SUBSIDIYA

SUBSIDIYA (lot. subsidium — yordam, nafaqa, qo’llab-quvvatlash) — davlat budjeti, maqalliy budjetlar mablag’lari yoki maxsus fondlardan jismoniy va yuridik shaxslarga, mahalliy organlarga, boshqa davlatlarga beriladigan pul mablag’i yoki natura shaklidagi yordam. Subsidiya davlat tomonidan qaytarib olmaslik sharti bilan ajratiladi. Subsidiyalar iqtisodiyotni diversifikatsiyalash (tarkiban o’zgartirish), eksport-importni muvozanatlab turish, fan-texnika yangiliklarini o’zlashtirishni yo’lga qo’yish, milliy sanoatni o’stirish, ayrim hududlarni rivojlantirish, konversiya va boshqa maqsadlarda ajratiladi. Jahon bozoridagi narxni ushlab turish uchun bozorga qo’shimcha tovarlarni chiqarmaslik zarur bo’lganda davlat o’z tovarlarini zaxiraga o’tkazib turgan firmalarga Subsidiya berib, tovarlarni saqlab turish xarajatlarini qoplaydi. Davlatning iqtisodiy dasturlarida ishtirok etadigan korxonalar ham Subsidiya oladi.