Xorazmshohlar davlati

Xorazmshohlar davlati — qadimgi davrdan 13-asr o’rtalariga qadar Xorazm hududida hukmronlik qilgan sulolalar (siyovushiylar, afrig’iylar, Ma’muniylar, oltintoshlar, Anushteginiylar). Xorazmshohlar davlatini Xorazmshohlar boshqargan. Markazi, asosan, Amudaryoning quyi oqimida joylashgan bo’lsa ham, rivojlangan davrlarida, ayniqsa, 13-asr boshlarida shimolda Kaspiy dengizining shimoliy sohillari, Janubda Hindukush tog’lari, Sharqda Qashqargacha etgan. Arxeologik ma’lumotlar Ko’zaliqir, Kuyqirilgan qal’a, Tuprotshal’a, Kat qal’alarini poytaxt shahar bo’lgan deb taxmin qilishga imkon beradi. Yozma manbalar Kat qal’asini afrig’iylar sulolasi vakillarining so’nggi qarorgohi bo’lganligini tasdiqlasa, Gurganj (Ko’hna Urganch) shahri. Ma’muniylar, oltintoshlar va anushteginiylar sulolasining poytaxti bo’lgan. Abu Rayhon Beruniy ma’lumotlariga qaraganda, Xorazmshoh unvonini olgan dastlabki sulola siyovushiylar hisoblanadi. Miloddan avvalgi 8-asrda shakllangan qadimgi Xorazm davlatida Axomaniylar va undan keyingi afrig’iylar sulolasi asoschisi Afrig’gacha (305 yil) bo’lgan Xorazmshohlar davlati haqida to’la va aniq ma’lumotlar yo’q. Beruniy bu haqda: «Siyovush ibn Kayxusravning Xorazmga kelishidan, Kayxusrav va uning naslining Xorazmda podshohlik qilishlaridan tarix oldilar. Shu vaqtda Kayxusrav Xorazmga ko’chib, turk podshoxlari (ustidan) hukmronligini yurgizgan edi», deb yozgan. Kayxusrav bilan Afrig’davri oralig’ida «Xorazmshoh» unvoniga sazovor bo’lgan shoxlardan bizga Kayxusrav (taxminan miloddan avvalgi 1200-1140 yil), Saksafar (taxminan miloddan avvalgi 519-517 yil), Farasman (taxminan miloddan avvalgi 329-320 yil), Xusrav (taxminan miloddan avvalgi 320 yil) nomlari ma’lum. Bu davrlarga oid arxeologik manbalar Xorazmshohlar davlatida sun’iy sug’orishga asoslangan dehqonchilik, savdosotiq ancha rivojlanganidan darak beradi. 1938-40, 1954-56 va 1965-75 yillardagi arxeologik-etnografik ekspeditsiyalar natijasida o’rganilgan yodgorliklardan topilgan moddiy-madaniy topilmalar Xorazmda ilm-fan, san’at, haykaltaroshlik yuksak darajada rivojlanganidan darak beradi. Bu yodgorliklarning yuqori qatlamlari va hozirgacha saqlanib qolgan qismlarining ko’pchiligi, asosan, afrig’iylar sulolasi davrida qurilgan. 3-asrda Xorazm hududida iqtisodiysiyosiy jihatdan mustaqil bo’lib olgan bir nechta hokimliklar vujudga kelgan. Tuproqqal’a saroyi zallarining birida boshiga toj kiygan va qo’liga burgut ushlagan podsho haykalining topilishi, shuningdek, Anqaqal’a yaqinida ham boshida toj, qo’lida burgut ushlagan kishi rasmi solingan tanganing topilishi va shu joyda zarb qilinganligi mahalliy sulola hokimiyati o’rnatilganligidan guvohlik beradi. Topilgan tangalarda lotin alif- bosidagi «S» harfiga o’xshash siyovushiylar tamg’asining borligi, bu sulola siyovushiylar avlodidan bo’lishi mumkinligini ko’rsatadi. Milodiy 3-asr o’rtalarida Kushon podsholigidagina emas, balki butun O’rta Sharqsa katta siyosiy o’zgarishlar ro’y beradi. Kushonlar sulolasi bilan bir vaqtda arshakiylarning hukmronligi yemiriladi. Xorazmda Kushonlar bilan kurash va ichki siyosiy larzalar qudratli mahalliy sulolani vujudga keltiradi. Bu sulola o’z tangalarini zarb qiladi va shaharlarda o’zlariga saroylar quradi. Shunday qilib, 3-asrda Xorazmda Kushonlar bilan kurashda g’olib chiqqan siyosiy guruh — afrig’iylar sulolasiga asos solinadi. Xorazm eftaliylar (5-asrning 2-yarmi — 6-asrning o’rtalari) davrida ham, turklar (6-asrning 2-yarmi — 7-asrning 1-yarmi) davrida ham o’zining siyosiy mustaqilligini saqlab qoldi. Vizantiyalik tarixchi Menandr, Xorazm 6-asrning 60-yillarida Vizantiya va turklar bilan diplomatik aloqalar olib borganligi to’g’risida to’liq bo’lmagan ma’lumot beradi. Arab manbalarida Xorazmning Arab lashkarboshilari Salim ibn ziyod va Umayya ibn Abdulloh tomonidan ikki marta bo’ysundirilganligi to’g’risida gapiriladi. Aslini olganda bu yerlarga ham Movarounnahr shaharlariga nisbatan qilinganidek, talontoroj yurishlari uyushtirilib turilgan. Faqat 8-asr boshidagina Xuroson noibi Qutayba ibn Muslim boshchiligidagi qo’shinlar Xorazmni uzil-kesil bosib oldilar. Qutayba xorazmliklarning tarixiy adabiyoti va madaniy merosini yaratgan va saqlab kelgan olimlarni qirib yuboradi va quvg’in qiladi. Shuning uchun ham, arablargacha bo’lgan Xorazmshohlar davlati tarixiga oid yetarli yozma manbalar uchramaydi. Arablarning shafqatsiz zulmi va quvg’iniga uchragan Xorazmshohning ukasi Xurzod tarafdorlaridan bir guruhi Bulon boshchiligida 712 yildan 730 yilgacha Xazar xosonligi hududlariga ko’chib, mustahkam o’rnashib, bu yerda ular armiya, davlatni boshqarish ishlarini o’z qo’llariga oldilar. Ular harbiy mavqelarini mustahkamlab, Kavkazda arablar egallagan yerlarga xavf sola boshlaydilar. Bu davrda Urganch voliysi va Xorazmshohlar davlati xalifalikka to’g’ridan-to’g’ri bo’ysunib, har qaysisi alohida-alohida xiroj to’lab turishgan. Xorazmshohlar davlati hukmdorlari o’z mavqelarini mustahkamlash uchun bir qancha tadbirlarni amalga oshirishgan. 751 yil Xorazmshoh Shaushfirning elchilari Xitoyga kelganligi haqida ma’lumotlar saqlanib qolgan. Kuchli larzalardan tushkunlikka uchragan Xorazmshohlar davlati 9-10-asrlarda Arab xalifaligining yemirilishi tufayli ketma-ket O’rta Osiyo va Sharqiy Eronda paydo bo’lgan yirik mustaqil davlatlar Tohiriylar, safforiylar va Somoniylar qo’l ostida bo’lgan. Tarixiy va arxeologik ma’lumotlarga qaraganda 10-asr oxirlarida Xorazm iqtisodiy jihatdan juda tez rivojlana boshlaydi. Bunga shaharlarning o’sishi dalil bo’la oladi. Agar, Tabariy 712 yilda Xorazmda uchta shahar bo’lganligini ko’rsatib o’tsa, Istaxriy 10-asr boshlarida Xorazmda shaharlar soni o’ntaga yetganligini ko’rsatadi. 985 yillarda esa, Makdisiyning yozishicha, Xorazmdagi shaharlarning soni o’ttiz ikkitaga yetgan. Arxeologik qazilma vaqtida topilgan kulolchilik mahsulotlari bu shaharlarda hunarmandchilik tez rivojlanganligidan darak beradi. Arab manbalariga qaraganda, 10— 11-asrlarda Xorazm yirik savdo markaziga aylangan. Xorazm savdogarlari, hozirgi Qozog’iston va Turkmaniston o’rnidagi dashtlarda yashovchi aholi bilan Volga bo’yidagi Xazariya va bulg’or podsholigi hamda Sharqiy Yevropadagi slavyan olami bilan keng ko’lamda savdo ayirboshlash ishlarini olib borgan. Sharqiy Yevropa savdoning o’sishi natijasida Xorazmshohlar davlatining shimoliy G’arb tomonidan eng chekka istehkomi bo’lgan Urganch Xorazmda bu savdoning birinchi ahamiyatga ega bo’lgan markaziga aylangan. «Hudud ulolam» muallifining ta’rificha, «Gurganj» qadimgi zamonda Xorazm mulklari jumlasiga kirgan shahar bo’lib, endilikda uning alohida podshosi bor. Shahar podshosini «Gurganj miri» deb ataydilar. Uning alohida bo’lib ajralib chiqishini — mamlakatning iqtisodiy jihatdan gurillab o’sishi, Volga bo’yi bilan bo’lgan savdo aloqalarining rivojlanishi hamda siyosiy tarixiy sharoit bilan bog’langan holda tushunish mumkin. 10-asrga oid yozma manbalarda qayd qilinishicha, xorazmliklar qo’shnilari o’g’uzlar bilan muvaffaqiyatli jang qilib turgan. Xorazmliklar Xazar xoqonligida muhim rol o’ynaganlar, xoqon qo’shinlaridagi asosiy qism ulardan iborat bo’lgan. 992 yil Somoniy Nuh ibn Nasr o’z poytaxti Buxorodan mahrum bo’lib, Amul (Chorjo’y) ga qochadi va shu yerdan turib istilochilarga qarshi kurashni uyushtirmoqchi bo’ladi. Xorazmning ikkala hokimi unga yordamga keladi. Nuh ularning ko’rsatgan yordami uchun Xurosondagi ikkita yirik mulkini taqdim qiladi: Xorazmshoh Abu Abdulloh Muhammadga Obivardni, Urganch amiri Ma’mun ibn Muhammadga Niso shahriini beradi. V. V. Bartold ko’rsatib o’tganidek, Nuh Xurosonning itoatsiz hokimi Abu Aliga qarama qarshi shunday ish qilgan edi. Shunisi qiziqki, Abu Ali Nisoni hech qanday qarshiliksiz Ma’munga topshiradi, lekin Abu Abdulloh yuborgan vakillarni Obivardga kiritishdan bosh tortadi. Gardiziyning hikoya qilishicha, isyonkor Abu Ali 995 yil bahorida Nuhning vassali va lashkarboshisi sifatida harakat qilgan Sabukteginning lashkarlaridan yengilgach, dastlab Rayga qochadi, so’ngra Nishopurga qaytishga harakat qiladi. Sabukteginning o’g’li Mahmudning qo’liga tushadi va uncha katta bo’lmagan guruh bilan Xorazmga Ma’munning panohiga qochadi. Lekin uni Xorazmshohning askarlari ushlab oladilar va katga keltiradilar. Bu voqea ikki Xorazm davlati o’rtasidagi kurashning uzil-kesil barham topishiga bahona bo’ladi. Ma’munning qo’shini Katni ishg’ol qilgan va ozod qilingan Abu Alini, Ma’mun Urganchda tantana bilan kutib olgan. Asir olingan so’nggi Afrig’iy ham shu yerga keltirilgan. Xorazmshohdar davlati: Xorazm davlatining o’rta asr yodgorliklari. 1. Qavat qal’a saroyi ichki devorlarining alebasterdan ishlangan bezaklari. 2. Qavat qal’a saroyining naqshinkor eshigidagi bezak. 3. Qavat qal’a va vohaning boshqa yodgorliklaridan topilgan tosh va sopol qozon parchalari. 4. Tegirmontosh parchalari (qavat qal’a). 5. Metalddan ishlangan bezaklar (Zmushxir). 6. Sopol idishlar (Norinjon). 7. Sirlangan sopol buyumlar (Zmuxshir). Ma’mun o’zining azaliy dushmanini qatl qilishga buyuradi. Xorazmning ikkala qismini o’z hokimiyati ostida birlashtirib, Xorazmshoh unvonini oladi. Shu tariqa 995 yilda afrig’iylar sulolasi barham topib, Ma’muniylar sulolasi hukmronligi boshlanadi. Bu davrdan boshlab Gurganj (ko’hna Urganch) Xorazmshohlar davlatining poytaxti bo’lib kelgan. Ma’muniylar sulolasida 3 ta shoh davlat hokimiyatini boshqargan: Ma’mun ibn Muhammad (995-997), Ali ibn ma’mun (997-999), Ma’mun ibn Ma’mun (999-1017). 10-asr oxiri — 11-asr boshlarida O’rta Osiyodagi og’ir siyosiy vaziyatga qaramasdan qisqa vaqt hukmronlik qilgan Ma’muniylar sulolasi Xorazmshohlar davlatini ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va madaniy jihatdan rivojlantirdi. Ma’muriy jihatdan bu davlat viloyatlarga, viloyatlar esa, shahar va qishloqlarga ajratilib boshqarilgan. Ular davrida Xorazmda davlat boshqaruvining ancha takomillashgan tizimi vujudga keldi. Xorazmshoh davlatning oliy hukmdori, hokimi mutlaq hisoblangan. Gurganjda shoh saroyi qoshida Markaziy boshqarma — devonxona tashkil etilib, uning tarkibida ziroat, savdo-tijorat, moliya, soliq ishlari, shahar va qishloqlarda osoyishtalikni saqlash, harbiy ishlar va boshqa davlat ahamiyatiga ega vazifalar bilan shug’ullanadigan mahkamalar bo’lgan. Saroyning eng yuqori lavozimlaridan biri vazirlik lavozimi bo’lib, u xo’jayibuzruk (bosh Xo’ja) unvoniga ega bo’lgan. U devonxona ishlariga javob bergan, katta safar paytida podsho nomidan davlatni idora qilgan. Ma’muniylar davrida Xorazmshohlar davlatida ilm-fan, madaniyat ravnaq topib, Xorazm Ma’mun Akademiyasi tashkil qilindi. Unda xizmat qilgan buyuk qomusiy olimlar, allomalar o’zlarining ajoyib kashfiyotlari va asarlari bilan Xorazmshohlar davlatining mavqeini o’z davri va keyingi davrlar uchun yuksak darajaga ko’tardilar. Biroq bu madaniy yuksalish uzoq davom etmadi. 1017 yilda Xorazm Mahmud G’aznaviy tomonidan zabt etildi. Shu bilan Ma’muniylar sulolasiga chek qo’yildi. Mahmud G’aznaviy o’z sarkardalaridan biri Oltintoshni Xorazmshoh lavozimiga tayinlaydi. Oltintoshlar sulolasidan ham 3 ta Xorazmshoh hukmronlik qilgan. Markaziy Osiyoda paydo bo’lgan Saljuq turklari bilan G’aznaviylar o’rtasida nizo chiqib, 1040 yilda Dandanakon shahri yonida ular o’rtasida qattiq janglar bo’lib, Saljuq turklari g’olib chiqadilar. Ular G’aznaviylar mulkini qo’lga kiritib, Xorazmni ham qaram qiladilar. Oltintoshlar sulolasining so’nggi vakillari Saljuqiylar qo’lida turli lavozimlarda xizmat qilganlar, lekin ularga Xorazmshoh unvoni berilmagan. Xorazmni 1040 yildan Saljuq sultonlari tomonidan tayinlangan hokimlar boshqargan. Ana shunday turk hokimlaridan biri anushteginiylar sulolasi asoschisi Anushtegin Garchoi (1077-97) edi. 1097 yilda Anushtegin vafotidan keyin Xuroson noibi dodbek Habashiy uning o’g’li Qutbiddin Muhammad (1097-1127)ni Xorazm noibi qilib tayinlab, unga Xorazmshoh unvonini beradi. Qutbiddin Muhammadning adolatli va sadoqatli xizmati evaziga Sulton Sanjar (111857) uning o’g’li otsiz (112756)ni Xorazm taxtiga tayinlaydi. Dastlab, Sulton Sanjarga sadoqat bilan xizmat qilgan Otsiz 1130-yillar oxirlarida Movarounnahrdagi siyosiy vaziyatdan foydalanib, mustaqil Xorazmshohlar davlatini tuzishga harakat qilib, uning bilan tinimsiz urush olib boradi. Otsiz vafotidan keyin taxtga o’tirgan el Arslon (1156-72) mahalliy hokimlar va qoraxitoylarga qarshi kurash olib bordi. Uning vorislari Sultonshoh Muhammad (1172) va Alouddin Takash (1172-1200) hokimiyat uchun 1193 yilga qadar o’zaro kurash olib bordilar. Takash o’z vorisi Muhammad Xorazmshohga (1200-20) markazlashgan mustahkam davlat va tashkiliy jihatdan qudratli qo’shinni meros qoldirgan bo’lsa, uning o’z so’zlari bilan aytganda, o’g’li Jaloliddin Manguberdi (1220-31)ga parokanda saltanatni meros qilib qoldirdi. 1231 yilda Jaloliddin Manguberdi vafoti bilan Xorazmshoh unvoni hamda saltanatni boshqargan sulolalar ham yakun topadi. Sulton Shohruxning Xorazmdagi noibi Amir Shohmalik (1413-26) umrining oxirigacha Xorazmshoh unvonini o’zida saqlagan. Shuningdek, uning o’g’li Nasriddin Sulton Ibrohimga ham meros tariqasida Xorazmshoh unvoni o’tgan. U Abulxayrxon tomonidan Xorazmdan quvilganiga qadar Xorazmshoh deb atalgan. Bundan keying Xorazm hukmdorlaridan hech biri bu unvonga ega bo’lmagan. 12-13-asr boshlari Xorazm davlatchiligining rivojlanishida muhim bosqich bo’ldi. Bu davrda Xorazmda anushteginiylar sulolasidan chiqqan hukmdorlar Otsiz, Takash va Sulton Muhammad Xorazmshohlar mamlakatni boshqarishning yanada mukammal tizimi, tartiboti va uslublarini yaratganlar. Saltanatning eng oliy lavozimi vazirlik bo’lib, ular Sadr, Xo’jayibuzruk va Nizomulmulk (mulkning tayanchi) unvonlari bilan yuritilgan. Vazir faqat oliy hukmdor oldida hisobdor bo’lgan. Saltanatning barcha amaldorlari va harbiy boshliqlar ham vazirga itoat qilganlar, uning oldida hisobdor bo’lganlar. Sulton Muhammad Xorazmshoh o’z podsholigining so’nggida saroyda yana bir oliy mahkama, ya’ni vakillar Kengashi nomi bilan yuritilgan davlat kengashi ta’sis etadi. Kengash ishida oliy hukmdordan boshqa yana tajribali, bilimli 6 ta vakil ishtirok etadi. Davlat kengashida eng dolzarb masalalar muhokama etilib, qarorlar ko’pchilik ovoz bilan qabul qilingan. Xorazmshohlar davlatida ulug’ Hojib, Amir oxur, Amir shikor, mutasarrif, toshtdor, qissador, davlatdor, farrosh, Amir ulalam kabi yuqori lavozimlar ham bo’lgan. Xorazmshohlar davlatida davlat hokimiyati markazlashgan va takomillashgan boshqaruv tizimiga ega bo’lgan. Mahalliy va Markaziy hokimiyatning keng vakolatli mahkamalari yordamida mamlakat idora qilingan. Davlatning mahalliy hokimiyat organlari Markaziy hokimiyatning kuchli nazorati ostida bo’lgan. Katta hududda markazlashgan yirik siyosiy birlikning vujudga kelishi tufayli davlatning siyosiy mavqei ortdi, unda hunarmandchilik va savdo-sotiq rivojlandi, shaharlar yuksaldi. Xo’jalikning turli sohalaridagi o’sish umumiy iqtisodiy va madaniy taraqqiyot uchun omil bo’ldi. Poytaxt Gurganj yirik siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazga aylandi. Shaharlar rivoji uchun savdo, ayniqsa, xalqaro savdo muhim o’rin tutgan. Xorazm davlatining savdo karvonlari nafaqat o’z hududi bo’ylabgina emas, balki undan tashqariga, Janubda Hindistonga, g’arbda Arabiston va Yevropaga qatnagan. Xorazmshohlar davlati tarkibiga kiritilgan hududlardagi bir qancha shaharlarda ilm-ma’rifat, madaniyat yuksaldi. Movarounnaxr, Xuroson, Fors, Ozarbayjon va Iroq o’lkalari o’rtasida madaniy aloqalar kuchaydi. Ushbu davrning taniqli olimlari jumlasiga Rashididdin Votvot, Ismoil Isfahoniy, Toqir Faryobiy, Abulfayz Axsikatiy, Sayfuddin Buxoriy, Abulmajid Jandiy, Ali Hijoziy, Ismoil Jurjoniy, Ali Xorazmiy, Abulhasan Xorazmiy, Najib Bakron, Maxmud alChag’miniy, Fariduddin attor, Shayx Najmiddin Kubro, Muhammad Axsikatiy, Abdulloh arRoziy, Mahmud Samarqandiy, Mas’ud Xo’jandiy, Mahmud Zamaxshariy, Abdulkarim as-Sam’oniy va boshqalarni kiritish mumkin. Ularning ijodiga nazar tashlar ekanmiz, o’sha davrda ilmfan ham tabiiy, ham ijtimoiy sohalar bo’yicha rivojlanganini ko’ramiz. Xorazmda hukmronlik qilgan sulolalar davri tarixi O’rta Osiyo xalqlari davlatchiligi va madaniyati tarixining ajralmas qismi hisoblanadi. Ad.: Tolstov S. P., Xorazm madaniyatini izlab, M., 1948; G’ulomov Ya., Xorazmning sug’orish tarixi, T., 1959; Abu Rayhon Beruniy, qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar, 1J., T., 1968; Shahobiddin Muhammad annasaviy, Sulton Jaloliddin Manguberdi hayoti tafsiloti, T., 1999; Oydin Tonariy, Jaloliddin Xorazmshoh va uning davri, T., 1999; Buniyodov Z., Anushtagin Xorazmshohlar davlati, T., 1998. Ne’mat Polvonov.