Vizildoq qo’ng’izlar
Vizildoq qo’ng’izlar (Carabidae) — yirtqich qo’ng’izlar kenja turkumi oilasi. Uzunligi 12-90 millimetr, tanasi odatda cho’ziq, mo’ylovlari ko’pincha ipsimon, oyoqlari uzun, yuguruvchan. Ustqanotlari ko’pincha choklar orqali o’zaro yopishib ketgan, ostqanotlari rivojlanmagan. Rangi aksariyat hollarda qora yoki qo’ng’ir, metallga o’xshash yaltiroq, iazan chipor. Ko’pchilik turlarida himoya suyuqligi ishlab chiqaradigan anal bezlari bo’ladi. Vizildoq qo’ng’izlar tuproqda va uning sirtida, ba’zan daraxtlar va ularning yog’och qismida, chumoli va termitlar uyalarida, g’orlarda hayot kechiradi. Ko’pchilik turlari tuproqda yashaydigan har xil umurtqasiz hayvonlar bilan oziqlanadi. Xususan, suluv qo’ng’izlar kapalaklarning qurtlari, asl vizildoqlar (Carabus) hasharotlar va mollyuskalar bilan oziqlanadi. O’simlikxo’r Vizildoq qo’ng’izlar ekinlarga, masalan, donxo’r Vizildoq qo’ng’izlar (Zabrus tenebrioides) bug’doyga ziyon keltiradi. Bir qancha Vizildoq qo’ng’izlar, masalan, to’pchilar qurtlari boshqa qo’ng’izlar g’umbagida ektoparazitlik qiladi. Bir yillik, ikki yillik, ba’zan uzoqroq Generatsiyaga ega. Vizildoq qo’ng’izlar ustida zoogeografik, geografik o’zgaruvchanlik va hayotiy formalari bo’yicha bir qancha tadqiqotlar olib borilgan. Vizildoq qo’ng’izlar mikroiqlim, tuproq va o’simlik qoplami sharoitining o’zgarishiga juda sezgir bo’lganidan bioindikator sifatida foydalaniladi. 30 mingdan ortiq turi shimoldan ekvatorgacha bo’lgan hududlarda tarqalgan, bir qancha turlari turli mamlakatlar Qizil kitobiga kiritilgan. O’zbekistonda 400 dan ortiq turi uchraydi.