Viskonsin
Viskonsin — AQShning shimoldagi shtat. Michigan va yuqori ko’llar oralig’idagi tekislikda joylashgan. Maydoni 145,4 ming km2. Aholisi 5 milliondan ziyod kishi (1990-yillar o’rtalari). Ma’muriy markazi — Madison shahri. Eng yirik shahri — Miluoki. Yanvaring o’rtacha temperaturasi — 6° dan — 13°gacha, iyulniki 18— 22°. Yiliga 750 mm yog’in yog’adi. Daryolari (Viskonsin, Chippeva, Blek-River) Missisipi havzasiga kiradi. Hududida 2 million gektardan ortiq aralash o’rmonlar bor. Iqtisodining muhim tarmog’i — qishloq xo’jalik yerining asosiy qismi o’tloq va yaylovlardan iborat. Makkajo’xori va yem- xashak o’tlari, bug’doy, tamaki, kartoshka va qand lavlagi ekiladi. Bog’dorchilik va polizchilik rivojlangan. Chorvachiligi sut yetishtirishga ixtisoslashgan. Sutli mahsulotlar ishlab chiqarishda yetakchi o’rinda. Qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlash, yog’ochsozlik, tsellyuloza-qog’oz, mebel ishlab chiqarish, mashinasozlik va metallsozlik, oziq-ovqat sanoati korxonalari bor. Rux rudasi qazib olinadi. Buyuk ko’llarda kema qatnaydi. Yuqori ko’l sohillarida kurort ko’p.