Vengriya fanlar akademiyasi
Vengriya fanlar akademiyasi — Vengriyaning oliy ilmiy muassasasi. 1825 yil tashkil etilgan. Budapesht shahrida joylashgan. 1949 yilgacha madaniy-ma’rifiy va nashr etish ishlari bilan shug’ullangan. 1949 yil qayta tashkil etilib, Vengriya Fanlar Akademiyasiga aylantirilgan. 1989 yildan Vengriya Respublikasi Fanlar Akademiyasi. Akademiya tarkibida turli fanlar bo’yicha bo’limlar mavjud. Akademiyada 180 dan ortiq akademik, 100 ga yaqin muxbir a’zo, 160 dan ziyod faxriy a’zo bor. Akademiya tarkibida 40 ga yaqin ilmiy tadqiqot instituti va ilmiy markaz ishlaydi. Akademiya bir qancha ilmiy jurnal va davriy nashrlar chiqaradi. Kutubxonasi (1826 yil tashkil etilgan) da 1 millionga yaqin asar saqlanadi.