Vermikulitli beton

Vermikulitli beton — to’ldirgichi ko’pchigan vermikulit bo’lgan yengil beton. Bog’lovchi materiallar sifatida tsement, bitumlar, eriydigan shisha, sintetik smola va boshqalar ishlatiladi. Issiq saqlaydigan va konstruktsion-issiq saqlaydigan xillari bor. Issiq saqlaydigan (teploizolyatsion) Vermikulitli beton uchun eng yuqori temperatura 600° (bog’lovchisi tsement bo’lganda) va 150° (bog’lovchisi sintetik smola bo’lganda) hisoblanadi. Bunday Vermikulitli betondan plitalar, qobiqlar, segmentlar, bloklar tayyorlanadi, u sanoat jihozlari, katta suv va gaz quvurlarini issiqlik jihatdan izolyatsiyalash, to’suvchi qurilish konstruktsiyalarini issiq saqlaydigan qilish uchun ishlatiladi. Konstruktsion-issiq saqlaydigan Vermikulitli betondan devor panellari, orayopmalarning plitalari va boshqalar tayyorlanadi. Tsement yoki eriydigan shisha qo’shib tayyorlangan bunday Vermikulitli beton issiqbardosh bo’ladi va 800° gacha temperaturali sharoitda qo’llaniladi.