Vengerlar

Vengerlar (o’zlarini madyar deb atashadi) — xalq, Vengriyaning asosiy aholisi (9,95 million kishi). Ruminiya (1,86 million kishi), Slovakiya (580 ming kishi), Yugoslaviya (400 ming kishi), AQSh (600 ming kishi), Kanada (120 ming kishi) da ham yashaydilar. Umumiy soni 13,83 million kishi (1990-yillar o’rtalari). Venger tilida so’zlashadi. Dindorlari asosan katoliklar. Milodning boshlarida hozirgi Vengriya hududida kelt qabilalari, keyinchalik gotlar, gunnlar, avarlar, 6-asrdan boshlab slavyan qabilalari kelib joylasha boshlagan. 9-asr oxirida hozirgi Vengriyani tashkil etgan mintaqalarni turkiy ug’ir (ugor) larga mansub major (madyar) yoki xungar (Venger) ko’chmanchi chorvador qabilalari zabt etgan. Bu qabilalar dastlab Kama daryosining o’rta va quyi oqimi bo’ylarida yashab, so’ngra qora dengiz sohillariga ko’chib borishgan, u yerdan ularni bijanaqlar (pecheneglar) siqib chiqarishgan. 10-asrda tashkil topgan ilk Venger davlati (Vengriya qirolligi) doirasida madyarlar Dunaydagi slavyanlar va boshqa qabilalar bilan aralashib Venger elati tashkil topgan.