Vasnesov Viktor Mixaylovich

Vasnesov Viktor Mixaylovich [1848. 3(15).5, Lopya qishlog’i, hozirgi Kirov viloyati — 1926.23.7, Moskva) — rus rassomi, Peterburg Badiiy Akademiyasi haqiqiy a’zosi (1893). Peterburg Badiiy Akademiyasida ta’lim olgan (1868-75). 1880-yillardan milliy ta- rixiy mavzularda, ertaklar mazmuniga oid asarlar yaratdi. Epik asarlarida xalq g’oyalari va yuksak vatanparvarlik tuyg’ularini aks ettirishga intildi, qadimgi rus amaliy va bezak san’ati an’analarini rivojlantirdi: «Igor Svyatoslavichning qipchoqlar bilan jangidan so’ng» (1880), «Alyonushka» (1881), «Bo’riga mingan Shahzoda Ivan» (1889), «Bahodirlar» (1881-98), «Shoh Ivan Vasilevich Grozniy» (1897) va boshqalar. 1880— 90 yillardagi ishlari teatr bilan bog’liq, bu davrda yaratilgan asarlari rus teatr dekorasiyasi san’ati rivojiga kuchli ta’sir ko’rsatgan. Tarix muzeyi uchun «Tosh davri» mahobatli namoyonini yaratdi (1883-85), Kiyevdagi Vladimir sobori devoriy rasmlari (1885-96) 19-asr 2-yarmida inqirozga yuz tutgan an’anaviy cherkov mahobatli rang tasviri tizimiga ruhiy mazmun va jo’shqinlik kiritdi. Ko’plab portretlar yaratgan. Vasnesov rasmlari asosida cherkov va afsonaviy «tovuq oyog’idagi uycha» (1883, Abramsovoda) bunyod etilgan, Tretyakov galereyasi fasadi qurilgan (1902).