Vertikal doira asbobi
Vertikal doira asbobi — osmon yoritqichlarining ufqdan balandligini, shuningdek kuzatuv joylarining geografik koordinatalarini o’lchash uchun ishlatiladigan astronomiya asbobi. Tuzilishi va ishlash usuliga ko’ra universal asbobga o’xshaydi. Vertikal doira asbobi gorizontal o’qqa o’rnatilgan optik truba va darajalarga bo’lingan doiradan iborat. Uni ikkinchi (vertikal) o’q atrofida istalgan vaziyatga burish mumkin. Bu asbobdan asosan yulduzlarning mutlaq kataloglari (jadvallari) ni tuzishda foydalaniladi. Vertikal doira asbobini yasash g’oyasini 19-asrda V. Ya. Struve o’rtaga tashlagan. 1962 yilda Leningraddagi Pulkovo rasadxonasida fotografik Vertikal doira asbobi yaratilgan, unda yoritqichlarni kuzatish jarayonlari deyarli avtomatlashtirilgan.