Vaqt paradoksi
Vaqt paradoksi — harakatlanayotgan jism yoki tizimdagi soatning tinch turgan tizimdagi soatdan «orqada qolib» yurishi. Vaqt paradoksi nisbiylik nazariyasidan kelib chiqadigan xulosalardan biri. Nisbiylik nazariyasiga binoan, har qanday harakatdagi jism yoki tizimda soatning yurishi sekinlashadi. Soat o’rniga ma’lum vaqt o’tishi bilan takrorlanib turuvchi ixtiyoriy davriy jarayonni tekshirishimiz mumkin. Harakatdagi tizimda ro’y beradigan barcha fizik, kimyoviy, biologik jarayonlar mos ravishda sekinlashadi. Masalan, egizaklardan biri katta tezlik bilan sayohat qilib qaytib kelgan bo’lsin, u holda shu egizak ikkinchi egizakka karaganda kam vaqt o’tkazadi, ya’ni sayohat natijasida «yasharadi». Vaqt haqidagi odatdagi inson tasavvuriga zid bo’lgan bu xulosa egizaklar paradoksi nomi bilan mashhur. Vaqt paradoksi soat paradoksi yoki Lanjeven paradoksi deb yuritiladi.