Xurshid

Xurshid (taxallusi; asl nomi Sharafiddinov Shamsiddin) (1892. 20.6 —Toshkent -1960.13.9) — shoir va dramaturg. O’zbekiston milliy musiqali drama teatri asoschilaridan biri. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1941). Toshkentdagi madrasalarning birida, so’ng rus-tuzem maktabida (1908-10) o’qigan. Otasi vafotidan keyin 1910 yilda o’qishni tashlab, Andijonga borgan va 1918 yilga qadar prikazchik bo’lib ishlagan. Xurshid Andijondalik paytida Qrim, Tatariston va Ozarbayjonda nashr etilgan gazeta va jurnallar bilan tanishgan. 1918 yilning yoz oylarida Toshkentga qaytib, o’qituvchilar tayyorlash 4 oylik kursida o’qigan, so’ngra «Behbudiy» va «namuna» maktablarida o’qituvchilik qilgan (191820). 1920 yildan boshlab eski shahar xalq maorif bo’limida xodim va Mannon Uyg’ur rahbarligidagi teatr truppasida suflyor, «Mushtum» jurnal tahririyatida texnik muharrir (1924— 26), Andijon viloyat teatri (1929— 33) va Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatrida (1933-48) adabiy emakdosh, til va adabiyot inti qoshidagi adabiyot muzeyida ilmiy xodim (194960). Xurshidning dastlabki she’rlari 1914 yilda «Turkiston viloyatining gazeti», «Sadoi Turkiston» gazetalari, «tarjimon», «Oyna» jurnallari va «Tuhfai xislat» bayozida (1914) «Xoib» taxallusi bilan e’lon qilingan. O’z she’rlarini jamlab, «Devoni Shohidiy» nomi bilan devon ham tuzgan (1912). Shoir keyinchalik «Mushtum» jurnalida bosilgan hajviy she’rlarida «o’jar», «tajang», «chayon» kabi taxalluslardan foydalangan. Xurshidning 1920 yildan keyingi ijodiy faoliyati asosan teatr bilan bog’liq. Xurshid dramaturg sifatida 20 ga yaqin katta va kichik hajmli pyesalar yaratgan. Ayniqa, M. Uyg’ur truppasi bilan hamkorlik qilgan yillarda «yomon o’rtoq», «tuganmas boylik», «kichik askar», «Buyuk askar» kabi sahna asarlarini yozgan. «Jadid, qadim» va «Juvonbozlik qurboni» pyesalari Xurshidning dramaturg sifatida muayyan tajriba hosil qilganidan darak berdi. Shundan keyin u o’zbek dramaturgiyasida birinchi marta Navoiy «Xamsa»siga kirgan dostonlar asosida musiqali dramalar yozishga kirishgan. Uning «Layli va Majnun» musiqali dramasi 1923 yilda, «Farhod va Shirin» musiqali dramasi esa 1926 yilda davlat namuna truppasi tomonidan sahnalashtirilgan. Xurshid keyinchalik bu 2 asarning ham musiqali teatr, ham opera teatri uchun bir necha nusxalarini yaratgan va bu asarlar respublika teatrlari sahnasida uzoq vaqt davomida muvaffaqiyat bilan namoyish etilgan. Xurshid, shuningdek, «qalin» (1930), «Siyovush» (Firdavsiyning «Shohnoma» asari asosida, 1945), «Oybonu» (1955) musiqali dramalarining ham muallifidir. Xurshidning musiqiy dramalar va opera librettolari uchun «Dugoh», «Segoh», «Chorgoh», «Ushshoq», «Bayot» singari xalq kuylariga moslab yozgan aksar qo’shiqlari o’zbek qo’shiqchilik san’atining mumtoz namunalariga aylangan va yetakchi hofizlar repertuaridan o’rin olgan. Xurshid o’zbek milliy jurnalistikasi, publisistikasining qaldirg’ochlaridan biri sifatida 20-asrning 10-20-yillarida gazeta va jurnallarda dolzarb mavzulardagi maqola, taqriz va feletonlar chop ettirib turgan. Xurshid til va adabiyot intida ishlagan paytida «Yusuf va Zulayho» dostonini, Munis va Ogahiy kabi shoirlarning asarlarini nashrga tayyorlagan. U badiiy tarjima bilan ham shug’ullanib, 20-yillarda noma’lum mualliflarning «Shahzoda va tilanchi», «avvali hoy, oxiri voy» asarlarini Ozarbayjon tilidan tarjima qilgan, 50-yillarda esa Hofiz Sheroziyning bir qancha asarlarini o’zbek tiliga o’girgan. Respublika hukumatining qarori bilan atoqli shoir va dramaturg Xurshid tavalludining 100 yilligi keng nishonlandi (1995). Toshkentdagi mahalla, ko’cha, maktab va kinoteatrlardan biriga Xurshid nomi berilgan. As: tanlangan asarlar, T., 1967. Ad.: Nasriddinov B., Xurshid, T., 1972; Nasriddinov B ., Xurshid. Hayoti va ijodi haqida monografik ocherk, T., 1975.