Xubbi
Xubbi — zardushtiylikda suv tangrisi (muakkili) nomi. Etnografik manbalarga ko’ra, O’rta Osiyoda u Xubbi (Xorazm va Ohangaron vodiysi), Erxubbi (Farg’ona vodiysida) nomlari bilan kayd etiladi. U kemachi va baliqchilarning «homiysi va madadkori» hamda Daryoda g’arq bo’layotganlarning «xaloskori» hisoblangan. Mineral tuzlarga boy shifobaxsh chashmalar, dashtu biyobonlarda qazib ochiladigan quduqlarning zilol suvlari Xubbining mo’jizasi deb tushunilgan. Afsonalarda u navqiron Baliqchi yigit qiyofasida tasvirlanadi. U Daryoning «moliki» bo’lib, hayotlik chog’larida hamisha bedor turgan. Bunday davrlarda daryo toshqinlari suv halokatlari va qurg’oqchilik ofatlari, chanqoqlik azobu uqubatlari sodir bo’lmagan. Chunki o’sha davrlarda hech qanday yovuz kuch daryoga yaqinlasha olmagan. Xorazmning keksa darg’a va qayiqchilari Xubbini hamisha barhayot, Amudaryodek muqaddas daryoyi azimga doimo homiylik qiladi deb tushunganlar. Shu boisdan Xubbiga bo’lgan e’tiqod nihoyatda kuchli bo’lgan. Daryo, soylarning bahorgi va yozgi toshqinlari vaqtida xorazmlik va farg’onaliklar bilan bir qatorda Oxangaron vodiysida piskentlik, Oqqo’rg’onlik, to’ytepalik aholi ham Xubbi yoki Yerxubbidan madad so’rab unga iltijolar qilganlar. Ibodat vaqtlarida «Daryo o’z kanoridan oqsin!»; «toshkinlar sohillarni o’pirib ketmasin!»; «paykallarni suv bosmasin!», — deya Xubbiga iltijo qilib, fotihaga qo’l ochib duo qilganlar. Hatto xorazmliklar va qoraqalpoqlar farzandlarini Xubbiniyoz yoki Ubbiniyoz, Xubbiqul yoki Ubbiqul kabi ismlar bilan atab, ularni sharaflaganlar. Islomiyat davrida Xubbi timsoli Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali Hasan at-Termiziy (9-asr)ning «Jome’alulum» nomli asari orqali Islom adabiyotiga o’tib, «Xubbixoja» nomi bilan ta’rif qilinadi. Ad.: G’ulomov Ya., Xorazmningsug’orilish tarixi. Qadim zamonlardan hozirgacha, T., 1959.