Xulq-xulq-atvor

Xulq-xulq-atvor, axloqshunoslik tushunchalaridan biri. Insonning fe’l-atvori bilan bog’liq axloqiy hodisa bo’lib, kishi fe’lining axloqiylik doirasida namoyon bo’lishi tushuniladi. Insonning axloqiy doirasidagi xatti-harakatlari xulqdan tashqari odob va axloqni o’z ichiga oladi. Odob inson haqida yoqimli taassurot uyg’otadigan, lekin oila, jamoa, jamiyat va insoniyat hayotida o’zgarish yasaydigan darajada ahamiyat kasb etmaydigan xatti-harakatlardan iborat bo’lsa, axloq muayyan jamiyat, zamon insoniyat tarixi uxhun ta’sir eta oladigan turli xatti-harakatlar majmui, insoniy kamolot darajasini belgilovchi ma’naviy hodisa. Xulq qamrovlilik jihatidan ana shu ikki hodisa o’rtasidagi xususiyatlarga ega; u odobdan keng, axloqdan tor ma’noga ega bo’lib, axloq singari jamiyat, zamon, tarix miqyosidagi voqelikka ta’sir ko’rsata olmaydi. Lekin oila, mehnat jamoasi, mahalla-ko’y doirasida sezilarli darajada ko’zga tashlanadi. Axloq o’zini ezgulik va yovuzlik, adolat, insonparvarlik, fidoiylik sinari ijtimoiylashgan tushunchalar va tamoyillarda namoyon qilsa, xulq yaxshilik va yomonlik, burch jo’mardlik, mehmondo’stlik kabi tushunchalarda aks etadi, odob esa kamtarlik, insoflilik, bosiqlik, halollik, rostgo’ylik va boshqa axloqiy me’yorlarda ifodalanadi. Sharq falsafasi va axloq ilmida mazkur axloqiy hodisa juda qat’iy chegaralangan bo’lmasada, bir-biridan qat’iy tarzda olib qaralgan. Yevropada esa xulq bilan axloq ko’p hollarda almashtiriladi yoki ular bir-biriga sinonim tushunchalar sifatida talqin etiladi. Xulq o’zicha, “sof” olingand mavhum axloqiy hodisa, u inson xatti-harakatlarida aniqlik kasb etadi; ijobiy xatti-harakatlarda namoyon bo’lishi-xushxulqlilik, salbiy a’mollardagi ko’rinishi – badxulqlilik deb ataladi. Xushxulq inson muloyim, shirinsuhan, mehribonlik bilan munosabatda bo’lsa, badxulq odam qo’pol, og’zi shaloq, bemehr bo’ladi.