Xalqaro huquq
Xalqaro huquq — xalqaro muloqotdagi davlatlararo va boshqa qatnashuvchilar (sub’yektlar) o’rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi ommaviy yuridik printsshshar va normalar majmui. Davlat ichki huquqidan farqli ravishda Xalqaro huquq ob’yektda o’z mazmun-mohiyati jihatdan alohida davlat vakolatidan tashqariga chiquvchi xalqaro, aniqrog’i, davlatlararo munosabatlar hisoblanadi. Davlat ichki huquqidan farqpi ravishda Xalqaro huquq normalarini yaratish va bajarilishini ta’minlash bilan shug’ullanadigan qonun chiqaruvchi organlar yo’q. Xalqaro huquqning asosiy sub’ektlari davlatlar hisoblanadi. Ularning o’zaro kelishuvi bilan vujudga keladigan Xalqaro huquq normalari davlatlarning kelishilgan irodasini ifoda etadi. Xalqaro huquqning o’ziga xos xususiyati ana shundadir. Turli xalqaro shartnomalar, bitimlar, kelishuvlar, konventsiyalar, deklaratsiyalar, BMTning hujjatlari Xalqaro huquqning normativ bazasi hisoblanadi. Hozirgi zamon Xalqaro huquqi xalqaro ommaviy huquq va xalqaro xususiy huquqga bo’linadi. Xalqaro ommaviy huquq xalqaro munosabatlarda qatnashadigan davlatlar va boshqa sub’yektlarning o’zaro munosabatlarini huquqiy jihatdan tartibga soladi. Xalqaro xususiy huquq turli davlatlar fuqarolari hamda tashkilotlari o’rtasidagi mulkiy va boshqa munosabatlarni, ularning huquqiy holatini, yurisdiktsiyasini, yashab turgan davlat milliy qonunchiligini qo’llash tartibi va shartlariga doir munosabatlarni tartibga soladi. Xalqaro ommaviy huquq xalqaro shartnomalar huquqi, diplomatik va konsullik huquqi, xalqaro tashkilotlar huquqi, inson huquqlari bo’yicha xalqaro huquq, xalqaro iqtisodiy huquq, xalqaro ekologiya huquqi,xalqaro jinoyat huquqi, xalqaro dengiz huquqi, xalqaro havo huquqi, xalqaro kosmik huquq kabi sohalarni o’z ichiga oladi. Xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan tamoyillari bor. Ular Xalqaro huquqni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etuvchi universal majburiy me’yorlardir. Xalqaro huquqning aksariyat tamoyillari BMT Ustavining 2-moddasida bayon etilgan. Ular BMT Ustaviga muvofiq, davlatlar o’rtasida do’stona munosabatlar va hamkorlikka taalluqli Xalqaro huquq tamoyillari to’g’risidagi 1970 yil Deklaratsiyasida hamda Yevropa xavfsizlik va hamkorlik kengashi (EXHK)ning yakunlovchi hujjatida batafsil yoritib berilgan. Bular quyidagilardir: kuch ishlatmaslik va kuch bilan tahdid qilmaslik; xalqaro nizolarni tinch yo’l bilan hal etish; davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik; davlatlarning xalqaro hamkorligi; davlatlarning suveren tengligi; xalqlar va millatlarning o’z taqdirini o’zi belgilashi; davlatlarning xalqaro majburiyatlarini vijdonan bajarishi; chegaralar daxlsizligi; davlatlarning hududiy yaxlitligi; inson huquqlari va asosiy erkinliklarini hurmat qilishdir. Jahon hamjamiyati oldida turgan umumbashariy muammolarni hal etish zaruriyatini ifoda etuvchi yangi tamoyillar ham (masalan, atrof muhitni muhofaza qilish) shakllanmoqda. O’zbekiston Respublikasi davlat suverenitetini qo’lga kiritgach, xalqaro munosabatlarning to’la huquqli sub’yekti sifatida faoliyat yurita boshladi. O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida Xalqaro huquqning yuqorida ko’rsatilgan tamoyillarining aksariyati belgilab qo’yilib (17-modda), «xalqaro huquqning boshqa umum tan olingan tamoyil va me’yorlari»ni hurmatlash aytib o’tilgan. O’zbekiston Respublikasi xalqaro hamjamiyatning ana shu tamoyil va me’yorlariga izchil rioya qilmoqda, xalqaro shartnomalarni ishlab chiqish va qabul qilishda ishtirok etmoqda, ularni bajarmoqda, xalqaro tashkilotlar faoliyatida, jamoa xavfsizlik tizimlarida qatnashib kelmoqda. Dunyo davlatlari bilan bir qatorda yalpi va adolatli tinchlikni ta’minlash, o’zaro manfaatli hamkorlikni o’rnatish, insoniyat oldida turgan umumbashariy muammolarni hal etishda o’z hissasini qo’shmoqda. Zamonaviy Xalqaro huquqning asosiy tamoyillari «O’zbekiston Respublikasi tashqi siyosiy faoliyatining asosiy printsiplari to’g’risida»gi (1996 yil 26 dekabr) qonunda mustahkamlab qo’yilgan. Akmal Saidov.