Shakl yasalishi

Shakl yasalishi — so’zning u yoki bu grammatik ma’no ifodalovchi shaklining hosil qilinishi; shunday shaklning hosil bo’lishi. Masalan, o’zbek tilida Shakl yasalishining quyidagi usullari bor: analitik usul, sintetik usul. Shakl yasalishining analitik usuli yordamchi so’zlar vositasida amalga oshadi. Chunonchi, o’qib ko’rmoq, g’ovlab ketmoq, kun sayin so’z shakllari ko’r, ket, sayin yordamchilari vositasida yasalmoqda. Shakl yasalishining sintetik usuli maxsus shakl yasovchi affikslar vositasida amalga oshadi. Shakl yasovchi affikslar so’zning grammatik ma’no ifodalovchi shaklini yoki biror grammatik vazifaga xoslangan shaklini yasaydi. Bunday affikslar asosiy xususiyatlariga ko’ra 2 ga bo’linadi: 1) kategorial shakl yasovchi affikslar — ma’lum so’z turkumidagi biror grammatik kategoriyaga xos shakl yasaydi. Masalan, otlardagi ko’plik, egalik, kelishik shaklini yasovchi, fe’lning mayl, zamon, shaxsson, nisbat shaklini yasovchi, sifat va ravishlardagi daraja shaklini yasovchi affikslar kategorial shakl yasovchi affikslardir; 2) nokategorial (funktsional) shakl yasovchi affikslar — grammatik kategoriyaga oid bo’lmagan ma’noni ifodalovchi, ma’lum sintaktik vazifaga xoslangan so’z shaklini hosil kiladi. Masalan, otlar va olmoshlarga qo’shilib, xoslik ifodalovchi niki affiksi, otlardagi erkalash va kichraytirish, hurmat va o’xshatish shakllarini hosil qiluvchi cha, chak, choq, loq, xon, gina va boshqa affikslar, fe’lning sifatdosh, ravishdosh, harakat nomi shakllarini yasovchi affikslar (gan, gach, guncha va boshqalar) ana shu turdagi affikslardir. O’tgan asrning 80-yillarigacha bo’lgan O’zbekcha lingvistik adabiyotlarda so’z yasovchilardan boshqa affikslar shakl yasovchi va so’z o’zgartiruvchi affikslar tarzida 2 ga ajratilgan. Shakl yasalishi va shakl yasovchi affikslar morfologiyada o’rganiladi. Ad.: O’zbek tili grammatikasi, 1J., Morfologiya, T., 1975; hozirgi o’zbek adabiy tili, 1kism, T., 1980. Azim Hojiev.