ilmi qol» va «ilmi hol» degan tushunchalar bo‘lgan. «Ilmi qol» til bilan ifodalasa bo‘ladigan ilmlar, ya’ni zohiriy ilmlar, chunonchi shariat ilmi ham shunga kirgan. «Ilmi hol» esa insondagi so‘z bilan tushuntirib bo‘lmaydigan g‘aroyib ruhiy kechinmalar, favqulodda fe’l-atvor, xislatlarning namoyon bo‘lishidir.
Xuddi maqomotning bosqichlari bo‘lganiday, holning ham tasnif-ta’rifga keltirilgan bosqichlari mavjud. CHunonchi: 1. Qurb, 2. Muhabbat, 3. SHavq, 4. Uns, 5. Mujohida, 6. Mushohida, 7. Mukoshifa.
Qurb (yaqinlik) – solikning o‘zini Alloh taologa yaqinlashganini his etish holati, Xudoning huzurini bevosita sezish, Xudo nigohining tushishini ham anglatadi. Qurbni so‘fiylar ko‘pincha Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallamning Me’roj tuni Alloh huzuriga etganlari bilan qiyoslaydilar.
Muhabbat – qalbda kuchli tug‘yonning ko‘tarilishi, betoqat va bezovta bo‘lib, barcha go‘zalliklar manbai, qudratu nusrat, ne’matu rohat egasi Alloh tomon talpinishdir.
SHavq – muhabbatning zo‘rayishi.
Uns – ko‘nikish, Xudo mehriga, shafqatiga odatlanish.
Mujohida – nafsni mahv etishga qat’iy intilish, tanga mashaqqatni ravo ko‘rib, ma’naviyat uchun jihod, ya’ni jangga kirish va g‘alaba qilish demak. Mana shunday jiddu jahd, shiddatli ruhiy iztiroblardan keyin solik Haq jamolini mushohida eta boshlaydi.
Mushohida (ko‘rish) esa o‘z navbatida g‘ayb pardalarining ochilib, ilohiy sirlarning kashf etilishiga yo‘l ochadi – mukoshifa martabasi hosil bo‘ladi. Albatta, bu martaba – manzillarning ketma-ketlik tartibini shartli, deb bilmoq kerak. CHunki bu holatlar solikda navbatma-navbat yuz berishi ham yoyinki birdaniga bir necha xislat sohibiga aylanishi ham mumkin. Tariqat maqomotlari bilan hol martabalari orasidagi aloqalar xususida ham shu gapni aytish mumkin.
Muridning maqomlar sari ruhiy safarida zikr, chilla o‘tirish, pir bilan suhbat, samo’ majlislari uyushtirish muhim rol o‘ynagan. Solikning ruhiy-ma’naviy kamolotini «sayr» yoki «safar» so‘zlari bilan tushuntirganlar. Sayr va safar to‘g‘ri ma’noda ham qo‘llanilgan. CHunki safar qilish ajzu riyozat turlaridan biri hisoblangan. Ko‘p so‘fiylar musulmon mamlakatlarini piyoda kezib chiqqanlar, atoqli shayxlarning suhbatiga etishganlar. Ayniqsa, piyoda haj safariga borish so‘fiy uchun katta sharaf deb qaralgan. Lekin tariqat safari deganda aksari ruhiy safar tushuniladi. Safar – ko‘ngilning Haq sari tavajjuhi.
Sayr va safar tushunchalarini izohlaydigan bo‘lsak, quyidagi ma’no hosil bo‘ladi: birinchi safar – kasrat (dunyo) pardalarining vahdat (Iloh) yuzidan ko‘tarilishi; ikkinchi safar – vahdat pardasini kasrat vujudidan ketkazish va botin orasidagi qaydlarni bartaraf etish, aynan dunyoning o‘zida Uni ko‘rish; uchinchi safar – zohir (juz’)dan jam’ sari taraqqiy etish va to‘rtinchi safar – haqdan yana xalqqa qaytishdir. Haqdan xalqqa qaytish deganda so‘fiylar orasida: «rasti-rasidi» («uzilding-etding») degan ibora bor. Buning ma’nosi xalqdan uzilsang – Haqqa etasan, demakdir. Ammo bu ibtidodagi niyat, bunga erishgandan keyin esa, endi so‘fiy xalqqa Haq nomidan gapira olishi mumkin bo‘ladi, shu bois xalqqa qaytish yana dunyo mashg‘ulotiga qaytish emas, balki dunyoga Alloh nurini taratishdir.
Haq yo‘liga kirgan darveshning ana shunday ruhiy iztiroblar safaridan so‘ng qo‘lga kiritgan ma’naviy ma’rifati tufayli u shaxsiy «Men»dan qutuladi va to‘laligicha Mutlaqiyatga qo‘shilib, u bilan qorishib, erib ketadi. So‘fiylar buni qatraning dengizga qo‘shilishi yoxud qizitilgan temirning olov bilan bir xil tus olishi bilan qiyoslab tushuntirganlar. Darhaqiqat, qatra – dengizdan nishona, dengizning mohiyati qatrada ifodalangan. SHu singari inson ruhida ham Iloh sifatlari mujassam. Biroq moddiylik uni Ilohdan ajratib turadi. Aslidan ajralgan, vaqtincha g‘ariblikda, musofirlik (safar)da bo‘lgan inson ruhi hijron dog‘ida qiynalib azob chekadi. Ammo ruh moddiylikdan poklansa, musaffo shabnamday bo‘lib, Dengizga – o‘z asliga borib qo‘shilishi mumkin. Bu vasl faqat ilohiy ma’rifat orqali, ya’ni o‘z-o‘zini anglash, tanish va shu asosda o‘z Rabbini tanish orqali qo‘lga kiritiladi.
SHunday qilib, ilohshunoslik ilmi – teosofiya bo‘lgan irfon yoki ma’rifat («ma’rifat» so‘zi arabcha «arafa» – bilmoq so‘zidan yasalgan) tariqatning hosilasi va bevosita davomidir. So‘fiylar nazarida ma’rifat fikrdan oldin ketadigan va shubhaga zarracha asos qoldirmaydigan ilmdir. Ma’rifat ilmi botiniy ilm deb ham yuritilgan. CHunki tasavvuf ahli dunyoviy va diniy ilmlarni birga qo‘shib, «zohiriy ilmlar» deb ataganlar. Ularning uqtirishicha, zohiriy ilmlar bilan Xudoni bilish qiyin. Biroq, boshqa bir nuqtai nazar ham bor: garchi zohiriy bilimlar Haq taolo asrorini anglashga yaroqsiz bo‘lsa-da, lekin dunyoni bilish Allohni bilishning birinchi bosqichi, ya’ni Allohni bilish dunyoni bilishdan boshlanishi kerak, chunki dunyo – kasrat ko‘plik olami, Allohning ijodi. Uning sifatlari, qudratini namoyon etib turadigan ko‘zgu. Moddiy dunyodagi jamiki ilm, insonlarning to‘plagan hikmat-donishlari, hali ochilmagan barcha siru asrorlar Allohga tegishli, Alloh – hikmatlarning jamuljami, bizning bilimlar esa – Uning tafsiri, sharhi. Demak, biz Rabbimizni bilish uchun tafsirdan Buyuk aslga qarab borishimiz kerak.
Tasavvuf g‘oyalarining tarqalishi, darveshchilik harakatining rivoj topishiga turli pirlar, atoqli shayxlarning nomi bilan bog‘liq tariqatlarning ahamiyati katta bo‘lgan. Tariqat (yoki suluk – yo‘llar) bir-biridan, avvalo islomdagi ikki mazhab – shia yoki sunnaga rag‘bati bilan, ikkinchidan, shariatga munosabati bilan, uchinchidan, muayyan tariqat tarqalgan aholining qadimiy tasavvur-odatlari, madaniy darajasi bilan va, nihoyat, to‘rtinchidan har bir piri murshidning tarbiya usuli, ma’qul deb hisoblagan ruhiy-ma’naviy ta’sir vositalari bilan o‘zaro farqlangan. Masalan, Mesopotamiya va Eron, Hurosonda tafakkuriy-irfoniy yo‘nalish, Turkiya, Afrika mamlakatlari, qisman Hindistonda shariatga zich bog‘langan yo‘nalish, Movarounnahrda ham irfoniy va ham shariat izmidagi yo‘nalishlar birgalikda yoyilgan. Tariqatlarning soni elliktadan ortiq. CHunonchi, tayfuriya, zahabiya, hurufiya, hallojiya, shozaliya, junaydiya, suhravardiya, safariya, qodiriya, ne’matullohiya, chishtiya, nizomiya, bektoshiya, nurbaxshiya, mavlaviya, malomatiya, qalandariya, ma’rufiya, firdavsiya, nuriya, qushayriya, xalvatiya, adhamiya, ahmadiya va hokazo.
Bulardan tayfuriya (Tayfur Boyazid Bistomiy nomi bilan bog‘liq), hakimiya (Hakim Termiziy nomi bilan bog‘liq), hallojiya (Mansur Hallojga nisbat beriladi), suhravardiya (YAhyo Suhravardiy nomi bilan bog‘langan) oqimlar ko‘proq nazariy tomonlari bilan ma’lum. CHunki Bistomiy, Hakim Termiziy, Junayd Bag‘dodiy yoki YAhyo Suhravardiy maxsus xonaqo tariqatini tuzib, solik tarbiyasi bilan shug‘ullanmaganlar. Ularning tarafdorlari bor, xolos. Qalandariya, malomatiya kabi oqimlar esa biror shayx nomi bilan bog‘liq bo‘lmagan, alohida yo‘nalishlardir.
Markaziy Osiyoda tasavvuf IX asr o‘rtalaridan boshlab tarqala boshlagan. Dastlab Balx, Termiz, Nasaf shaharlari, so‘ngra Buxoro, Xiva, Samarqand, Turkiston, Toshkand shaharlarida ham nazariy va ham amaliy ishlar bilan shug‘ullanadigan pirlar etishib chiqdilar. Avliyolik haqidagi birinchi kitob bo‘lgan Hakim Termiziyning “Xatmul avliyo” asari Termizda yozildi. Markaziy Osiyoda quyidagi tariqatlar qadimdan keng tarqalgan: hakimiya,qodiriya, yassaviya, kubraviya va naqshbandiya (yoki «xojagon»).
Qodiriya tariqati eronlik shayx Geloniy (1077-1166) nomi bilan bog‘liq. U asosan Bag‘dodda yashab karomatlar ko‘rsatish, ilmu riyozat bilan shug‘illangan. Sunniy mazhabidadir. Abulqodir Geloniy Junayd Bag‘dodiyning «sahv» (hushyorlik) konsepsiyasini rivojlantirgan, u muridlari orasida «Buyuk madadkor» (G‘avsul a’zam) nomi bilan mashhur bo‘lgan. Uning tariqati hozirgi Arab davlatlari, Turkiya va O‘zbekistonda tarqalgan. Abdulqodir Geloniy Movarounnahrda bo‘lgan emas, ammo shunga qaramay bu tariqatning Farg‘ona vodiysi, Samarqand, Qashqadaryo tomonlarda ixlosmandlari va izdoshlari bor.
YAssaviya – ulug‘ shayx va shoir Xoja Ahmad YAssaviy (vafoti 1166 yil) asos solgan tariqat. SHuni aytish kerakki, yassaviya bilan naqshbandiyaning ildizi Xoja YA’qub YUsuf Hamadoniyga (1048-1140) borib taqaladi. Ahmad YAssaviy ilk ustozi Arslonbobdan xirqa kiyib, tasavvuf yo‘liga kirgach, Buxoroga borib Xoja YUsuf Hamadoniydan tariqat ta’limini oladi. Abduxoliq G‘ijduvoniy bilan birga Hamadoniyning eng ishongan xalifasiga aylanadi. YUsuf Hamadoniy vafot etgach, uning o‘rniga uchinchi bo‘lib shayxlik maqomiga ko‘tariladi, ammo ko‘p o‘tmay Buxorodagi ishlarini birodari Abduxoliq G‘ijduvoniyga topshirib, o‘z vatani Turkistonga qaytadi va bu erda yangi tariqatni ta’sis etadi. Uning ko‘p sonli muridlari turkiy xalqlar orasida yurib, tasavvuf g‘oyalarini yoyganlar. YAssaviy ovoz chiqarib zikr aytish («zikri jahriya») va karomatlar ko‘rsatib murid tarbiyalash, xilvatda suhbat qilishni yo‘lga qo‘ygan.
Uning o‘zidan keyingi silsilasini quyidagi shayxlar davom ettirganlar: So‘fi Muhammad Donishmand, Sulaymon Boqirg‘oniy, Mansur bin Arslon bobo, Luqmon Paranda, Abdumalik Tojxoja, Ishoq bobo, Zangi ota bin Abdumalik, Said Xorazmiy, Xalil ota, Xoja Bektosh Valiy, Uzun Hasan, Sadr Xoja, Badr Xoja, Ahmad Sayyid, Kamol Iqoniy, Hazrati Bashir va boshqalar. YAssaviya tariqati hozirgi Markaziy Osiyo, Turkiya va Rossiya xududlarida tarqalgan.
Kubraviyaning asoschisi xorazmlik ulug‘ shayx Najmiddin Kubro (1145-1221)dir. U kishining ismi Ahmad, otasining ismi Umar bo‘lib, Najmiddin, Kubro, Valitarosh, Abuljannob so‘zlari u kishini sharaflovchi kunya va laqablardir. U kishi Misr, Eron, Iroq, SHom mamlakatlarini kezib, turli ilmlarni egallaganlar. SHayx Ro‘zbehon Vazzon, Bobo Faraj, SHayx YOsir Ammor, SHayx Ismoil al – Kasriylardan so‘fiylik sirini egallab, Xorazmga qaytib, xonaqo qurganlar. Juda ko‘p muridlari bo‘lgan. Najmiddin Kubro bir necha kitoblar ta’lif etgan, ularda inson va koinot, inson ruhiyati tadqiq etiladi. O‘ziga xos tariqat yo‘li («usuli ash’ora» – o‘nta usul) bayon etiladi. Najmiddin Kubro mug‘ul bosqichilariga qarshi jangda qahramonlarcha halok bo‘lgan, qabri Ko‘hna Urganchdadir. Kubraviyaning Eron, Pokiston, Afrikada tarqalgan, firdavsiya, nuriya, rukniya, hamadoniya kabi o‘ndan ortiq shoxobchalari bor.
Najmiddin Kubroning silsilasi:
Majdiddin Bag‘dodiy, Sayfiddin Boxarziy, Sa’diddin Hamaviy, Farididdin Attor, Raziaddin Axi Lolo, Najmiddin Doya, Badriddin Firdavsiy, Najmiddin Muhammad, Sadriddin Ibrohim, Aziziddin Nasafiy, SHayx Kamol Jundiy, Nuriddin Abdurahmon Isfahoniy, Rukniddin Ali ad – Davla as – Simnoniy.
Naqshbandiya Buxoroi sharifda shakllangan bo‘lib, dunyoning eng ko‘p tarqalgan tariqatidir. Asoschisi Bahovaddin Muhammad bin Burhon bin Muhammad al – Buxoriy (1318-1389). «Naqshband», «balogardon» ul zoti sharifning muborak sifatlaridir. Xoja YUsuf Hamadoniy, Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy, Xoja Orif Revgariy, Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy, Xoja Ali Rometaniy, Boboi Samosiy, Sayid Amir Kulol, Qusam SHayx, Xalil ota Bahovaddin Naqshband pirlari bo‘lsa, Alouddin Attor, Muhammad Porso, YA’qub, CHarxiy ul zotning peshqadam muridlari hisoblangan. Ulardan keyin naqshbandiya tariqatini Xoja Ahrori vali, Muhammad Zohid, Xoja Darvesh, Xoja Amkangiy, Ahmad Kosoniy, Eshoni Valixonlar davom ettirganlar. Ammo ushbu silsila tariqatning bu bir shoxobchasidir. Naqshbandiyaning Hindiston, Malayziya, Filippin, Eron, Pokiston, Afg‘oniston, Turkiya, Rossiyada yana ko‘plab tarmoq silsilalari bor. Hatto G‘arbiy Evropa va AQSHda tariqat tarafdorlari mavjud. Lekin shuni qayd etish kerakki, xorijda yashovchi «naqshbandiy»larning bir qismi asl Naqshband tariqatidan uzoqlashib qolganlar. Naqshband zikri xafiy (sokin zikr) tarafdori, u kishi suhbatni tarbiyaning asosiy quroliga aylantirib, xilvatnishinlikni ham, samou raqsni ham qabul qilmaganlar. Balki botiniy olamni rivojlantirish, shariatdan uzoqlashmasdan so‘fiylik maqomini egallashni talab qildilar. Naqshband hazratlari amal qilgan «safar dar vatan», «xilvat dar anjuman», «hush dar dam», «nazar dar qadam», «dil ba YOru dast ba kor» shiorlari odamni ham ma’naviy yuksalishga ko‘maklashadi va ham jamiyatda bahamjihat yashab o‘zaro bir-biriga yordam berish, mehnat, bunyodkorlik bilan yurtni obod qilishga safarbar etadi. Tasavvuf inson axloqini poklash, o‘zlikni tanish va saxovatpeshalik, ezgu amallarga o‘zini bag‘ishlash xislatini tarbiyalab keldi, Komil inson idealini bayroq qilib, odamlarni ruhiy-ma’naviy yuksalishga chorladi, qalblarga ilohiy ma’naviy nurini kiritishga intildi. SHu ma’noda bu muqaddas merosni hozirgi avlodga etkazish, to‘g‘ri talqin qilish muhim bo‘lib turibdi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
- Karimov Sh. Shamsiddinov R. Vatan tarixi. T.: 1997.
- Q.Usmonov O`zbekiston tarixi. T.: 2009.
- Hasanov A., Qadimgi Arabiston va ilk islom (1-kitob: Johiliya asri), T.:2021.
- Husniddinov 3., Islom: yoʻnalishlar, mazhablar, oqimlar, T., 2020
- Xusniddinov Z.M. Islom yo`nalishlari, mazhablari, oqimlari. T.: 2020
- Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi”. Davlat ilmiy nashriyoti.
- I.Karimov Yuksak ma-naviyat-yengilmas kuch T.: 2008
- Islom tarixi darsligi. T.:2022.
- Axmedov B.A. O`zbekiston tarixi manbalari T.: 2020