Xorazmiy
Xorazmiy, Abu Ja’far (Abu Abdulloh) Muhammad ibn Muso Al-Xorazmiy (783, Xiva — 850, Bag’dod) — o’rtaosiyolik buyuk matematik, astronom, geograf, fan tarixidagi ilk qomusiy olimlardan. Dastlabki ma’lumotni Xiva shahrida olgan va yetuk olim bo’lib shakllangan. Bunda Arab istilosidan so’ng muayyan darajada saqlanib qolgan qadimgi Xorazm fani an’analari asosiy rol o’ynagan. Xalifa Horun Arrashidning o’g’li va uning Xurosondagi voliysi alMa’mun huzuriga — Marvga taklif etilgan. 819 yilda Bag’dodni egallagan alMa’mun turkistonlik olimlardan Xorazmiy, Ahmad alFarg’oniy, Habash alHosib Marvaziy, Abul Abbos Javhariy va boshqalarni o’zi bilan olib ketib, o’ziga xos ilmiy jamoa tashkil etgan. Bu jamoa fan tarixidagi dastlabki rosmana akademiya deb qaraladigan ilmiy muassasa — «bayt ulhikmat» («donishmandlik uyi») ning o’zagini tashkil etgan. Bu akademiyada Xorazmiy yetakchi olim va ilmiy rahbar bo’lgan. U shu davrdan boshlab Bag’dodda alMa’mun (813 — 833), so’ng almo»tasim (833 842), alvosiq (842 -847) xalifaligi davrlarida yashab ijod etgan. Xorazmiyning bizgacha o’ntacha asari to’liq, qisman yoki ayrim parchalar tarzida etib kelgan. Shu asarlarning o’ziyoq ko’rsatadiki, Xorazmiy insoniyat tsivilizasiyasiga buyuk hissa qo’shgan olimdir. Amerikalik fan tarixchisi Jorj Sarton Xorazmiyni «o’z zamonasining eng buyuk matematigi, agar barcha holatlar e’tiborga olinsa, barcha zamonlarning eng buyuk matematiklaridan biri», deb baholagan. Bunday baho Xning matematika tarixida tutgan bekiyos o’rni tufaylidir. Miloddan avvalgi 6-asrdan milodiy 5-asrgacha ravnaq topgan yunon madaniyati 4-asrga kelib inqirozga yuz tutdi. 415 yilda yunon fanining xazinasi bo’lgan iskandariya kutubxonasi vayron qilinib, minglab kitoblar yoqib yuborildi. Natijada fan taraqqiyotdan to’xtab, xatto qo’lga kiritilgan yutuqlar ham unutila boshladi. 4 —8-asrlarda olis Xitoy va Hindistondagi ayrim olimlar faoliyatini hisobga olmaganda Konstantinopol (Vizantiya) va Gandishapurda (Eronning hozirgi Huziston viloyatida) jon saqlagan yunon olimlari, ayrim Suryoniy, yahudiy va nasroniy ruhoniylari omon qolgan yunoncha kitoblarni saqlash, tarjima qilish, sharxlar bitish bilangina shug’ullangan, diniy ehtiyojlar tufayli ayrim astronomik kuzatuvlargina olib borilgan. 9-asrda Arab xalifaligi kuchayib, uning poytaxti Bag’dod ulkan iqtisodiy-ijtimoiy markazga aylandi va bu yerga ilm ahli oqib kela boshladi. Alhajjoj ibn Matar alKufiy, Abu Zakariyya Yahyo ibn alBitrik, Hunayn ibn Ishoq, Qusta ibn Luqo alBaalbakiy va boshqa yunon olimlarining asarlarini, Muhammad alfazariy, Ya’kub ibn Tarik va boshqa olimlar hind tilidagi kitoblarni Arab tiliga tarjima qila boshladilar, Arab tilida dastlabki sharxlar bitildi. Lekin fan yangi marralarni egallashi uchun uni yangi rivojlanish bosqichiga ko’tarish lozim edi. Fan tarixchisi Adam Mes iborasi bilan «musulmon Renessansi» deb atalgan fan tarixidagi bu hodisa birinchi navbatda Xorazmiy nomi va ilmiy jasorati bilan bog’liq. Xorazmiy Bag’dodda yunon fanining yutuqlarini o’rganadi, hind va Eron manbalari, hatto bevosita Bobildan qolgan ayrim faktlar hamda Xitoy manbalari bilan ham tanishadi, ularni o’zining muhim kashfiyotlari bilan boyitadi va fan tarixida abadiy iz qoldirgan fundamental asarlar yaratadi. Shuning uchun Xorazmiy o’zigacha mavjud bo’lgan tsivilizatsiya merosini sintez qilib, boyitib jahonga yoygan fan dahosi hisoblanadi. Xorazmiy algebra faniga asos solgani, bu fan atamasi uning «kitob muxtasar min hisob aljabr valmuqobala» («Aljabr valmuqobala hisobi haqida qisqacha kitob») asari nomidan kelib chiqqani yaxshi ma’lum. Lekin ba’zan Xorazmiy faqat o’zidan avval ma’lum bo’lgan chiziqli va kvadrat tenglamalar yechish usulini tizimga solgan, degan nuqtai nazar uchraydi. Bu fikr Xorazmiy asari shu mavzudan boshlanganligi tufayli paydo bo’lgan. Holbuki, Xorazmiyning kitobi, birinchi navbatda, Algebraik hisobga bag’ishlangan. Bu shundan ham ko’rinadiki, kitob nomi ikki muhim algebraik amal — aljabr va almuqobala bilan atalgan. Xorazmiy algebraik amallarni, avval tenglamalarni echishda qanday qo’llanishini bayon etib, so’ng algebraik shakl almashtirishlariga o’tgan. Aks holda kitobning maqsadini tushunish qiyin bo’lar edi. Xorazmiy asari 12-asrning boshlarida kremonalik Gerardo, chesterlik Robert tomonidan lotinchaga tarjima qilingan, nomi qisqarib «aljebra» (frantsuz, ingliz tillarida), «algebra» (nemis, rus tillarida) deb atala boshlagan va fan nomiga aylanib ketgan. Uning muqaddimasida kitob nima maqsadda yozilgani bayon qilinadi: «men arifmetikaning oddiy va murakkab masalalarini o’z ichiga oluvchi «Aljabr valmuqobala hisobi haqida qisqacha kitob»ni ta’lik qildim, chunki meros taqsimlashda, vasiyatnoma tuzishda, mol taqsimlashda, Adliya ishlarida, savdoda va har qanday bitimlarda, shuningdek, yer o’lchashda, kanallar o’tkazishda, geometriyada va boshqa shunga o’xshash turli ishlarda kishilar uchun bu zarurdir». Kitob uch qism (kitob)dan iborat. Uning 15 bobli birinchi qismi «kitob almuxtasar filjabr valmuqobala» deb nomlangan va sof matematik faktlar bayoniga bag’ishlangan. Xususan, unda qadimgi Bobildan ma’lum bo’lgan birinchi va ikkinchi darajali tenglamalarni echish usullari bayon qilingan. Xorazmiy manfiy sonlardan foydalanmagani uchun tenglamalarni quyidagi ko’rinishda qaraydi: ax2=bx, ax1=c, bx=c, ax2+bx=c, ax2+c=bx, ax2=bx+c. (Ular hozirgi fan tilida birinchi va ikkinchi darajali tenglamalarning musbat sonlar yarim maydoni ustidagi kanonik ko’rinishlaridir). Xorazmiy har bir holda tenglamani yechish qoidalari hamda ularning qat’iy isbotlarini keltiradi. Isbot garchi tashqi ko’rinishda geometrik tilda bayon qilinsada, mohiyatan hozirgi algebraik isbot bilan mos tushadi. Kitobning keyingi bobida algebraik hisob, xususan, aljabr va muqobala amallari bayon qilinadi. Bu bobda «irratsionallik» tushunchasi kiritiladi, «ishoralar qoidasi» keltiriladi. Kitobning navbatdagi ikki bobi algebradan masalalar to’plami bo’lib, aljabr va muqobala amallari bilan echiladigan murakkabroq misollarga, «o’lchashlar haqida bob»i geometriyata bag’ishlangan. Unda shakllarning yuz va hajmlarini o’lchash qoidalari, Pifagor teoremasi va boshqa faktlar bayon qilingan. Bu bob hajm jihatdan kichik bo’lsa ham, o’sha davr amaliyoti uchun zarur bo’lgan ma’lumotlarni o’z ichiga olgan. Lekin muallif muqaddimada qayd etganidek, bu bobdan ko’zlangan asosiy maqsad geometriyani bayon qilish emas, balki algebra geometriyada ham qo’llanishini namoyish qilish bo’lgan. Masalan, uch tomoni berilgan uchburchakning balandligi algebra vositasida topilishi ko’rsatilgan. Kitobning qolgan ikki qismi «vasiyatlar kitobi» va «taqdir aylanishlari hisobi haqida» deb nomlanib, musulmon fiqhi bo’yicha, xususan, meros taqsimlashga oid masalalar algebra usullari bilan qanday hal etilishi ko’rsatilgan. Shunday qilib, «Aljabr valmuqobala hisobi haqida qisqacha kitob» algebra asoslari hamda algebrani amalda tatbiq etishga bag’ishlangan mukammal darslik bo’lgan. Tsivilizasiya taraqqiyotida sonlar va arifmetik amallar qanday o’rin tutishi ravshan, busiz jamiyat taraqqiyotini tasavvur qilib ham bo’lmaydi. Bugun umumbashariy madaniyatning eng oddiy unsuriga aylanib ketgan sonlarni o’nli sanoq sistemasida yozish va ular ustida arifmetik amallarni bajarish qoidalari Xorazmiyning «arifmetika» asari tufayli joriy bo’lgan. Gap shundaki, hind olimlari tomonidan kashf etilgan sonlarni o’nta raqam yordamida yozish usuli Xorazmiygacha ham yaqin Sharq olimlariga ma’lum edi. Lekin shunga qaramay hind hisobi keng yoyilmagan. Xorazmiyning buyuk xizmati shundaki, u o’nli sanoq sistemasining ahamiyatini birinchi bo’lib payqab, sodda va lo’nda uslubda bayon qilib bergan. Shu tufayli Xorazmiyning kitobi ham, o’nli sanoq sistemasi ham tez orada Sharqiy Turkistondan Ispaniyagacha bo’lgan hududdagi Musulmon dunyosiga, 12-asrdan boshlab Yevropaga tarqaldi. Shuning uchun Xorazmiyni butun insoniyatni arifmetikani o’rgatgan ustoz hisoblash mumkin. O’rta asrlarda matematika, astronomiya va boshqa fanlar sohasida yozilgan yuzlab olimlarning kitoblari orasida aynan Xorazmiy asarlari Sharqda ham, G’arbda ham eng ko’p tarqalgani va umuminsoniy taraqqiyotga eng ko’p hissa qo’shgani bilan ajralib turadi. Bunga Xorazmiy keng qo’llagan originalbayon uslubi sabab bo’lgan. Bu uslub tagida algoritm g’oyasi yotadi. Xorazmiyning bu g’oyasi zamonlar o’tishi bilan ko’proq ahamiyat kasb etib bormoqda va bugunga kelib jamiyat taraqqiyotining eng muhim omillaridan biriga aylandi — raqamli axborotni qayta ishlash shunga asoslanadi. Algoritm namunalari (masalan, Evklid algoritmi) yunon matematikasida uchraydi. Xorazmiy algoritmik mushohadaning qiyin va murakkab mavzularni bayon qilishdagi ahamiyatni to’g’ri baholab, uni o’z asarlarida muntazam ravishda qo’llagan, mushohada va bayon uslubiga aylantirgan. O’rta asrlarga kelib, Yevropada avval to’rt amalni bajarish qoidalari, so’ng umuman arifmetika, 18-asrdan har qanday qat’iy tartibdagi matematik qoidalar, 19-asrdan hisoblash mashinalari uchun dasturlar «algoritm» deb atala boshlagan. 20-asr o’rtalarida algoritm tushunchasi kompyuterlar fanining o’zak kontseptsiyasiga aylangan bo’lsa, asr oxirida u matematika va informatika doirasidan chiqib, barcha tabiiy fanlar va texnikada tafakkurning zaruriy unsuri — algoritmik mushohada qobiliyati darajasiga yetdi. Xorazmiyning nisbasi algoritm atamasiga aylangani tarixiy adolatdir. Xorazmiy «Arifmetika»si sonlar tabiati haqidagi umumiy mushohadalardan boshlanadi. So’ng istalgan butun musbat sonni o’nta raqam orqali yozish usuli, ya’ni o’nlik sanoq sistemasi va uning afzalliklari bayon qilinadi. So’ng bu sanoq sistemasida yozilgan sonlarni qo’shish, ayirish, ko’paytirish va bo’lish qoidalari bayon qilinib, misollar bilan tushuntiriladi. Shundan keyin Xorazmiy kasr sonlar haqida tushuncha beradi va ular ustida arifmetik amallarni oltmishli sanoq sistemasiga asoslanib bajarish qoidalarini aytadi. Kitob bosh qismining (uch yarimni sakkiz butun o’n birdan uchga ko’paytirish misoligacha) lotincha tarjimasi saqlangan, xolos. Tarixchilar asarning qolgan qismlari haqida bir fikrga kelolmagan. Tarjimalardan bir nusxasi «Magistr A. tomonidan tuzilgan Alxorazmiyning astronomiya san’atiga kirish kitobi» degan so’zlar bilan boshlanib, u 1143 yilda ko’chirilgan (Venada saqlanadi). Ikkinchi risolaning nusxalaridan biri ham shu davrga mansub bo’lib, ispaniyalik Yuxannoga tegishli (Parijda saqlanadi). Bu manbalarga ko’ra, Xorazmiy «Arifmetika»sining davomida sonlarni ikkilantirish, ikkilash (ya’ni ikkiga bo’lish) va kvadrat ildiz chiqarish amallari bayon qilingan. Mutaxassislar Milanda saqlanayotgan «alXorazmiyning butun kvadriviumiga muqaddima kitobi» qo’lyozmasiga asoslanib, Xorazmiy «Arifmetika»si aslida kvadrivium, ya’ni arifmetika, geometriya, astronomiya va musiqa qismlaridan iborat bo’lgan deb taxmin qilishadi. Bulardan tashqari, qadimgi qo’lyozmalarda Xorazmiyning «kitob aljam’valtafriq» («Qushish va ayirish kitobi») asariga tegishli deb ko’rsatilgan parchalar uchraydi. Bu faktga ko’ra, Xorazmiy arifmetikaga oid yana boshqa asarlar ham yozgan. Xorazmiyning fan taraqqiyotida chuqur iz qoldirgan yana bir asari «Zij»dir. U nazariy astronomiya va astronomik jadvallardan iborat bo’lib, Arabcha qo’lyozmalari saqlanmagan, Maslama almajritiy (10- asr) tomonidan qayta ishlangan variantning lotinchaga va yahudiychaga tarjimalari yetib kelgan. Xorazmiy «Zij»i o’rta asrlar fanidagi astronomiyaga oid dastlabki asar bo’lib, 37 bobdan iborat va 116 ta jadvalni o’z ichiga oladi. Unda turli taqvimlar, xronologiya, Quyosh, oy, sayyoralarning harakati, Burjlar va boshqalar haqida ma’lumotlar keltirilgan. Xususan, Quyosh va oy harakati tenglamalari va tutilish muddatlarini aniqlash qoidalari, sinuslar jadvallari, geografik nuqtalarni topish qoidalari beriladi. «Zij»da birinchi marta tangens funktsiyasi kiritilgan. Xorazmiy «Zij»i ham astronomiya va trigonometriyaning keyingi taraqqiyotida namuna vazifasini o’tagan. Xorazmiyning «kitob amal bilasturlobot» («astrolyabiyalar bilan amallar haqida kitob») asarida qadimgi va o’rta asr astronomiyasining asosiy kuzatuv asbobi bo’lgan astrolyabiya (Arabcha asturlob) yasash va undan foydalanish, osmon yoritqichlarining balandligi, Burjlarga kirish vaqti, bir kunlik harakati va ekliptik koordinatalari, geografik ob’yektlarning koordinatalari, yangi Oy chiqish muddatlarini aniqlash va boshqalar aniq va lo’nda qoidalar tarzida (algoritmik uslubda) bayon qilingan. Bundan tashqari, kitobda asr namozi vaqtini aniqlash, sinuskvadrant deb ataluvchi asboblar to’g’risida ham so’z boradi. Bu esa Xorazmiy ilmiy asbobsozlik bilan ham shug’ullanganligidan dalolat beradi. «Zaroif min amal Muhammad ibn Muso alXorazmiy Ma’rif assamtbilasturlob» («Muhammad ibn Muso alxorazmiyning astrolyabiya yordamida azimutni aniqlash bo’yicha amallaridan kelib chiqadigan Zarif fikrlar») nomli kichik asarida (qo’lyozmasi Istanbuldagi Ayo Sofiya kugubxonasida saqlanadi) astronomiyaning ikki masalasi — Quyosh Azimutini va meridian chizig’ini aniklash, Yerning o’sha davrda ma’lum qismi — oy-kumenaning yetti iqlimga bo’linishi, har bir iklim uchun burjlarning ko’tarilish vaqtlari to’g’risida ma’lumotlar keltirgan. «Quyosh soati tekisligida soat yasash» (Ayo Sofiya kugubxonasida saqlanadi) kitobida gorizontal tekislikda kuyosh soati yasash, ya’ni soyasi mil vazifasini o’tovchi plastinka — gnomon o’rnatish va soat shkalasini chizish qoidasi, gnomon soyasining shkaladagi holatiga qarab vaqtni aniqlash usuli bayon qilinadi. Gnomon soyasining uchi sirpanadigan chiziq — giperbolani yasashda qutb koordinatalari sistemasi qo’llangan va bu analitik geometriyaga oid dastlabki faktlardan hisoblanadi. Xorazmiyning «Yaxudiylar taqvimi va bayramlarini aniqlash haqida risola» (Hindistonning Patna shahrida saklanadi) asari olimning etnografiya bilan shug’ullanganidan dalolat beradi. Bu asarda yahudiy taqvimi, uni boshqa taqvimlarga o’tkazish qoidalari, yaxudiylar bayramlari va ularni taqvimda belgilash qoidalarini, ayrim muhim astronomik ma’lumotlarni beradi. Quyosh yilining uzunligi 365 kunu soat, ya’ni 365,242265 kunga teng ekanligi aytiladi. Bu o’z davri uchun juda aniq ma’lumot bo’lgan. Tarixchilar bu asar aslida Xorazmiyning etnografiya va taqvimlarga oid yirik asaridan ko’chirib olingan parcha bo’lishi kerak, deb taxmin qilishadi. Xorazmiy yunon olimi Ptolemeytshya keyin yashagan buyuk geograflaridan birinchisi sanaladi. Uning «surat alarz» asari (boshqa nomi «alxorazm geografiyasi», to’liq nomi Ptolemey taklif etgan «Geografiya» kitobidan Abu Ja’far Muhammad ibn Muso alXorazmiy taskin etgan er surati — shaharlar, tog’lar, dengizlar, orollar va daryolar kitobi») fan tarixidagi muhim manbalardan biridir. Kitob Ptolemeyning «Geografiya»si asosida yozilgan bo’lsada, shunchaki sharh emas, balki mustaqil asar hisoblanadi. Unda birinchi marta yer sirtini yetti iqlimga bo’lish ilmiy yondashuv bilan, iqlimlarning geografik kattaliklari asosida berilgan hamda 2402 geografik ob’yekt haqida ma’lumotlar, xususan, ularning kengligi va uzunligi keltirilgan (bu ma’lumotlarning ko’pchiligi Ptolemey «Geografiya» sida berilmagan). Xususan, Xorazmiy geografiya tarixida birinchi marta tinch okeanini tilga oladi. U o’zi yashagan joylardan juda uzoqdagi boshka ob’yektlar: Atlantika va Hind okeanlaridagi orollar, jumladan, Buyuk Britaniya, Irlandiya, Sarandib (Shri Lanka) joylashuvini to’g’ri tasvirlaydi. Kitobda tasvirlangan xaritalar xaritagrafiya tarixida muhim o’rin tutadi. Bu kitob 12-asrdayoq lotin tiliga tarjima qilingan va geografiya fani rivojlanishiga katta hissa qo’shgan. Xorazmiyning «kitob attarix» (Xorazmiy «Tarix»i) asarida Muhammad (as) hayoti bilan bog’liq sanalar, Islom tarixidagi muhorabalar, Quyosh tutilishlari, 713 yil 10 martda Antioxiya shahrida yuz bergan dahshatli zilzila, xalifalikdagi siyosiy hodisalar qayd etilgan. Afsuski, bu asar bizgacha yetib kelmagan. Lekin undan olingan ko’chirmalar juda ko’p tarixnavis olimlar (Beruniy, yoqut Rumiy, Ya’qubiy, Elias bar Shinoyi, Hamza Isfahoniy, atTabariy, almas’udiy va boshqalar) kitoblarida uchraydi. Bundan ko’rinadiki, Xorazmiyning «Tarix»i uz davrida mashhur bulgan va keng tarqalgan. Asar usha davrning boshqa tarixchilar yozgan kitoblaridan voqealarni aniq qayd etilishi bilan ajralib turadi. Ahmad alFarg’oniy astrolyabiyaga oid asarida Xorazmiyga tegishli sfera geometriyasi haqidagi asarni eslatadi, ammo u hozirgacha topilmagan. Xorazmiy fanning beshdan ortiq sohasini fundamental yangiliklari bilan boyitgani sababli fan tarixidagi ilk qomusiy olim deb sanalishga haqli. Xorazmiy boshlagan bu an’ana keyinchalik Ibn Sino, Beruniy, Leonardo da Vinchi, Leybnis, Lomonosov, Franklin kabi olimlar tomonidan davom ettirilgan. Xorazmiyning ilmiy merosiga qiziqish uning hayotlik davridayoq boshlangan. Zamondoshlaridan Ahmad alFarg’oniy, Xuttaliy va boshqalar uning asarlariga sharhlar yozishgan. Xorazmiy o’zining «Zij»ini yozishda xind «Sindhanta»lariga va Ptolemeyning «Almagest» asariga tayangan bulsa, «Algebra», «arifmetika»va boshqa asarlari batamom original asarlar sanaladi. Xorazmiy asarlarining mundarijasi, tuzilishi va bayon uslubi keyingi olimlar uchun namunaga aylanadi. Shu bilan birga uning ijodi fanning keyingi taraqqiyoti uchun muhim pogona vazifasini o’tadi. Masalan, Beruniy Xorazmiyning «Zij» iga atab uchta risola bitgan. Xorazmiy asarlari 12-asr boshidayoq Yevropa shaharlariga kirib borgani ma’lum. Kitoblarga ehtiyoj kuchayganidan so’ng ular lotinchaga tarjima qilingan. Xorazmiyning «Algebra», «arifmetika», «Geografiya»si va «Zij»i 16-asrgacha darslik vazifasini o’tagan. Xorazmiy asarlari o’sha davrlarda Hindistonga ham olib ketilgani haqida dalillar mavjud. 19-asr boshlarida Xorazmiy merosiga tarixiy nuqtai nazardan qiziqish boshlangan. Xorazmiy «Algebra»sini 1817 yilda K. Koulbruk qisman, 1831 yilda F. Rozen to’liq hajmda Londonda, 1838 yilda G. Libri Parijda chop ettiradi. Hozir bu asarning inglizcha (L.S. Karpinskiy, 1915 yil, AQSh), Arabcha (A.M. Musharrafa, 1939 y.), ruscha (Yu.X. Kopelevich, B.A. Rozenfeld, 1964 yil) va boshqa nashrlari mavjud. Xorazmiyning «arifmetika»sini birinchi marta B. Bonkompani Rimda (1857), K. Fogel Germaniyada (1963), A.P. Yushkevich Moskvada (1954) chop ettirishgan. Xorazmiy «Zij»ini o’rganishga ham katta e’tibor berilgan. Uni 1914 yilda N. Zuter, so’ng O. Neygebauer (1962), V.Millas, Golsteyn (1963) va boshqalar nashr qilishgan. 1919 yilda F. J. Videman «Astrolyabiya bilan amallar haqida kitob»ini nashr etdi. Xorazmiyning «Geografiya»si birinchi marta X. fon Mjik (1926) tomonidan chop etilgan. Olimning boshqa qo’lyozmalarini izlab topish, o’rganish, chop etish va tarjima qilish — matematika tarixi sohasining dolzarb muammolaridan bo’lib qolmoqda. 1983 yilda Xorazmiy tavalludining 1200 yilligi munosabati bilan uning barcha asarlari rus tilida (A.Axmedov, A.P.Yushkevich, B.A. Rozenfeld va boshqa tarjimalarida) hamda tanlangan asarlari o’zbek tilida (A. Axmedov tarjimasida) nashr etildi. Xorazmiy ilmiy merosini o’rganish va uning fan taraqqiyotiga qo’shgan hissasini targ’ib qilishda nomlari yuqorida zikr etilgan olimlardan tashqari J. Sarton, E.S. Kennedi, D. King (AQSh), S.A. Nallino (Italiya), X. Zemanek (Avstriya), A. Allar (Belgiya), R. Rashed (Frantsiya), S. Brokelman, D. Samploinius (Germaniya), M. M. Rojanskaya (Rossiya) va boshqa ham muhim hissa qo’shgan. O’zbekistonda Xorazmiy hayoti va faoliyati bilan birinchi bo’lib T.N. Qoriniyoziy qiziqqan. 1960-yillardan S.H. Sirojiddinov va G.P. Matvievskaya rahbarligida yaqin va O’rta Sharq fani tarixi, jumladan, Xorazmiy merosini o’rganish va dunyo miqyosida targ’ib qilish bo’yicha keng ko’lamda ilmiy tadqiqotlar boshlab yuborildi. 1983 yilda buyuk olim tavalludining 1200 yilligiga bag’ishlab o’tkazilgan xalqaro ilmiy anjuman (Moskva, Toshkent va Urganch shahrida) Xorazmiyning jahon tsivilizasiyasida tutgan o’rnini belgilashda muhim tadbir bo’ldi. Urganch davlat universiteti, O’zbekistonning turli joylarida ko’plab maktab va boshqa ob’yektlar Xorazmiy nomi bilan atalgan. As. Tanlangan asarlar, T., 1983; Matematicheskie traktati, T, 1964; Astronomicheskie traktati, T., 1983. Ad.: Sirajiddinov S. X., Matvievskaya G. P., Alxorezmi — vidayutshiysya matematik i astronom srednevekovya, M., 1983;Sale M. A., Muxammedalxorezmi — Velikiy uzbekskiy uchyoniy, T., 1954; Sale M. A., Ulug’o’zbekolimimuhamma dalxorazmiy, T., 1955; Abdurahmonov A., AlXorazmiy — buyuk matematik, T., 1983; Muxam mad ibn Musa alxorezmi. K 1200 letayu so dnya rojdeniya, M., 1983; Velikiy ucheniy srednevekovya alxorezmi, T., 1985; Bulgakov P.S, Rozenfeld B. A., Axmedov A. A., Muxammad alxorezmi, M., 1983. Abdulla A’zamov.